23:00 / 31.03.2023
26939

2010 yilgacha berilgan “prava”sini almashtirishga ulgurmaganlar yangisini olish uchun qayta imtihon topshirmaydi

Yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasini o‘z vaqtida ololmagan fuqarolar jarimaga tortilmaydi.

Bugun – 2010 yilgacha olingan haydovchilik guvohnomalarini almashtirishning oxirgi muddati. Ertadan, ya’ni 1 apreldan boshlab ushbu turdagi guvohnomalar haqiqiy emas deb topiladi.

Adliya vazirligi Kun.uz so‘roviga javoban 2010 yilgacha bo‘lgan davrda guvohnoma olgan hamda hali yangisiga almashtirishga ulgurmagan fuqarolar soni 5500 tani tashkil etayotganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, yil oxirigacha yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasiga almashtiriladigan eski “prava”lar esa 279 mingta.

Chilonzor DXM direktori Jaloliddin Xolmurodovga ko‘ra, 1 apreldan keyin ham DXM yoki YHXXga borib 2010 yilgacha berilgan haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirsa bo‘ladi. Muddat o‘tgani uchun jarima undirilmaydi, qaytadan imtihon topshirish talab etilmaydi.

Avvalroq haydovchilar belgilangan muddatda almashtirilmagan haydovchilik guvohnomasi bilan mashina ruliga o‘tirish transport vositasini hujjatsiz boshqarish deb hisoblanishi va bu holat aniqlangan taqdirda YPX xodimlari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilishi haqida ma’lumot bergandik.

Qonunchilikda hujjatsiz mashina boshqarganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (ayni paytda 300 ming so‘m) miqdoridagi jarima ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalari va avtomototransport ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomalarni majburiy almashtirish muddati quyidagicha:

  • 2010 yilgacha bo‘lgan davrda berilganlari – 2023 yil 31 martgacha;
  • 2010 – 2012 yillarda berilganlari – 2023 yil 30 iyungacha;
  • 2013 – 2015 yillarda berilganlari – 2023 yil 30 sentabrgacha;
  • 2015 yildan keyin berilganlari – 2023 yil 31 dekabrgacha.
Top