“Faqat avtomobil boshqarsa jarimaga tortiladi” - eski “prava”larni 1 aprelgacha almashtirilmaslik oqibati haqida
Yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasini olib ulgurmaganlar 1 aprel va undan keyingi sanalarda muddati o‘tgan “prava”sini yangisiga almashtirishi mumkin, bu jarayonda fuqarodan hech qanday jarima undirilmaydi.
31 mart kuni eski guvohnomalarni almashtirishning birinchi bosqichi yakunlanadi. 1 apreldan boshlab 2010 yilgacha berilgan eski “prava”lar haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Qonunchilikka ko‘ra bunday hujjat bilan mashina boshqarish mumkin emas va buning uchun MJtKning 135-moddasida ma’muriy javobgarlik (bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (ayni paytda 300 ming so‘m) miqdoridagi jarima) ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, 30 mart holatiga 2010 yilgacha berilgan eski “prava”larning aksariyati yangisiga almashtirilgan. Faqatgina ishlash, o‘qish va boshqa maqsadlarda xorijda qolayotgan ayrim fuqarolarning haydovchilik guvohnomalari almashtirilmasdan qolmoqda.
Deylik, fuqaro 31 martgacha “prava”sini almashtirishga ulgurmadi. U mashina boshqarmasdan 1 apreldan keyin ham DXM yoki YHXXga borib haydovchilik guvohnomasini bemalol yangisiga almashtira oladimi? Belgilangan muddatdan o‘tib borgani uchun jarima to‘laydimi yoki yo‘q?
IIV YHXXning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, basharti haydovchilar eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtira olmaganda, agar ular muddati o‘tgan hujjat bilan avtomobil boshqarishmasa, ularga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanmaydi. Ular 1 aprel va undan keyingi sanalarda ham Davlat xizmatlari markazi yoki tuman YHXBga borib muddati o‘tgan “prava”larini yangisiga almashtirishlari mumkin, bu jarayonda fuqarodan hech qanday jarima undirilmaydi.
Vaqtida almashtirilmagan haydovchilik guvohnoma bilan mashina ruliga o‘tirish transport vositasini hujjatsiz boshqarish deb hisoblanadi va bu holat aniqlangan taqdirda YPX xodimlari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Avvalroq Adliya vazirligi 15 mart holatiga 2010 yilgacha berilgan guvohnomalarni yangisiga almashtirish lozim bo‘lganlar soni 200 mingdan ortiqni, 2010–2012-yillarda berilgan guvohnomalarni yangisiga almashtirish lozim bo‘lganlar soni 100 mingdan ortiqni, 2013–2015-yillarda berilgan guvohnomalarni yangisiga almashtirish lozim bo‘lganlar soni 150 mingdan ortiqni, 2015 yildan keyin berilgan guvohnomalarni yangisiga almashtirish lozim bo‘lganlar soni 150 mingdan ortiqni tashkil qilayotganini bildirgandi.
Eslatib o‘tamiz, eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalari va avtomototransport ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalarni majburiy almashtirish muddati quyidagicha:
- 2010 yilgacha bo‘lgan davrda berilganlari – 2023 yil 31 martgacha;
- 2010 – 2012-yillarda berilganlari – 2023 yil 30 iyungacha;
- 2013 – 2015-yillarda berilganlari – 2023 yil 30 sentabrgacha;
- 2015 yildan keyin berilganlari – 2023 yil 31 dekabrgacha.
Mavzuga oid
17:03 / 15.12.2024
Buxoroda haydovchi mast holda avtobus boshqarib, odam tashiyotganda ushlandi
13:39 / 08.12.2024
Avtohalokat tufayli kelib chiqqan mojaro bir inson umriga zomin bo‘ldi
10:06 / 24.11.2024
Halollik mukofoti: yo‘ldan topilgan 5 ming dollarni egasiga qaytargan haydovchi haqida hikoya
18:44 / 12.11.2024