1 iyuldan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?
Kun.uz sayti o‘z an'anasiga muvofiq 2021 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.
Minimal pensiya va nafaqalar miqdori oshiriladi
Prezident farmoni bilan 2021 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekistonda minimal pensiya va nafaqalar miqdori oshiriladi.
Patentlar, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ro‘yxatga olish, jamoat transporti harakatiga oid ma'lumotlar onlayn rejimda joylashtirib boriladi
Prezident farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma'lumotlar portalida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirish, patentlar, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ro‘yxatga olish, jamoat transporti harakati, yer resurslaridan foydalanish va boshqa umumfoydalanishdagi statistik ma'lumotlar onlayn rejimda joylashtirib borilishi ta'minlanadi.
Davlat tashkilotlari rahbar va xodimlarining semizlik darajasi, vazn indeksi reyting asosida tahlil qilinadi hamda natijalari onlayn kuzatib boriladi
Prezident farmoniga binoan vazirlik, idora, korxona, tashkilot, mahalliy davlat hokimiyati organlarida faoliyat olib borayotgan rahbar va xodimlarning antropometrik ko‘rsatkichlarini (semizlik darajasi, vazn indeksi), boshqa o‘tkir kasalliklarni keskin kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash baholash mezonlarini ishlab chiqib, reyting asosida tahlil qilish hamda natijalarni onlayn kuzatib borish tizimi joriy etiladi.
O‘rta tibbiyot mutaxassislariga «hamshiralik ishi» bilan mustaqil shug‘ullanish uchun o‘zini o‘zi band qilish asosida faoliyat yuritishga ruxsat beriladi
Prezident farmoniga ko‘ra, aholi salomatligini mustahkamlash va ijtimoiy himoyani kuchaytirish maqsadida 2021 yil 1 iyuldan boshlab o‘rta tibbiyot mutaxassislariga «hamshiralik ishi» bilan mustaqil shug‘ullanish uchun o‘zini o‘zi band qilish asosida faoliyat yuritishga ruxsat beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasi xodimlarining lavozim maoshiga 20 foiz miqdorda oylik ustama belgilanadi
Prezident qaroriga asosan:
- Qo‘riqlash bosh boshqarmasi xodimlariga har oyda ularning lavozim maoshiga 20 foiz miqdorda oylik ustama belgilanadi;
- Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra Qo‘riqlash bosh boshqarmasi ishchi va xizmatchilarining lavozim maoshlarini belgilashda tarif koeffitsiyentlari o‘rtacha ikki baravargacha oshirilgan miqdorda qo‘llanadi.
Soliq to‘lovchilarning hisobini yuritishda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamidan foydalanishga o‘tiladi
Coliq organlarida soliq to‘lovchilarning hisobini yuritishda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamidan foydalangan holda amalga oshirishga o‘tiladi. Bunda soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini berish va fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish bekor qilinadi.
Davlat ishtirokidagi korxonalarda kuzatuv kengashi, ichki audit xizmati, kuzatuv kengashi tarkibida audit qo‘mitasi tashkil etiladi
Hukumat qaroriga binoan 2021 yil 1 iyundan boshlab:
- davlat ishtirokidagi korxonalarda kuzatuv kengashi, ichki audit xizmati, kuzatuv kengashi tarkibida audit qo‘mitasi tashkil etiladi;
- davlat ishtirokidagi korxonalar ijro etuvchi organining hisoboti har chorakda kamida bir marta kuzatuv kengashining majlislarida, shu jumladan, video-konferens-aloqa tizimi orqali va elektron ovoz (e-VOTE) berish yo‘li bilan o‘tkaziladigan majlislarda eshitiladi;
- aksiyalari fond birjasining birja kotirovkasi varag‘iga (listingga) kiritilgan va davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarida «muvofiqlik tizimi» (komplayens) xizmati tashkil etiladi.
Yangi quriladigan, savdo maydoni 15 ming kvadrat metrdan ortiq savdo-ko‘ngilochar komplekslarida kinoteatr tashkil etish majburiy bo‘ladi
Kinoteatrlar tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida Prezident farmoniga asosan 2021 yil 1 iyuldan boshlab yangi quriladigan savdo maydoni 15 ming kvadrat metrdan ortiq savdo-ko‘ngilochar komplekslarida jami o‘rindiqlar soni 300 tadan va kinozallari soni 4 tadan kam bo‘lmagan kinoteatr tashkil etish majburiy hisoblanadi.
Davlat organlarida xizmat avtotransport vositalarining davlat raqami belgilari yangi ko‘rinishda joriy etiladi
Hukumat qarori bilan davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarining yangi tipi joriy etiladi.
Aholiga sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish qamrovini kengaytirish uchun 10 mingta o‘rta tibbiyot xodimlari shtatlari ajratiladi
Prezident farmoniga muvofiq, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda «tibbiyot brigadalari» faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari tomonidan aholiga yanada sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish qamrovini kengaytirish uchun 2021 yil 1 iyuldan boshlab 10 mingta o‘rta tibbiyot xodimlari shtatlari ajratiladi.
Davlat organlarida o‘qituvchi jalb qilib, xodimlarni xorijiy tilga o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi
Prezident qaroriga binoan davlat organlarida ta'lim tashkilotlari o‘qituvchilarini shartnoma asosida jalb qilib, haftada kamida bir marotaba xodimlarni xorijiy tilga o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Bemorlarning gematologiya va onkologiyaga ixtisoslashtirilgan davlat tibbiyot muassasalari yo‘llanmalari asosida tomografiya tekshiruvidan o‘tishi bilan bog‘liq xarajatlari qoplab beriladi
Prezident qaroriga asosan 1 iyuldan boshlab:
- gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya, transfuziologiya va shu sohadagi laboratoriya yo‘nalishlari bo‘yicha yosh mutaxassislarning xorijdagi yetakchi ilmiy va tibbiyot markazlari ish joylarida malaka oshirishi va stajirovka o‘tashi bilan bog‘liq xarajatlar Davlat budjeti hamda Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab beriladi;
- bemorlarning onkologiya va gematologiyaga ixtisoslashtirilgan davlat tibbiyot muassasalari yo‘llanmalari asosida pozitron-emission tomografiya tekshiruvidan o‘tishi bilan bog‘liq xarajatlari Davlat budjetidan qoplanadi;
- onkologik va gematologik bemorlarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga temir yo‘l va aviatransport vositalari orqali kelishi bilan bog‘liq xarajatlar tegishli mahalliy budjetlar mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab beriladi.
Tuman (shahar)lar budjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 30 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltiriladi
Budjet mablag‘larini taqsimlashda tuman (shahar)lar budjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 30 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltiriladi. Shuningdek, ushbu jarayon natijalari veb-saytlarda e'lon qilib boriladi.
Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlariga bir qator yengilliklar beriladi
Prezident qaroriga asosan 1 iyuldan boshlab:
- oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlariga mavjud quvvatiga qarab 50 nafargacha bolani tarbiyalashga hamda tarbiyalanuvchilar sonidan kelib chiqib 4 nafargacha tarbiyachi va yordamchilarni yollashga ruxsat beriladi;
- oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari tomonidan yollangan (Toshkent shahri, Nukus shahri va viloyatlar markazlarida — 2 nafargacha, boshqa hududlarda — 4 nafargacha) tarbiyachi va yordamchilarga tegishli toifa bo‘yicha qisqa muddatli yoki 9 soatlik davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlarida va hajmlarda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ish haqi to‘lanadi;
- oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari hududiy maktabgacha ta'lim boshqarmalari orqali o‘quv materiallari bilan bepul ta'minlanadi.
Parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga soliq imtiyozi beriladi
Prezident qarori bilan 2021 yil 1 iyuldan 2024 yil 1 iyulga qadar asosiy faoliyat turi parrandachilik bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari uchun ularning asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qo‘llaniladi.
Shaffoflikni ta'minlash doirasida bir qator ma'lumotlarni ochiq e'lon qilish yo‘lga qo‘yiladi
Prezident farmoniga asosan quyidagilar to‘g‘risidagi ma'lumotlar O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma'lumotlar portaliga (keyingi o‘rinlarda — Portal) va o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirilib, har chorakda yangilab boriladi:
- amalga oshirilgan davlat xaridlari, shu jumladan, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar);
- mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari (xizmat safarining yoki tashrifning maqsadi, sutkalik pul, transport va yashash bilan bog‘liq xarajatlar, bundan davlat sirlari va xizmatda foydalanish uchun mo‘ljallangan ma'lumotlar mustasno);
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar, shu jumladan, individual imtiyozlar berilgan sub'yektlarning benefitsiarlari (yakuniy manfaatdor jismoniy shaxslari), ular tomonidan to‘langan soliqlar va moliyaviy ko‘rsatkichlar;
- o‘zlarining yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi, shu jumladan, obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash ishlari, avtomototransport vositalarini sotib olish xarajatlari.
Mavzuga oid
13:12 / 26.12.2024
Elektron brasletli bo‘ladigan mahkumlar, maoshi oshadigan madaniyatchilar va yovvoyi hayvonlarga “erkinlik” – 1 yanvardan nimalar o‘zgaradi?
16:14 / 27.11.2024
Migrantlar uchun imkoniyat, ishga tushayotgan ijtimoiy kartalar va «Majburiyatlar reyestri» – 1 dekabrdan nimalar o‘zgaradi?
13:59 / 29.10.2024
Kambag‘allikni qisqartirishda yangi dastur, zargarlik buyumlari importida yengillik va chiqindi qarzdorligi uchun “jazo” – 1 noyabrdan nimalar o‘zgaradi?
14:36 / 28.09.2024