O‘zbekiston | 08:26 / 25.06.2021
67643
4 daqiqa o‘qiladi

1 iyuldan pensiya ta'minoti sohasida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Iyul oyidan boshlab O‘zbekistonda minimal pensiya va nafaqalar miqdori oshirilmoqda.

Foto: KUN.UZ

Prezident farmoni bilan 2021 yil 1 iyuldan boshlab pensiya ta'minoti sohasiga bir qancha o‘zgarishlar kiritildi.

Xususan, belgilangan yoshga doir eng kam pensiya va undan kam pensiya oluvchi shaxslarga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi hisobida qo‘shimcha to‘lov joriy etiladi. Ya'ni bugungi kunda belgilangan eng kam yoshga doir pensiya miqdori 513 ming 350 so‘m va undan kam pensiya oluvchilarning barchasiga pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi hisobida mablag‘lar qo‘shib to‘lab beriladi.

Shuningdek, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalarning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda 256 ming 675 so‘mdan 400 ming so‘mga oshiriladi.

Amalda to‘liqsiz yoshga doir pensiyaning minimal miqdori belgilangan eng kam yoshga doir pensiyaning 50 foizidan yuqori miqdorda tayinlanadi. Mazkur pensiya 400 ming so‘m qilib belgilandi.

Yoshga doir eng kam miqdordan 565 ming so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik bo‘yicha pensiyalari 565 ming so‘mga yetkaziladi. Pensiya tayinlash uchun talab etiladigan ish stajiga (ayollar uchun 20 yil, erkaklar uchun 25 yil) ega bo‘lgan hamda bugungi kunda 513 ming 350 so‘mdan 564 ming 999 so‘mgacha pensiya oluvchi shaxslarning pensiyalari 565 ming so‘mga oshiriladi.

Hujjat bilan zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori 315 ming 30 so‘mdan 400 ming so‘mga yetkaziladi.

Bunda I guruh bo‘yicha nogironlik nafaqasi miqdori 430 ming 647 so‘mdan 465 ming 618 so‘mga oshiriladi.

Shu bilan birga, boquvchisini yo‘qotganlik:

  • pensiyasi oluvchilarning har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a'zosi uchun qo‘shimcha to‘lov joriy etiladi;
  • pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a'zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori 256 ming 675 so‘mdan 400 ming so‘mga oshiriladi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a'zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi;
  • nafaqasi oluvchi oilalarning barcha a'zolarini qamrab olish maqsadida ularning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a'zosi uchun nafaqa miqdori 400 ming so‘m va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a'zosi uchun 150 ming so‘mdan qo‘shiladi.

Shu bilan birga, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a'zosi uchun 400 ming so‘mdan kam nafaqa tayinlanib to‘lanayotgan bo‘lsa, uning nafaqa miqdori 400 ming so‘mga yetkaziladi va qolgan barcha mehnatga qobiliyatsiz oila a'zosi uchun 150 ming so‘mdan nafaqa tayinlanadi.

Farmon asosida bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa oyiga 513 ming 350 so‘mdan 565 ming so‘mga oshiriladi.

Mavzuga oid