O‘zbekiston | 17:40 / 29.06.2019
13359
4 daqiqa o‘qiladi

Eski tramvay yo‘llarini ta'mirlash uchun «Avtoyo‘l» pul olgan, ammo ishlarni bajarmagan

Toshkent shahar hokimligi rasmiylarining ma'lum qilishicha, shaharning eski tramvay yo‘llarini ta'mirlash ishlariga 3 yil avval mablag‘ ajratilgan, biroq ishlar tugallanmagan, yo‘llar foydalanishga topshirilmagan. Shu bilan birga, ushbu ta'mirlash ishlari uchun mas'ullarga hech qanday chora ko‘rilmagan. Kun.uz muxbiri hokimlikda tashkil etilgan matbuot anjumanida avvalgi tramvay yo‘llari ta'miriga doir savol bilan  murojaat qildi. 

-  Toshkentda tramvay yo‘llari olib tashlangach, ayniqsa, avvalgi 17, 9-tramvay yo‘llari o‘tgan yo‘l qismlari ta'mirlanib, foydalanishga topshirilganmi yoki foydalanishga topshirilmaganmi? Chunki, misol uchun, Lutfiy ko‘chasini oldingi Chilonzor Oqtepa maydoni bilan bog‘lovchi yo‘llarda yo‘llar ta'miri chala qolgani yaqqol ko‘rinib turadi. 

«Davlat rahbari Uchtepa tumaniga tashrifidan so‘ng, juda katta dastur qabul qilindi. Tumanning barcha yirik ta'mirtalab ko‘chalari ta'mirlanadi. Shu maqsadda, respublika budjetidan 50 mlrd so‘m ssuda olingan. Mazkur ishlar 1 oy ichida to‘liq yakunlanadi. Lutfiy ko‘chasi ham ta'mirlanyapti, bu yerda alleya barpo qilinmoqda. Yangi ustunlar qo‘yilib, kechki yoritish moslamalari ham o‘rnatilmoqda», - dedi shahar hokimining o‘rinbosari Davron Hidoyatov.

Shahar hokimi ushbu masalaga oydinlik kiritib, Uchtepa tumani shaharning eng qoloq tumanlaridan biriga aylanib qolgani, biroq tuman va shahar rahbarlari shu vaqtgacha bunga jiddiy e'tibor bermaganini ta'kidladi.  

«Menimcha, Uchtepada qilinayotgan, bajarilayotgan ishlarga xalq guvoh bo‘lyapti. Albatta, tramvay yo‘llarini ta'mirlash 3 yil ilgari «Avtoyo‘l» tashkilotiga tegishli bo‘lgan. Puli ham olingan, lekin hozirgi holatda qolib ketgan. Prezidentimiz tashriflaridan so‘ng, Uchtepaga jiddiyroq e'tibor berishga diqqat qaratilgan. Ochiq aytish kerak, Uchtepa shaharning eng qoloq tumanlaridan biriga aylanib qolgan, hech kim jiddiy e'tibor bermagan tuman edi. Bu tumanning 4 sektor rahbarlari almashdi. To‘g‘ri, tumandagi ishlarni bir zumda bajarib bo‘lmaydi. Ammo bajarilayotgan ishlarni tuman aholisi o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, his qilishadi», - dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev. 

Kun.uz muxbirining «Avtoyo‘l»ga tegishli bo‘lgan yo‘llar foydalanishga qabul qilinganmidi va o‘sha tashkilot rahbarlariga nisbatan biror chora ko‘rilganmidi, degan savoliga Toshkent hokimligi rasmiylari, so‘z borayotgan yo‘llar foydalanishga qabul qilinmagani, «Avtoyo‘l» rahbarlariga esa, hech qanday chora ko‘rilmaganini ma'lum qilishdi. 

Ayni masalaga to‘ldirish qilgan shahar hokimi o‘rinbosariga ko‘ra, shahar hokimining 2019 yil fevral oyida 269-son qarori qabul qilingan. Unga muvofiq, shaharda 1 mln 809 ming kvadrat metr yo‘lni mukammal ta'mirlash belgilangan. Shu kungacha 308 ming kvadrat metr yo‘l mukammal ta'mirlangan. Yil oxirigacha, oldingi tramvay yo‘llari ham, boshqa yo‘llar ham to‘liq ta'mirdan chiqariladi.

Shahar hokimi Ortiqxo‘jayevning ta'kidlashicha, bu raqamlar davlat dasturida belgilangan ishlar ko‘lamidir. Bundan tashqari, homiylar ham ichki va ayrim muhim ko‘chalarda o‘z yordamlarini berishmoqda. Shahar hokimi, ularga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. 

Mavzuga oid