O‘zbekiston | 18:40 / 02.06.2022
21128
2 daqiqa o‘qiladi

1-sinfga qabul qachondan boshlanishi ma’lum qilindi

Xalq ta’limi vazirligining xabar berishicha, 2022/2023 o‘quv yiliga qabul 20 iyundan boshlanadi va 31 iyulgacha davom etadi.

Foto: KUN.UZ

“Umumta’lim maktablarining o‘quvchi o‘rni, malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlanganligi, sinf xonalarining o‘quv mebellari bilan jihozlanganligidan kelib chiqib, umumta’lim maktablarining bo‘sh o‘rinlariga mikrohududdan tashqari qo‘shimcha qabul jarayonlari 2022 yilning 1-15 avgust kunlari amalga oshiriladi”, deb ma’lum qildi Xalq ta’limi vazirligi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning markazidagi umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari elektron shaklda amalga oshiriladi.

Qolgan hududlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning boshqa tuman (shahar)laridagi umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul an’anaviy shaklda, ya’ni bevosita maktabda amalga oshiriladi.

Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda 1 sinfga qabul qilinadi. Ya’ni, yangi 2022-2023 o‘quv yilida 2015 yilning 1 yanvaridan 31 dekabriga qadar tug‘ilgan bolalar 1-sinfga qabul qilinadi.

“Qabul jarayonlari haqida qo‘shimcha ma’lumot olish uchun maktab ma’muriyatiga murojaat qilishingiz mumkin”, deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzuga oid