O‘zbekiston | 09:15 / 11.12.2021
5019
3 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliqdagi 94ta fermer xo‘jaligining 15 831 gektar yer maydonida o‘rmonzorlar barpo etiladi

Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv ombori atrofidagi hududlarni o‘rmonlashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi, Kadastr agentligining Bo‘stonliq tumani davlat zaxira fondida bo‘lgan 1 072 gektar, shu jumladan 651 gektar yaylov, 323 gektar o‘rmonzorlar va 98 gektar boshqa yerlarni hamda 94 ta fermer xo‘jaliklarining 15 831 gektar, shu jumladan 24 gektar ekin yerlar, 101 gektar bog‘lar, 632 gektar bo‘z yerlar, 279 gektar yaylovlar va 1 330 gektar boshqa yerlarni yangi o‘rmonzorlar barpo qilish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.

Toshkent viloyati hokimligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Kadastr agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga Chorvoq suv ombori atrofidagi Bo‘stonliq tumani davlat zaxira fondida bo‘lgan 1 072 gektar, shu jumladan 651 gektar yaylov, 323 gektar o‘rmonzorlar va 98 gektar boshqa yerlarni muhofaza qilish va o‘rmon barpo etish maqsadida Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi o‘rmon fondi yerlari tasarrufiga doimiy foydalanish uchun o‘tkazib berish vazifasi topshirildi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Toshkent viloyati hokimligiga Chorvoq suv ombori atrofidagi 16 903 gektar yerlarga bosqichma-bosqich hududga mos bo‘lgan daraxt va buta ko‘chatlari ekish orqali hududni to‘liq o‘rmonlashtirish ishlarini tashkil etish vazifasi topshirildi.

Toshkent viloyati hokimligi Bo‘stonliq tumani Bo‘stonliq massividagi “Toshkent Agro Pilla” MChJga qarashli 313q, 314q va 317-konturlardagi 8 gektar yer maydonida ko‘chatxona tashkil qilish, dorivor o‘simliklar yetishtirish va sayyohlarni jalb qilish maqsadida lavanda o‘simligi ekish uchun Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligiga ajratib berilishini ta'minlaydi.

Chorvoq suv ombori atrofidagi hududlarda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar rekreatsiya zonalari tashkil qilish hamda hududda chorva mollari boqilishini qat'iyan taqiqlash yuzasidan taklif kiritiladi. 

Chorvoq suv ombori atrofidagi fermer xo‘jaliklarining yer maydonlari o‘rniga tumanlar davlat zaxirasidagi bo‘sh turgan yerlar istisno tariqasida tanlovlarsiz ajratib beriladi.

Mavzuga oid