O‘zbekiston | 17:08 / 06.12.2024
5621
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident Bo‘stonliqda turistik majmua qurilishi va GES faoliyati bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida “Ugam River” turistik majmuasi va “Ugam-1” kichik gidro elektr stansiyasini ko‘zdan kechirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida barpo etilayotgan “Ugam River” turistik majmuasini borib ko‘rdi.

Ugam daryosi bo‘yidagi bu maskanda 1 trillion so‘mlikdan ziyod loyiha doirasida qariyb 14 gektar maydonda qurilish boshlandi. Hozir 17 ta ko‘p qavatli uy qad ko‘tarmoqda. Ular 5, 6 va 7 qavatli, 870 xonadondan iborat bo‘ladi. Shuningdek, 16 ta kottej, 3 ta restoran, yigirmadan ortiq savdo va xizmat shoxobchalari quriladi. Bolalar o‘yingohlari, yopiq suv havzasi, fitnes va sport maydonchalari, amfiteatr, avtoturargoh, avtomobil ko‘prigi, tog‘ va sohil bo‘yi yo‘laklari ham tashkil etiladi.

Bu qulayliklari bilan yangi majmua yiliga 200 ming nafar sayyohga xizmat ko‘rsata oladi. Bu tumanning turizm salohiyatini yanada oshiradi. Davlat rahbari ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonni kirib ko‘rdi.

Sayyohlar ko‘proq chiroyli tabiatga, toza havoga intiladi. Shuni inobatga olib, mavjud daraxtzorga qo‘shimcha 20 ming tup ko‘chat o‘tqaziladi. Zamonaviy texnologiyalar vositasida kuniga 1 ming metr kub daryo suvi qayta ishlanadi. 2 megavattlik termal isitish va sovitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident soha mutasaddilariga hudud targ‘ibotini kengaytirib, bunday maskanlarga sayyohlarni jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev “Ugam-1” kichik gidro elektr stansiyasini ko‘zdan kechirdi. Toshkent viloyatida umumiy quvvati 1 ming 330 megavatt bo‘lgan 25 ta gidroelektr stansiyasi mavjud. Bu respublikamizdagi jami gidroenergetika quvvatining 60 foiziga teng. Bugungi kunda qiymati 880 million dollar va quvvati 340 megavatt bo‘lgan yana 4 ta GES qurilmoqda. Shuningdek, 2028 yilgacha viloyatda umumiy quvvati qariyb 2 ming 400 megavatt bo‘lgan, 4 milliard 800 million dollarlik 23 ta loyiha amalga oshiriladi.

Quvvati 1,48 megavatt bo‘lgan ushbu “Ugam-1” kichik GES qurish orqali yiliga 11,8 million kilovatt soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratildi.

Loyihani amalga oshirish natijasida hududdagi Chorbog‘, Xumson va Ugam mahallalardagi 5 mingta xonadon hamda turizm va dam olish maskanlari uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlanadi. Yiliga qariyb 4 million metr kub gaz tejaladi.

Hozircha Ugam daryosida ikkita kichik GES qurildi. Ularning har biridan yiliga ikki yuz milliard so‘m daromad olinayapti. Suv oqimidan takror-takror faydalanish orqali bunday stansiyalarni o‘ntagacha yetkazish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbariga hududlarda rejalashtirilgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.

Sohaga xorijiy investitsiya va xususiy sektorni jalb qilib, 2030 yilga qadar jami quvvatlarni 6 ming megavattga yetkazish belgilangan. Buning uchun huquqiy, iqtisodiy sharoitlar yaratilgan. Jumladan, mamlakatimiz bo‘yicha ikki mingtagacha mikro va kichik GES qurish imkoniyati bor.

Mavzuga oid