Shavkat Mirziyoyev Bo‘stonliqda bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurib, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Xushmanzara tog‘lar bag‘ridagi bu hududning drayveri - turizm. So‘nggi yillarda infratuzilma yaxshilanib, yilning barcha faslida maroqli hordiq chiqarish imkoniyati yaratildi. Dam olish, sog‘lomlashtirish, chang‘i, sayohat, umumiy ovqatlanish majmualari barpo etildi. Eski sanatoriy va bolalar oromgohlari yangilandi.
Besh yil avval tumanda 2 ming 240 o‘rinli 26 ta maskan bo‘lgan bo‘lsa, shu davrda sohaga 2 trillion so‘mdan ziyod investitsiya kiritilib, 13 mingdan ko‘p o‘ringa ega 59 ta yirik turizm inshooti ishga tushirildi. Asosiy avtomobil yo‘li ta’mirlanib, qo‘shimcha yo‘llar qurildi.
Bularning natijasida turizm jadal rivojlandi, tashrif buyuruvchilar 12 barobarga oshdi. Jumladan, besh yil oldin Bo‘stonliqqa yiliga 850 ming sayyoh kelgan bo‘lsa, bu yil 11 oyning o‘zida 12 million nafar tashrif buyurgan.
Bu sur’at izchil davom etmoqda. Davlat rahbari shunday loyihalar bilan tanishdi.
Chirchiq daryosi bo‘yida “Chorvoq darvozasi” turistik majmuasi qurilmoqda. Qariyb 25 gektar maydondagi majmuada 16 ta ko‘p qavatli uy, 3 ta mehmonxona, 2 ta supermarket, 60 dan ziyod savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, kafe va restoranlar, bank ofisi, akvapark, musiqali favvora, avtoturargoh bo‘ladi. Binolar tepasiga quyosh panellari o‘rnatiladi. Daryo ustida sayr uchun shishali ko‘prik quriladi.
Majmua kuniga 5 mingdan ortiq kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Mavsumiylari bilan birga 2 ming 500 ta ish o‘rni yaratiladi.
Prezident xizmat turlarini ko‘paytirib, faol turizmni rivojlantirish, bunday majmualarni boshqa tumanlarda ham loyihalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Hududda ekologiyaga alohida e’tibor berish, yashillikni ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi.
Mavzuga oid
19:53 / 11.12.2024
Toshkentda Yunusobod dehqon bozori o‘rnida uch qavatli ekobozor quriladi
19:47 / 11.12.2024
Mirziyoyev va Putin ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi
17:08 / 06.12.2024
Prezident Bo‘stonliqda turistik majmua qurilishi va GES faoliyati bilan tanishdi
15:25 / 06.12.2024