Jahon | 20:53 / 02.06.2021
39192
12 daqiqa o‘qiladi

Uchinchi dunyo mamlakatidan taraqqiyotning eng yuksak darajasigacha. «Singapur mo‘jizasi» haqida

O‘tgan asrning 60-yillarida Afrikadagi qashshoq davlatlar qatorida e'tirof etilgan Singapur keyingi 50 yil ichida rivojlanish strategiyasida favqulodda jadal o‘sish sur'atlarini qayd etdi. Qisqa muddat ichida ulkan iqtisodiy, moliyaviy va inson kapitalini jamlashga muvaffaq bo‘lgan mazkur davlat taraqqiyotining asosiy omillari nimada?

Mustamlakachilik zulmi ostida uzoq vaqt jabr ko‘rgan va o‘tgan asrning 60-yillarida qashshoq davlatlar qatorida bo‘lgan Singapur bir qancha omillardan unumli foydalanish evaziga favqulodda jadal o‘sish sur'atlariga erishdi.

Qisqa muddat ichida Osiyo mintaqasi va dunyo siyosiy maydonida muhim rol o‘ynash darajasiga ko‘tarildi.

Ko‘pchilik mutaxassislar va ekspertlar 1965 yilda mustaqillikni qo‘lga kiritgan Singapur yaqin kelajakda demografik tanglik va ishsizlik muammosiga duch kelishini prognoz qilishardi. Bu kabi qarashlarning yuzaga kelishiga ikki sabab bor edi.

Birinchidan, Singapurning iqtisodiy imkoniyatlari va siyosiy tuzumi haqida G‘arbda salbiy kayfiyat yuzaga kelgandi.

Ikkinchidan, Singapur amalga oshirayotgan eksportga yo‘naltirilgan sanoatlashtirishning afzalliklari fanda nazariy jihatdan hali to‘liq asoslanmagandi.

Bundan tashqari, har bir davlat farovonlikka erishishni maqsad qilib olar ekan, birinchi o‘rinda o‘z rivojlanish strategiyasini tanlab oladi. Bunda ushbu maqsadga erishish uchun turli omillar bor edi. Shunday omillardan biri – bu yetuk boshqaruvchilikka, siyosiy bilimga va mahoratga ega bo‘lgan yetakchining bo‘lishidir. XX asrning ana shunday siyosiy arboblaridan biri bu Li Kuan Yudir. Uning davrida mamlakatda amalga oshirilgan iqtisodiy va siyosiy islohotlarning natijasi o‘laroq Singapur davlati bugungi kunda eng rivojlangan davlatlar qatoridadir. Buni uning tarixiy taraqqiyot yo‘liga nazar tashlash orqali ham bilib olish mumkin.

Korrupsiyaga qarshi kurash

Mustaqillikning dastlabki yillarida bir tomondan qonunchilik uzoq Angliyadan, ya'ni Britaniya mustamlakachilari tomonidan import qilingan, ikkinchi tomondan huquqni muhofaza qiluvchi organlar uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish qobiliyatiga ega emasdi. Amaldorlarning aksariyati esa korrupsiya botqog‘iga botib bo‘lgandi. Aholining ko‘pchiligi savodsiz bo‘lib, o‘z huquqlarini himoya qilolmasdi. Mamlakat rahbarlari korrupsiya va o‘zboshimchalikni ildizi bilan qo‘porib tashlash kerakligi, busiz mamlakatning kelajagi yo‘qligini tushunib yetadi.

Shunday sharoitda Li Kuan Yu mamlakatda muhim choralar ko‘rish va maxsus korrupsiyaga qarshi qonunlar qabul qilish muhimligini to‘g‘ri anglay oldi va bu borada qat'iy choralar ko‘rdi.

«Qachonki hokimiyat xalq ishonchini oqlash uchun emas, shaxsiy boylik orttirish maqsadida faoliyat yurita boshlasa, bu axloq muammosi hisoblanadi. Uzoq vaqt mavjud bo‘lishini istagan jamiyat halollik prinsipiga amal qilishi lozim, aks holda millat ildizi bilan quriydi», deya ta'kidlagan Li Kuan Yu Singapur xalqiga qilgan murojaatida.

Singapur taraqqiyotining «ota»si o‘z hokimiyatining dastlabki kunlaridanoq jamiyatining barcha qatlamlarida korrupsiyani yo‘q qilish bo‘yicha keng qamrovli va aniq mezonlarni o‘z ichiga olgan dastur ishlab chiqadi. Mamlakatda korrupsiyani to‘xtatib qolishning birinchi o‘rindagi vazifasi o‘laroq mansabdor shaxslarning o‘z bilganlaricha harakat qilishlari imkoniyatlarini kamaytirish boshlanadi.

Mamlakatda korrupsiyaga qarshi siyosat milliy qadriyatlarga amal qilishdan ko‘ra ko‘proq zaruriyat sifatida talqin etiladi. Singapur xorijiy investitsiyalarni mamlakatga jalb qilish bosqichida, avvalo ulardan noto‘g‘ri maqsadlarda foydalanish imkoniyatini yo‘qqa chiqardi. Mamlakatda ayrim korrupsiya hodisalari ro‘y berganda uning ishtirokchilari tergov qilinib, aybdorlar sudlanib, qattiq jazoga tortilgan. Bunda Li Kuan Yu barchaga, hatto o‘z yaqin qarindoshlariga nisbatan ham qattiqqo‘l va adolatli siyosat yuritgan, ularga ham boshqalar singari og‘ir jazo qo‘llangan.

Islohotlar aks-sadosi o‘laroq, mamlakatda aholi o‘rtasida aksilkorrupsiya mentaliteti shakllandi. Korrupsiyaga qarshi kurashga rahbarlik bevosita siyosiy rahbarlar va mansabdor shaxslarning o‘zlari tomonidan amalga oshiriladi, ya'ni davlat mansabdorlari bu jirkanch illat keng quloch yoymasligidan birinchi o‘rinda manfaatdor va bu jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Bugungi kunda mamlakat korrupsiyaga qarshi kurashishda ikkita muhim qonunchilikka asoslanadi: korrupsiyaning oldini olish to‘g‘risidagi qonun hamda korrupsiya, giyohvand moddalar savdosi va boshqa og‘ir jinoyatlar to‘g‘risidagi qonun.

Ko‘pchilik ekspertlar «Singapur mo‘jizasi»ning tub negizida va mamlakatning boshqa qo‘shni mamlakatlarga nisbatan mislsiz taraqqiyotida korrupsiyaga qarshi kurashda amalga oshirilgan islohotlarning o‘rni beqiyos bo‘lganini ta'kidlashadi.

Ma'lumot o‘rnida, Transparency International tomonidan 2020 yil uchun e'lon qilingan reytingda Singapur korrupsiyani qabul qilish eng past ko‘rsatkichli mamlakatlardan biri sifatida, dunyo miqyosida Daniya va Yangi Zelandiyadan keyin 3-pog‘onada qayd etilgan. Mos ravishda ushbu reytingda O‘zbekiston 180 davlat orasida 146-o‘rinni egallagan.

Iqtisodiy islohotlar

Singapur Malayziya tarkibidan ajralib chiqqan paytda tabiiy resurslar mavjud bo‘lmagan, kichik bir ichki iqtisodiy bozorga ega edi, xolos. Aholining yarmi savodsiz, ishsizlik 14 foizga, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 516 AQSh dollariga teng edi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatda 7ta asosiy taraqqiyot yo‘nalishi – moliya, transport xizmatlari, logistika, shaharsozlik, sog‘liqni saqlash, raqamli iqtisodiyot va ilg‘or ishlab chiqarishni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida tanlab olingan.

Singapur iqtisodiy taraqqiyotining eng muhim omillaridan biri sifatida qulay geografik hududda joylashganini ko‘rsatish mumkin. Malakka bo‘g‘ozi ostonasida joylashgan bu hududdan jahon dengiz savdo-sotig‘ining 40 foizi kesib o‘tadi.

Shuningdek, mamlakatda belgilangan islohotlarni o‘tkazish uchun mablag‘ zarur edi. Shu maqsadda xorijiy tadbirkor va sarmoyadorlarga turli imtiyozlar berilib, mamlakatga jalb qilindi.

«Biz har bir sarmoyadorni mamnuniyat bilan kutib oldik. Ishlab chiqarishni boshlash uchun, ularga jon-jahdimiz bilan yordam qildik», deb yozgan Li Kuan Yu o‘z tarjimayi holida.

Xorijiy sarmoyalarni mamlakatga jalb qilishni kuchaytirish maqsadida dastlabki bosqichda chet elliklar uchun yuz foiz mulkka ega bo‘lish hamda topilgan foydani to‘liq olib ketish uchun imkoniyatlar yaratilgan.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, xorijiy sarmoyadorlar uchun rasmiy imtiyozlardan ko‘ra, mamlakatdagi siyosiy barqarorlik, adolatli qonunchilik va ishchilar harakati uzra nazoratning mavjudligi muhimroq ahamiyat kasb etgan.

Bosh vazir topshirig‘iga ko‘ra, mahalliy va xorijiy tadbirkorlar o‘rtasida biznesni osonlashtirishga oid so‘rovlar muntazam o‘tkazilgan, tadbirkorlar dardiga quloq tutilgan. Buning natijasida Singapurda tadbirkorlik faoliyati keng quloch yoydi. Tadbirkorlarning faoliyati hukumat tomonidan rag‘batlantirila boshlandi. Biznes sohasida qonunchilik soddalashtirildi va mamlakatda qabul qilinadigan qonunlar manfaatdor tomonlarning fikrlarini o‘rganish bilan birgalikda olib borildi.

Natijada ko‘pgina xalqaro transmilliy kompaniyalar Singapurda keng ko‘lamli yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish uchun poydevor qurishadi.

Ma'lumot uchun, Jahon bankining «Biznes yuritish 2020» yillik hisobotida biznes yuritish qulayligi bo‘yicha Singapur 2-pog‘onada qayd etilgan.

Bugungi kunda Singapurda 5,7 million aholi istiqomat qiladi va mamlakat YaIM 379 million dollarga teng. Ishsizlik darajasi 2,6 foiz. Yillik daromad har bir fuqaroga 60 ming dollardan yuqori hisoblanadi.

Ijtimoiy islohotlar

Ko‘pchilik tomonidan Malayziya tarkibidan ajralib chiqqan bu mitti mamlakat tez orada demografik tanglikka duch kelishi prognoz qilingandi. Sababi mamlakat aholisining asosini xitoyliklar va malayyaliklar tashkil etardi. Shuningdek, mamlakatda katta miqdorda hind diasporasi ham mavjud edi. Mutaxassislar 3ta katta sivilizatsiya vakillaridan tarkib topgan mamlakat tez orada etnik nizolar o‘chog‘iga aylanib qolishini taxmin qilishadi. Hukumat turli millat vakillari tinch-totuv yashashi uchun choralar ko‘rdi. Ularga ba'zi imtiyozlar belgilandi. Masalan, malayyalik va xitoylik turmush qursa ularga kollej ta'limi kafolatlandi. Bundan tashqari, bu oilalarga hukumat tomonidan ma'lum miqdorda yordam ham beriladigan bo‘ldi, ya'ni bu turli sivilizatsiyaga mansub millatlarni bir-biri bilan aralashtirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqildi.

Boshlang‘ich iqtisodiy rejada kam daromadli odamlarga qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish orqali ishsizlik muammosini hal qilishga e'tibor berildi.

Mamlakatda ijtimoiy sohada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan eng ustuvor yo‘nalish sifatida hukumat dastlab uy-joy masalasiga e'tibor bera boshladi. Shuni hisobga olgan holda uy-joy qurish loyihasi qabul qilindi. Natijada Singapurda zamonaviy uy-joylar qurila boshlandi. Uylar aholining ijtimoiy kelib chiqishiga qarab belgilandi. Kam ta'minlangan aholiga turar joylar bepul berildi.

Ikkinchi ijtimoiy sohada amalga oshirilgan islohotlardan biri bu ta'lim tizimidir. 1966 yildan yoshlar uchun ikki tilli maktablar joriy etildi. Keyinchalik esa bu tizim kengayib to‘rt tilli maktablar ham joriy etildi. Ingliz tili ikkinchi ta'lim tiliga aylantirildi. Chunki tijorat tili bo‘lgan ingliz tilini o‘qitish ko‘pchilik ota-onalar uchun ma'qul edi.

Ta'lim sohasidagi ekspertlarning fikricha, Singapur iqtisodiy taraqqiyot va turmush darajasini yuksaltirishni ta'lim bilan bog‘lagan. Xususan, bu yerda birinchi o‘rinda ta'lim berish standarti ishlab chiqiladi. Buning uchun katta mablag‘ sarf qilinadi. Ayniqsa, eng yaxshi o‘qituvchilarni jalb etish va ularning nufuzini oshirishga avvalboshidanoq alohida e'tibor qaratilgan. Hozir ham Singapurda o‘qituvchilarni jahonning eng nufuzli ta'lim muassasalari bitiruvchilari orasidan yollash an'anasi saqlab qolingan.

Li Kuan Yuni «iqtidorlarning rahnamosi» deyishar edi. U iqtidorli fuqarolarni mas'uliyatli lavozimlarga qo‘yish va ularga yaxshi maosh tayinlashga hech qachon ikkilanmagan. Shu bilan birga, Singapurda mansabni suiiste'mol qilish ham qattiq jazolangan.

Xulosa o‘rnida

Uddaburon yetakchilik va to‘g‘ri tashkil etilgan boshqaruv natijasida mazkur qashshoq davlat jahonning beqiyos qazilma boyliklariga ega bo‘lgan ko‘plab mamlakatlarini bir qancha sohalarda ortda qoldirdi. O‘z fuqarolari uchun erkin va farovon jamiyat taqdim qildi. Halollik prinsiplari asosida yuqori salohiyatli odamlar millatga bosh bo‘lishdi va keng ko‘lamli ishbilarmonlik muhiti yaratildi.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzuga oid