O‘zbekiston | 12:32 / 12.03.2023
19496
2 daqiqa o‘qiladi

Migratsiya agentligi Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarni ogohlikka chaqirdi

Migratsiya agentligi Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarni internet orqali katta pul evaziga mahsulotlarni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib berish haqidagi e’lonlar yuzasidan ogohlikka chaqirdi

Xabarga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda Rossiyada ishlayotgan yurtdoshlar orasida Internet orqali katta pul evaziga mahsulotlarni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib berish haqidagi e’lonlar bo‘yicha muammolar yuzaga kelmoqda. Norasmiy kurerlik xizmatlarida narkotik yoki taqiqlangan moddalar solingan buyurtmalarni yetkazib berish («zakladka») taklif qilinmoqda va buning oqibatida politsiya xodimlari tomonidan ular ushlanib, jinoiy javobgarlikka tortilmoqda.

«Shu munosabat bilan yurtdoshlarimizdan norasmiy kurerlik xizmatlarida ishlamaslikni, katta miqdordagi pul evaziga shubhali buyumlarni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib bermaslikni yoki mahsulotni albatta tekshirishni so‘raymiz.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, narkotik moddalarni sotish yoki yetkazib berish uchun uzoq muddatli qamoq jazosi belgilangan», deyiladi agentlik xabarida.

Ma’lumot uchun, so‘nggi vaqtlarda Rossiyada qamalgan xorijliklar, jumladan O‘zbekiston fuqarolari Ukrainadagi harbiy harakatlarga jalb etilishi holatlari ko‘paymoqda.

Mavzuga oid