16:50 / 19.11.2018
17301
To‘rtko‘llik tadbirkor qalampir ko‘chatlari uchun 1 milliard so‘mdan ortiq pulini ololmayapti

Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumani, Sarobiy QFY, Ellikqal'a Pop mahallasida istiqomat qiluvchi Iskandar Mambetov kontraktatsiya shartnomasi asosida yetishtirib berilgan qalampir ko‘chatlarining pulini ololmay, xunob bo‘layotgani haqida KUN.UZ tahririyatiga murojaat qildi.

Avvalroq, saytda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanidagi Bo‘ston, Birlik mahallalari, Polvosh mahalla fuqarolar yig‘inidagi 30ga yaqin dehqonlarni qiynayotgan aynan shunday muammo yoritilgan edi.

Sayt muxbiri Iskandar Mambetov bilan uchrashib, uni bir necha oydan beri sarson qilayotgan muammoni o‘rgandi.

2017 yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurganida, past hosilli paxta dalalarini qisqartirish, ularning o‘rnida  60-80 kunda pishib yetiladigan eksportbop achchiq qalampirni ekish, buni respublikaning boshqa viloyatlarida ham yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergandi.

2018 yil 27 yanvarida Vazirlar Mahkamasining 62-sonli «Respublikada xorij tajribasi asosida achchiq qalampir yetishtirishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unda xorijiy tajriba asosida hududlarda achchiq qalampirni yetishtirish, yig‘ishtirib olish, qayta ishlash va eksport qilishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi. 

Qarorni bajarish uchun, qalampir ko‘chatlari yetishtirishni ta'minlash va hududlarga yetkazib berish GENERAL MACHINERY GROUP (GMG) MChJ zimmasiga yuklatildi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tarixida ilk marotaba achchiq qalampir ekish bo‘yicha ommaviy kampaniya start oldi.

Iskandar Mambetov o‘zining o‘g‘li Umrbek orqali GMG kompaniyasi bilan kontraktatsiya shartnomasi imzolaydi. Unga asosan buyurtmachi hisoblanmish GMG kompaniyasi dehqonni qalampir urug‘i bilan ta'minlash, dehqon esa 18 million dona qalampir ko‘chatini yetishtirib berish majburiyatini oladi.

«Prezidentimiz topshirig‘iga labbay deb javob qaytarib, 2018 yil fevral oyida o‘g‘lim Umrbek orqali GMG kompaniyasi bilan kontraktatsiya shartnomasi imzoladim. O‘zim 1-guruh nogironiman, revmatoid artrit bilan xastalanib, o‘rnimdan turolmaydigan va yurolmaydigan bo‘lib qolganman. Hamma ishlarni uyda, telefon orqali bajarishga o‘rganganman», - deydi Mambetov.

GMG kompaniyasi kontraktatsiya shartiga ko‘ra, Mambetovga 345 million so‘m (30%) bo‘nak puli ajratadi. Shundan so‘ng, tadbirkor To‘rtko‘l tumanida 1 gektar yerga yangi issiqxona barpo qiladi, Nukus tumanida 1 gektar, Xorazm viloyatining Shovot tumanida 2 gektar hududli issiqxonalarni ta'mirlab, ishga tushiradi. Har kuni 100ga yaqin ishchini ishlatib, urug‘ ektirdi va ko‘chat yetishtiradi.

«Yangi issiqxona qurdim, yana ikkita eskisini ta'mirlab, ishga tushirdim. 100ga yaqin ishchini ishlatdik. Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatining Rishton, Beshkepa qishloqlaridan, Namanganning Olmos, Yangiqo‘rg‘on, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanlaridan qalampir ko‘chatini yetishtirish bo‘yicha katta tajribaga ega mutaxassislarni olib kelib, shartnoma asosida ishlatdik. Juda katta hajmdagi ishlarni bajardik», - deydi Mambetov.

2018 yil 10 iyun kuni narxi 1 milliard 148 million so‘mga yaqin 18 million dona ko‘chat GMG kompaniyasiga yetkazib berilgani haqida oldi-berdi akti imzolandi. Biroq, Mambetov topshirgan ko‘chatlarining pulini hozirgacha olmagan.

Kontraktatsiya shartnomasida buyurtmachi topshirilgan ko‘chatlar haqini to‘lashdan asossiz ravishda bo‘yin tovlagani uchun, muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun umumiy to‘lov summasining 0,4% miqdorida, biroq 50% dan ortiq bo‘lmagan miqdorda penya to‘lashi ko‘rsatilgan. Bugungi kunda, shularni hisobga olgan holda GMG kompaniyasining Mambetovdan qarzi 1 milliard so‘mdan oshgan.

«Qalampir ekish kampaniyasiga salmoqli hissa qo‘shdik. To‘rtko‘l tumanida 130 fermerga 10 milliondan ortiq ko‘chat tarqatganmiz. Ularni o‘zimiz yetkazib berganmiz. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istonning Ellikqal'a, Amudaryo, Taxiatosh, Kegeyli tumanlariga, Buxoro viloyatiga ham qalampir ko‘chatini yetkazib berganmiz. Biroq, haligacha GMG kompaniyasidan pul ololmayapmiz. Nogiron bo‘lsam-da, bir necha marotaba bu kompaniya ofisiga pulimizni so‘rab borganman, sarson bo‘lganman, ammo natija bo‘lmadi», - deydi u.    

Iskandar Mambetov bu masala bo‘yicha ko‘plab idoralarga, mansabdor shaxslarga murojaat qilgan. Amaliy yordam bo‘lmagach, muammoni matbuotda yoritish orqali, uning yechimi topilishiga umid qilmoqda.

Mavzuga doir:

Avvalroq, bu masala bo‘yicha GENERAL MACHINERY GROUP (GMG) kompaniyasiga murojaat qilganimizda, GMG dehqonlar bilan kontraktatsiya shartnomalari to‘lovlarini amalga oshirishga tayyorligi, ammo, kompaniyaning o‘zi bu tadbirda juda katta miqdorda zarar ko‘rgani, bu zararni undirish uchun O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasiga va sudga murojaat kiritilib, da'vo arizalari berilgani, qarzdorlikni undirish yuzasidan qilinadigan ishlar natijasida, jamiyat hisob mablag‘i shakllangan zahoti barcha dehqonlar bilan hisob-kitob ishlari amalga oshirilishi haqidagi javobni olgan edik. Hozircha, bu ishlarning qachon amalga oshirilishi, dehqonlarning puli qachon berilishi ma'lum emas.

Nurmuhammad Said

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top