Fan-texnika | 21:54 / 03.12.2022
62481
5 daqiqa o‘qiladi

«Ko‘rinmas» bombardimonchi samolyot va odamlarga chip o‘rnatmoqchi bo‘layotgan Ilon Mask - hafta texnodayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.

«Ko‘rinmas» bombardimonchi samolyot

Foto: Reuters

AQShda Northrop Grumman kompaniyasi yangi avloddagi B-21 Raider strategik bombardimonchi samolyoti taqdimotini o‘tkazdi.

B-21 Raider dunyodagi yagona oltinchi avloddagi samolyot bo‘lib, Yer sharining istalgan nuqtasiga uchib boradi, yadroviy va oddiy qurollarni olib yura oladi, takomillashgan «stels» texnologiyasi sharofati bilan eng ilg‘or havo hujumidan mudofaa tizimlarini aylanib o‘tadi. 

Pentagon rahbari Lloyd Ostinga ko‘ra, dastlabki samolyotni yaratishga 7 yil vaqt ketgan. Istiqbolda samolyotning pilotsiz boshqariladigan ko‘rinishlari ham yasaladi.

B-21 Raider 2023 yilda havoga ko‘tarilishi kutilmoqda, uning birinchi joylashuv joyi AQSh harbiy-havo kuchlarining Janubiy Dakota shtatidagi Ellsuort aviabazasi bo‘lishi mumkin.

Bitta samolyot narxi 753 million dollarga teng. AQSh Mudofaa vazirligi kompaniya bilan ushbu samolyotni yaratish bo‘yicha 2015 yildayoq shartnoma tuzgandi.

2023-2027 yillarda 100 dona ishlab chiqariladigan B-21 Raider dasturi uchun Pentagon 19 mlrd dollar ajratadi.

Quyoshdan energiya oluvchi elektromobil

Niderlandiyaning Lightear startapi to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nuridan energiya olib harakatlanadigan dunyodagi birinchi elektromobilni taqdim qildi.

Startap asoschisi Lex Hufslutning so‘zlariga ko‘ra, quyosh panellari mashinaning kapoti va tomida joylashtiriladi. Elektromobil yoz oylarida bir quvvatlash orqali Amsterdamda 2 oy, Portugaliyada 7 oygacha harakatlanishi mumkin. Quyoshdan olinadigan energiya elektromobilning kunlik yurish masofasini 70 kmga oshiradi.

Lightear 0 deya nomlangan avtomashinaning bahosi 259 ming dollarni tashkil etadi. Ushbu elektromobilni sotib olish uchun 150dan ortiq buyurtmalar kelib tushgan.

Kurer robotlar

Buyuk Britaniyadagi Lids shahri supermarketlarida oziq-ovqat yetkazib beruvchi robotlar xizmatidan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, sxema avtomobil bilan amalga oshiriladigan qisqa sayohatlar sonini kamaytirishga yordam beradi.

Robotlar yengil vaznga ega va odam yurish tezligida harakatlanadi.

Ilon Mask odamlarga chip o‘rnatmoqchi

Amerikalik tadbirkor Ilon Mask o‘ziga tegishli Neuralink kompaniyasi yaqin olti oy ichida odam boshiga chip implantatsiya qilishi mumkinligini aytdi. 

Milliarderning ta’kidlashicha, kompaniya odamlarda klinik sinovlarni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarning aksariyatini allaqachon tegishli idoralarga taqdim qilgan. 

Neuralink maqsadi - boshga implantatsiya qilinadigan va miya faoliyati bilan kompyuterni boshqarish uchun ishlatiladigan qurilma yaratish. 2019 yilda Mask ushbu texnologiya maymunlarda sinovdan o‘tkazilayotganini ma’lum qildi. O‘tgan yili esa Neuralink o‘z fikr kuchi bilan tennis o‘ynayotgan maymun videosini e’lon qilgan edi. 

Bu yilgi sinovlar yanada muvaffaqiyatli o‘tdi va maymunlardan biri o‘ziga o‘rnatilgan chip yordamida noutbuk ekranida bir nechta so‘zlarni yozishga muvaffaq bo‘ldi. 

Dunyodagi eng yengil noutbuk

Foto: Asus

Asus kompaniyasi dunyodagi eng yengil 14 dyuymli ExpertBook B9 noutbukini taqdim qildi. Uning narxi modifikatsiyaga qarab 1,8 ming dollardan boshlanadi. Noutbuk allaqachon AQSh bozorida sotuvga chiqarilgan. 

Korpusi magniy qotishmasidan tayyorlangan modelning vazni 880 gramm. Qurilma 14 dyuymli Full HD (1920x1080) displeyga, 12-avlod Intel Core protsessoriga, Intel Iris Xe grafikasiga, 16 GB yoki 32 GB operativ xotiraga va 1TB yoki 2TB hajmdagi SSD-diskka ega. Korpus dizayni displeyni 180 darajaga egish imkonini beradi, sensorli panel esa raqamli klaviatura sifatida ishlatilishi mumkin. 66 Vt•s quvvatga ega batareya noutbukni qayta quvvatlantirmasdan 16 soatgacha ishlatish imkonini beradi. 

Noutbuk himoya panjarasi bo‘lgan veb-kamera, Harman/Kardon dinamiklari va shovqinni kamaytirish texnologiyasiga ega mikrofonlar bilan jihozlangan. Bundan tashqari, USB Type-A, Thunderbolt, HDMI, RJ45 (micro-HDMI) va 3,5 mm quloqchin ulagichi ham bor. 

Quyoshni kuzatish uchun mo‘ljallangan dunyodagi eng yirik radioteleskop

Xitoyda quyoshni kuzatish uchun mo‘ljallangan dunyodagi eng yirik DSRT radioteleskopi qurilishi yakunlandi

Teleskop Xitoy janubi-g‘arbidagi Sichuan provinsiyasi platosida joylashgan. U har birining diametri 6 metr bo‘lgan 313 ta antennadan iborat. Qurilmaning umumiy maydoni 1 km. 

Radioteleskopning asosiy kalibrlash antennasi aylana markazidagi minora tepasiga o‘rnatilgan. Unda osmon jismlari 150-450 megagers chastotasi bilan nazorat qilinadi. 

Teleskop quyoshdagi chaqnashlar va radiatsiyani kuzatish uchun mo‘ljallangan. Bu o‘z navbatida, koinotdagi ob-havo o‘zgarishini aniqlash imkonini beradi va yerga yaqin radiusda uchadigan qurilmalarning ishdan chiqishi ehtimolini kamaytiradi.

Mavzuga oid