16:43 / 05.12.2020
4758
“Sen nogironmisan, unda sabr qilib tur, avval sog‘lomlar” – tadqiqotchi O‘zbekistonda nogironligi bor shaxslarni ish bilan ta'minlash mexanizmini tanqid qildi

BMT tomonidan 2019 yilda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda nogironligi bor 16-59 yoshdagi shaxslarning faqat 7,1 foizi rasman ish bilan ta'minlangan.

Buyuk Britaniyaning Sasseks universiteti qoshidagi Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti, tadqiqotchi Dilmurod Yusupov Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan konferensiyada  O‘zbekistonda imkoniyati cheklangan fuqarolarning bandligi yo‘nalishidagi muammolarni sanadi.

Uning qayd etishicha, BMT tomonidan 2019 yilda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda nogironligi bor 16-59 yoshdagi shaxslarning faqat 7,1 foizi rasman ish bilan ta'minlangan. Nogironligi bor ayollarning bandligi 4,4 foizni, erkaklar bandligi esa 8,9 foizni tashkil qilgan.

“Nogironlikni tasdiqlovchi ma'lumotnomaga “mehnatga layoqatsiz, “mehnatga yaroqsiz”, “maxsus sharoitlarda ishlashga yaroqli” deb yozilishi imkoniyati cheklanganlarning mehnat bozoriga kirishda diskriminatsiyaga duch kelishiga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, nogironligi bor shaxslar nogironlik nafaqasi olganligi uchun jamiyatda ular nega ishlashi kerak yoki ular ishlashi shart emas, degan qarash shakllangan. Garchi imkoniyati cheklangan kishilar ishlash imkoniga ega bo‘lsa-da, shu qarash tufayli ham muammolarga duch kelishadi.

O‘zbekistonda 630 mingdan ko‘proq kishi nogironligi bor shaxslar sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lsa, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, 160 mingdan ko‘proq odam mehnat qila olishi mumkin deb qayd etilgan. Lekin Nogironlar uyushmasi bu raqam kattaroq deb hisoblaydi”, - dedi tadqiqotchi o‘z nutqida.

Dilmurod Yusupovning qayd etishicha, nogironligi bor shaxslar uchun alohida ish o‘rinlari ajratish talabi ham bajarilmay kelmoqda. Ish beruvchilar tomonidan nogironligi bor shaxslar uchun faqat qog‘ozda ish o‘rinlari rasmiylashtirib qo‘yiladigan holatlar ham uchraydi.

“Pandemiya davrida migrantlarning vatanga qaytishi va boshqa sabablar bilan ishsizlar soni oshdi. Davlat tashkilotlari tomonidan avval sog‘lomlarni ish bilan ta'minlab olaylik, keyin nogironligi bor shaxslar bilan ishlaymiz, degan qarash sezildi. Menimcha, bu ochiq diksriminatsiya. Chunki qo‘yilayotgan prioritetga ko‘ra, “avval sog‘lomlar, sen nogironmisan, unda sabr qilib tur”, deyilmoqda. Bu noto‘g‘ri yondashuv”, - deya imkoniyati cheklanganlarga ko‘rsatilayotgan munosabatni tanqid qildi Dilmurod Yusupov. 

Mavzuga oid
Top