3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni. Shu kuni jahon miqyosida nogironligi bor shaxslarning huquqlarini ta’minlashdagi o‘tkir muammolar, ularning kamsitilishi va keng yoyilgan stereotiplar haqida gapiriladi.

Kun.uz bu sana oldidan O‘zbekistonda nogironlik va inklyuziv rivojlanish masalalari tadqiqotchisi, Angliyaning Sasseks universitetining taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti Dilmurod Yusupov bilan suhbatlashdi.

Ma’lumki, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar soni rasman 700 mingdan oshgan. 2022 yil boshida Jahon banki e’lon qilgan hisobotda mamlakatdagi nogironligi bor shaxslar soni aholining 2,1 foizini tashkil etishi qayd etilgan.

O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov Kun.uz'ga bergan intervyusida poytaxtda yashayotgan nogironlar rasman 45 ming nafar, norasman esa 70 ming nafardan ko‘proqligini aytgandi.

— Shu o‘rinda savol tug‘iladi, nima sabab norasmiy statistika rasmiy statistikadan farq qiladi? Buning ahamiyati qanchalik rol o‘ynaydi?

— Statistika masalasi juda ham dolzarb. Menimcha, bu birinchilar bo‘lib ko‘riladigan ish bo‘lishi kerak. Chunki davlatning ijtimoiy siyosati aynan shu ma’lumotlarga asoslanib amalga oshiriladi.

Statistikaning turli xil bo‘lishi ham sir emas, jahon tajribasida davlatlarda ham har xil ko‘rsatkichlar qayd etilgan. JSSTning hisobotlariga ko‘ra, butunjahon aholisining 15 foizi, ya’ni 1 mlrd nafari turli xil nogironlik holatlariga ega.

Endi, nima sabab O‘zbekistonda qayd etilgan nogiron insonlar soni kam? Mana atigi 2 foiz deyilyapti, bu – juda kam ko‘rsatkich. Boshqa davlatlar bilan solishtirganda, masalan, Qozog‘istonda aholi 19 mln nafar, shuning 650-658 ming nafari esa nogironligi bor shaxslar sanaladi