Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotiga ko‘ra, dunyo aholisining 16 foizini (1,3 mlrd odam) nogironligi bor shaxslar tashkil qiladi. Bu degani har 6 kishidan biri nogironligi bor shaxs hisoblanadi.

Jahon banki tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 3 va undan yuqori yoshdagi jami aholining 13,5 foizi nogironlikning ma’lum bir shakliga, 3,5 foizi esa nogironlikning og‘ir shakliga ega.

Mamlakatda nogironlikning tarqalishi yosh bilan chambarchas bog‘liq: 60 va undan yuqori yoshdagilarning 54 foizi nogironlikning ma’lum bir shakliga ega.

Rasman esa bu raqam kamroq. 2022 yilda 845,3 ming kishi yoki umumiy aholining 2,3 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslar deb tan olingan.

O‘zbekistonda nogironlik va inklyuziv rivojlanish masalalari tadqiqotchisi Dilmurod Yusupovning tushuntirishicha, rasmiy ma’lumotning bunchalik pastligi uning ma’muriy statistika ekani, ya’ni faqat rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan nogironligi bor shaxslardan iboratligi bilan bog‘liq. Ro‘yxatdan o‘tish uchun kerakli hujjatlarni taqdim eta olmaganlar rasmiy statistikaga kirmagan. Yoki ota-onalar jamiyatdagi gap-so‘zlardan qochib nogironligi bor farzandlarini ro‘yxatdan o‘tkazmasliklari ham ko‘p uchraydi. 

Kun.uz bu yilgi 3 dekabrda O‘zbekistonda nogironligi bor shaxslarga oid qanday muammolar dolzarb bo‘lib turgani haqida tadqiqotchi Dilmurod Yusupov bilan suhbatlashdi.

“Qabul qilinayotgan qarorlar amalda yetarlicha ishlamayapti”

2021 yil O‘zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasini ratifikatsiya qildi. Oxirgi yillar nogironligi bo‘lgan shaxslarga e’tibor kuchaydi va fuqarolik jamiyati, ayniqsa, nogironlar jamoat birlashmalari faollashganligini ko‘ryapmiz. Ammo bu faollik ko‘proq shahar markazlarida, chekka hududlarga yetib bormayapti. Qabul qilinayotgan prezident qarorlarini quyi pog‘onalarda samarali amalga oshirish muammosi dolzarbligicha qolmoqda. Bu sohada ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinyapti, lekin ularni amalda qo‘llash mexanizmlari yaxshi ishlamayotgandek.