O‘zbekiston | 19:36 / 15.11.2021
43901
5 daqiqa o‘qiladi

1 yanvardan avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im to‘liq bekor qilinadi

Davlat boji qayta ko‘rib chiqiladi, ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobilni rasmiylashtirish xarajatlari ham keskin kamayadi.

Foto: Kun.uz

14 noyabr kuni hukumat tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 2022 yil uchun Davlat budjeti loyihasi va Budjetnoma kiritildi. Bu haqda deputat Doniyor G‘aniyev xabar qilmoqda.

Ushbu hujjatlarga ko‘ra, fuqarolarga mulkiy munosabatlarni amalga oshirishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini yengillashtirish va mulk huquqini to‘laqonli tasarruf etishga qulay sharoitlarni yaratish maqsadida 2022 yil 1 yanvardan boshlab avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im to‘liq bekor qilinadi. 

Deputat Moliya vazirligidagi manbalarga asoslanib yozishicha, «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga kiritilishi kutilayotgan o‘zgartirishga asosan avtomobil oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat boji, transport vositasining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan qat’i nazar, BHMning 3 barobari (810 ming so‘m) etib belgilanadi (solishtirish uchun amaldagi to‘lov miqdori BHMning 2 barobari (540 ming)dan 10 barobarigacha (2 mln. 700 ming). 

«Demak, «2022 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinishi hamda «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga tegishli o‘zgartirish kiritish ortidan ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobilni rasmiylashtirish xarajatlari keskin kamayadi. 

Misol uchun, amaldagi tartibga asosan ot kuchi 105 bo‘lgan va ishlab chiqarilgan sanasi 3 yildan ko‘p bo‘lmagan «Neksiya» avtomobilining oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun hozir o‘rtacha 5 mln 535 ming so‘m xarajat talab qilinayotgan bo‘lsa, qonunchilikka yuqoridagi o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng (2022 yil 1 yanvardan) bu xarajatlar taxminan 4 mln so‘mga kamayib, 1 mln 600 ming atrofida bo‘ladi. 

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda bir yilda 300 mingdan ortiq (ishonchnomalar bilan hisoblaganda aslida 700 mingdan oshadi) avtomobil oldi-sotdi shartnomalari amalga oshirilishini inobatga olsak, ko‘zda tutilayotgan bu ijobiy o‘zgarishlar natijasida fuqarolar ixtiyorida qo‘shimcha 1,2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ qoldiriladi», deya yozadi deputat.

U 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun 3 foizlik yig‘im avtomashinalar narxiga kiritilgani va shu kungacha fuqarolar UzAuto Motors avtomashinalarini 3 foiz ortiq narx bilan xarid qilib kelayotganini eslatib, endi ushbu yig‘im bekor qilinishi ortidan UzAuto Motors avtomobil narxlarini 3 foizga tushirishi kerakligiga ishora qilgan. 

«Lekin kompaniya xaridorlardan avtomashina narxi ichida olingan 3 foizlik yig‘imni (birgina 2020 yilning 9 oyida 582,6 mlrd so‘mni tashkil etgan) shundoq ham davlat budjetiga to‘lamay kelganini inobatga olsak, bular narxni oshirsa-oshiradiki, aslo kamaytirmaydi», deya qo‘shimcha qiladi u.

  • Avvalroq, Kun.uz saytida odamlarni ko‘pdan beri qiynayotgan masala — eski avtomashinalarni rasmiylashtirishdagi bojlar qayta ko‘rib chiqilishi lozimligi, ikkilamchi bozordagi avtomobilni xaridor nomiga rasmiylashtirish haddan ziyod qimmatligi, shuningdek, yashirin xarid sifatida notarial tasdiqlanadigan va nisbatan arzonroq bosh ishonchnoma keltirib chiqarayotgan xatarlar haqida maqolalar e’lon qilingan edi.
  • Mazkur maqolalarga asosan deputat Doniyor G‘aniyev ikkilamchi bozordan xarid qilingan avtotransportni rasmiylashtirishdagi to‘lovlar qayta ko‘rib chiqilishi lozimligi bo‘yicha moliya vaziriga so‘rov yuborganini va 2022 yilgi davlat budjeti muhokamasida bu masalani ko‘tarib chiqishini ma’lum qilgandi.
  • Keyinroq, deputat o‘z so‘roviga javob olganini, unda sotib olingan avtotransport vositasini DYHXXda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun transport vositasining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan kelib chiqqan holda fuqarolardan undiriladigan yig‘imni bekor qilish, shuningdek notarial idorada undiriladigan davlat bojini pasaytirish nazarda tutilayotgani ma’lum qilinganini bildirgandi.

Mavzuga oid