16:59 / 13.08.2021
24617

«Bunday afsonaviy sportchilarimiz bilan faxrlanamiz» - Oksana Chusovitinaga unvon berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev olimpiyachilar bilan uchrashuvda ko‘p yillar davomida sport gimnastikasi bilan shug‘ullanib, xalqaro miqyosda shuhrat qozongan gimnastikachi Oksana Chusovitinaning xizmatlarini alohida hurmat bilan tilga oldi.

Bugun, 13 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida XXXII yozgi olimpiada o‘yinlarining ishtirokchi va g‘oliblari, ularning ota-onalari hamda murabbiylarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda sport gimnastikachi Oksana Chusovitinaning sportdagi shon-shuhratiga ham alohida to‘xtalindi.

«Biz hammamiz yaxshi bilamiz, u ilk Olimpiada o‘yinlaridagi ishtirokini 1992 yili Barselonada boshlagan edi. Shundan buyon u tanaffussiz sakkiz marta Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etdi. Bu haqiqatan ham Ginnes rekordlar kitobiga kirgan dunyo sporti tarixidagi ulkan hodisadir.

Oksana Aleksandrovnaning Tokio Olimpiadasidagi navbatdagi ishtiroki muhim voqea sifatida e'tirof etildi. Dunyo jamoatchiligi Oksananing o‘ziga qat'iy ishonchini namoyon qilgan har bir chiqishini hayrat va havas bilan to‘lqinlanib kuzatib bordi. 

Biz bunday afsonaviy sportchilarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Uning jasorati, g‘alabaga bo‘lgan intilishi yosh sportchilar uchun o‘ziga xos yuksak natijalar va shon-shuhrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.

Oksana Chusovitinaning kelgusi murabbiylik faoliyatiga omad tilab, uning sport olamidagi katta tajribasi bo‘lajak chempionlarni tarbiyalashga hissa qo‘shishiga ishonamiz», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Prezident bokschi Bahodir Jalolovning g‘alabasiga ham to‘xtaldi. 

«Yengilmas bokschimiz o‘tgan vaqt davomida o‘z ustida tinimsiz ishlab, yoshlarga namuna bo‘ldi. Bahodir aziz onasiga, xalqimizga bergan va'dasining ustidan chiqib, Vatanimizga uchinchi oltin medalni tuhfa qildi.

O‘ylaymanki, qishloqdoshlaring, do‘stlaring, ukalaring uchun katta maktab yaratish vaqti-soati keldi. Bahodir Jalolovning sport mahorati maktabini tashkil etamiz», dedi u. 

Prezident marosim davomida Vazirlar Mahkamasiga Oksana Chusovitina va Bahodir Jalolov sport mahorati maktabi tashkil etish hamda bu maktablarning faoliyati uchun barcha sharoitlar yaratilishi bo‘yicha topshiriq berdi.

Ma'lumot uchun, Oksana Chusovitina 2017 yilda «El-yurt hurmati» ordeni bilan, 2020 yilda «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni bilan taqdirlangandi.

Mavzu
Tokio Olimpiadasi
Pandemiya tufayli qoldirilgan 2020 yilgi Yozgi Olimpiada 2021 yil 23 iyulida Yaponiyaning Tokio shahrida rasman boshlanadi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top