21:05 / 05.10.2021
6542

Xalqaro koinot stansiyasiga tarixda birinchi marta kinoijodkorlar yo‘l oldi

Foto: cdn-crimea-news.com

Rossiyaning “Soyuz MS-19” fazoviy kemasi tarixda birinchi marta kinoijodkorlardan tashkil topgan ekipaj bilan Xalqaro koinot stansiyasiga yo‘l oldi. Kemada stansiyaga “Vyzov” (Chaqiruv) filmi suratga olish guruhi a'zolari: aktrisa Yuliya Peresild va rejissyor Klim Shipenko uchgan.

Ularga fazogir Anton Shkaplerov hamrohlik qilgan. Kema Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan Toshkent vaqti bilan soat 13:55 da “Soyuz-2.1a” raketasi yordamida uchirilgan.

Badiiy film kinematografiya tarixida professional aktyorlar ishtirokida fazoda suratga olingan birinchi filmga aylanadi.

Bundan tashqari, birinchi marta “Soyuz” sardori kemani XKS tomon bortmuhandissiz olib borgan. Gap shundaki, hozirda kema modernizatsiya qilinib, unda sardorning bir o‘zi orbitaga ikki noprofessional fazogirni yetkazish imkoni paydo bo‘lgan.

Keyinroq kema XKSning Rossiyaga tegishli segmentidagi “Rassvet” moduli bilan tutashgani ma'lum qilingan. 

Shipenko va Peresild stansiyada tarixda fazoda suratga olinadigan birinchi badiiy film ustida ishlar olib borishadi. Filmda fazogirning hayotini saqlab qolish uchun zudlik bilan fazoga yo‘l olishiga to‘g‘ri keladigan ayol shifokor haqida so‘z boradi. Kinoijodkorlar stansiyada 12 kun o‘tkazishlari rejalashtirilgan. Ular 17 oktyabrda fazogir Oleg Novitskiy bilan birga Yerga qaytishadi.

Mavzuga oid
Top