07:51 / 24.08.2022
41421

UzAuto Motors terminalda turgan minglab «Spark»lar bo‘yicha izoh berdi

Internetda Angren shahridagi yuk ortish va tushirish terminalida suratga olingan «Spark» avtomobillari suratlari tarqaldi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

UzAuto Motors joriy yil 20 avgust kuni 2022 yilda «Spark» avtomobillarini ishlab chiqarishni to‘xtatishga majburligi haqida e’lon qilganini bildirdi. Bu qaror joriy yil avgust oyidan boshlab, AQShning General Motors kompaniyasi tomonidan ushbu avtomobillarni va ular uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni to‘xtatish haqidagi global qarori bilan bog‘liq ekani aytiladi.

Bildirilishicha, UzAuto Motors’ning ushbu avtomobil modeliga bo‘lgan talab yuqori ekani bois kompaniya mavjud qolgan butlovchi qismlardan ishlab chiqarilgan «Spark» partiyasidan tashqari, eksportga yo‘naltirilgan avtomobillarni ichki bozorga yo‘naltirishga qaror qilgan.

20 avgust kunidan boshlab avtomobillar uchun kontraktatsiya boshlangan. Birinchi kunning o‘zidayoq barcha mavjud avtomobillar uchun jami 12 600 ta shartnoma tuzilgan: 8 200 dona «Spark» va 4 400 dona «Nexia» avtomobili.

Ta’kidlanishicha, ularni barcha dilerlik markazlariga yetkazib berish ishlari faol olib borilmoqda. Suratda «allaqachon mijozlar tomonidan shartnoma tuzilgan va keyinchalik mijozga yetkazib berish uchun Angren shahriga yetkazilgan» avtomobillar ko‘rsatilgan.

«Tez orada «Nexia» avtomobillari ham Angren shahriga mijozlarga yetkazib berish uchun jo‘natiladi», deyiladi xabarda.

Angren shahridagi yuk ortish va tushirish terminali UzAuto Motors tarkibiy bo‘linmasi bo‘lib, avtomobillar Qamchiq dovoni g‘arbidagi dilerlik markazlariga tarqatilishidan oldin tranzit saqlash uchun mo‘ljallangan.

Top