17:02 / 02.02.2023
29647

Ilg‘or shaharsozlik va hozirgi holatimiz – Toshkentning uchta nuqtasi misolida

Toshkentdagi ko‘plab ko‘cha va chorrahalar odamlarning harakatlanishi uchun juda noqulay, ularni loyihalashtirishda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yilgan, deydi shaharsoz Iskandar Soliyev. U o‘zining vizuallashtirilgan takliflarini Kun.uz bilan o‘rtoqlashdi.

Foto: KUN.UZ

Bunyodkor ko‘chasi va Kichik halqa yo‘li kesishmasida joylashgan, “Chilonzor” metro bekati joylashgan hudud – poytaxtning eng gavjum nuqtalaridan biri. Bu yerda avtomobillarning haddan ziyod ko‘pligi hamda yo‘l kengligidan atrofga katta zarar yetmoqda, piyodalarga esa qulay sharoitlar yaratilmagan.

Chilonzor metrosidan qatnovchi avtobuslar / Foto: Archemistry Urban

Chorrahadan 23 ta avtobus va 7 ta mikroavtobus harakatlanishi ham hududning o‘ta gavjumligini ko‘rsatadi. Ko‘p reyslar takrorlanib qolgan. Bunda transport tizimini soddalashtirish va takomillashtirish kerak. Shundan kelib chiqib liniyaga BRT (Bus rapid transit – tez qatnovchi avtobus) qo‘yilsa, uni boshqa transport hablariga ham ulash mumkin bo‘ladi.

Masalan, elektrobuslarni qo‘ysa, alohida yo‘lak borligi hisobiga bu transportning o‘rtacha tezligi oshadi va hozirgi avtobuslarga nisbatan zararsiz bo‘ladi. Shuningdek, bekatlar boshqa davlatlarda qilingani kabi, turniketli bo‘lishi kerak.

Tez qatnovchi avtobuslar, shaharsozning taklifi / Foto: Archemistry Urban

Bu yerda piyodalarga yaratilgan imkoniyatlar juda oz. Yo‘l ustidan o‘tish uchun ikki tomonga yo‘lak qilingan, xolos. Shu bilan barcha qulayliklar tamom. Odamlar yo‘lning narigi tomoniga o‘tish uchun yerosti yo‘lagidan deyarli foydalanmaydi. Asosan yer ustidan yo‘lni kesib o‘tishadi. Chunki yerosti yo‘lagi piyodalar harakati uchun noqulay.

Shaharda sog‘lom odamlardan tashqari, harakati cheklangan insonlar: homilador, bolali ayollar, qariyalar bor. Shuning uchun piyodalar o‘tish yo‘lini yer ustida qilgan ma’qul. Unda harakatlanish xavfsiz bo‘lishi uchun esa xavfsizlik orolchalari tashkil qilinishi lozim.

Piyodalar uchun xavfsiz yo‘lak, shaharsozning taklifi / Foto: Archemistry Urban

Yo‘lni toraytirish zarur. Menimcha, avtomobillar uchun 3 ta yo‘lak ham yetarli bo‘ladi. Qisqartirilgan joylarni velosipedchilarga moslash, yashil maydonga aylantirish hamda u yerga pulli parkomatlar o‘rnatgan foydali. Ishoning, shundan keyin yo‘llar kengligidan piyodalarga ham joy qoladi.

Qulay jamoat transporti haydovchilarning shaxsiy transportdan voz kechishiga xizmat qiladi. Avtomobillarga qancha sharoit yaratilmasin, tirbandlik masalasi hal bo‘lmaydi.

Qisqargan avtomobil yo‘llari, shaharsozning taklifi / Foto: Archemistry Urban

Chorrahaning stadion tomoni esa qolgan 3 ta tomonga ketuvchi yo‘llarga nisbatan faol emas. Agar odamlar metro bekatidan adashib o‘sha tomondan chiqib qolmasa, deyarli u yerdan hech kim yurmaydi. Sog‘lom va rivojlangan shaharlarda bo‘sh yerlar foydasiz yotmaydi. Mana shu metrodan chiqishda ham qandaydir jamoat zonalari tashkil etish zarur. Bu bilan mazkur hududni ham jonlantirish kerak.

“Bunyodkor” stadioni atrofining juda kattaligi va bu yerlarga katta bog‘ yoki binolar sig‘ishini quyidagi rasmda ko‘rish mumkin. Shahar ichida katta hududni egallab turish hamda u yerni odamsiz, jonsiz nuqtaga aylantirish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Bo‘sh yerdan qanday foydalanish kerakligi, shaharsozning taklifi / Foto: Archemistry Urban

Chilonzor ko‘prigining osti ham bo‘sh yotibdi. Bu yerlarni ham qandaydir jamoat zonalariga aylantirish yoki sport maydonchalari qilish mumkin. Lekin negadir bo‘sh yotadi. O‘ylashimcha, joyni odamlarga qaytarish zarur. Aslini olganda, bu o‘zgarishlar O‘zbekistondagi ko‘plab chorrahalarga kiritilishi kerak.

“Odamlar harakatini qiyinlashtirishning 100 usuli”

Abdulla Qodiriy ko‘chasi bo‘ylab yashil alleya joylashgan. Bu juda yaxshi, lekin ko‘chaning Sebzor ko‘chasi bilan kesishgan nuqtasidan o‘tishning o‘zi bir “kvest”dan iborat.

“Ganga”ning hozirgi holati / Foto: Archemistry Urban

Ilgari bir o‘yin bo‘lardi, unda bir qurbaqa yo‘llardan sakrab, avtomobillardan qochib, ko‘l chetiga yetib olishi kerak edi. Bu ko‘cha ham xuddi shunday... Yo‘lning narigi tomoniga o‘tish uchun yo‘lak faqat tepadan qilingan. Aksariyat odamlar osonroq va tezroq hisoblab, avtomobillardan amallab qochib yo‘lni kesib o‘tadi. Shunda ham o‘tkir tig‘li panjaralardan sakrab o‘ta olsa. Qolganlar esa yoshi ulug‘mi, homilador yoki imkoniyati cheklangan – farqi yo‘q, majburan yerusti ko‘prikdan o‘taveradi.

Keling, endi shu ko‘chadagi ba’zi qilinishi kerak bo‘lgan o‘zgartirishlarni sanab o‘tamiz:

  1. Yo‘l chetidagi temir panjara to‘siqlarni olib tashlash.
  2. Yerusti o‘tish ko‘prigini umuman yo‘q qilish hamda piyodalarga qulayroq bo‘lgan o‘tish yo‘lagini (“zebra”) tashkil etish va uni trotuar balandligiga tenglashtirish.
  3. Trotuarlarni barcha uchun qulay qilish.
  4. Hozirgi juda keng va ko‘p zarar yetkazishga imkoniyat beradigan yo‘lni toraytirish.
  5. Alohida avtobus va trolleybus yoki tramvay yo‘laklarini qurish.
  6. Alohida veloyo‘lak barpo qilish.
  7. Yo‘l chetida vaqtinchalik va pulli avtoturargoh tashkil qilish.
  8. 8Ko‘chaning bu qismida avtomobil tezligini 30 km/s gacha tushirish.
  9. Vizual axlat, ya’ni tijorat reklamalarini tartibga solish.
  10. Ko‘chaga ma’lum dizayndagi kodni ishlab chiqish lozim.
Taklif-konsepsiya / Foto: Archemistry Urban

Shimoliy vokzal haqida

Possovet mamlakatlarining vokzallari o‘zining yopiqligi bilan ajralib turadi. Bizda esa nafaqat yopiq, vokzalgacha bo‘lgan yo‘lning o‘zi ham qiyinchiliklarga boy:

  1. Vokzalgacha tang ahvoldagi jamoat transporti orqali yetib borish.
  2. Avtobusdan tushib, agar yo‘lning narigi tomoni – vokzal tarafga o‘tmoqchi bo‘lsangiz, yerusti yo‘lagi yo‘qligi sababli yukingiz bilan katta va bepoyon yerosti yo‘liga tushasiz va qiyinchilik bilan tepaga ko‘tarilasiz.
  3. Bu hali hammasi emas, vokzalga kirayotib “tekshiruv” punktidan chiptangizni, agar kam bo‘lsa pasportingizni ham ko‘rsatib o‘tishingiz kerak bo‘ladi.
  4. Vokzalda reyslar bilan tanishib, poyezdingizning vaqtini yana qayta bilmoqchi bo‘lasiz, tabloni qidirasiz. Ammo… Qanday tablo bo‘lsin?! Unday narsaning o‘zi yo‘q-ku.
  5. Vokzalda reyslar vaqtini e’lon qiladigan opaning ovozi esa eshitarli darajada baland emas va tushunish qiyin.
  6. Poyezdingizning vaqti va yo‘lagini ham topdingiz deylik. Agar birinchi yo‘lak bo‘lmasa, unda sizni yana bir marotaba tabriklayman, chunki bu ham yana bir noqulaylik.
  7. Pandussiz yerosti yo‘li kutmoqda. Agar harakati cheklangan, qariya yoki homilador, bolali ayol bo‘lsangiz, bu yer siz uchun emas. Safaringiz bexatar bo‘lsin.

Vokzallarimiz odamlar ularning xizmatidan foydalanmaslikka undaydigandek taassurot qoldiradi. Vokzal bu – tranzit transport habi, u yerda jamoat transportidan tortib to odam poyezdga o‘tirib, vokzaldan chiqib uyiga yetib olgunicha to‘siqlarga duch kelmasligi kerak.

Quyida esa vokzalning oldi qanday bo‘lishi mumkinligi haqida qilgan konsept loyiham bilan tanishishingiz mumkin.

Piyodalar uchun qulay yo‘l konsepsiyasi, shaharsozning taklifi / Foto: Archemistry Urban
Mavzuga oid
Top