10:22 / 01.03.2023
8214

16 mingdan ortiq ukrainalik bolalar Rossiyaga majburan olib ketilgan

Rossiya kuchlari Donbass, Zaporijjya va Xerson viloyatlaridan 16 mingdan ortiq bolani Rossiyaga majburan olib ketdi, deb ma’lum qildi Ukraina bosh prokurori Andrey Kostin Yevropa kengashining inson huquqlari bo‘yicha komissari Dunya Miyatovich bilan uchrashuvda. 

Foto: AP

«Eng dahshatli jinoyatlardan biri ukrainalik bolalarning Rossiya va Belarusga majburan deportatsiya qilinishidir. 2022 yilning may oyida Putin Donbass, Zaporijjya va Xersondan bo‘lgan bolalar uchun Rossiya fuqaroligini olishning soddalashtirilgan tartibi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi», — dedi u. 

Kostinning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina rasmiylari hozirgacha bor-yo‘g‘i 307 nafar bolani qaytarishga muvaffaq bo‘lgan. Qolganlarini qaytarish uchun Kiyev xalqaro hamjamiyat yordamiga muhtojligini ta’kidladi. 

«Rossiyani to‘xtatib, inson huquqlarining bu qo‘pol tarzda buzilishi uchun javobgarlikka tortish kerak», dedi Ukraina Bosh prokurori.

Yevrokomissiya Polsha va BMT bilan birgalikda ukrainalik bolalarning deportatsiyasiga oid dalillarni birgalikda yig‘ish tashabbusini ilgari surmoqda, deb xabar berdi DW nashrining Bryusseldagi muxbiri. 

Bosqin boshidan beri minglab ukrainalik bolalar Rossiya harbiylari tomonidan asrab olish uchun Rossiyaga olib ketildi, dedi Yevropa komissiyasi rasmiy vakili Dana Spinant brifingda. 

«Ukrainalik bolalarning o‘g‘irlanishi - katta ijtimoiy muammo, fojia va jinoyat», deya ta’kidlab o‘tdi u. 

Qo‘shma tashabbusdan ko‘zlangan maqsad - majburan olib chiqib ketilgan bolalarni topish va aybdorlarni javobgarlikka tortish. Yaqin kunlarda Yevropa Komissiyasi tashabbus haqida batafsilroq ma’lumot berishi aytiladi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top