11:36 / 01.03.2023
5752

Rossiya sudi «Vikipediya»ni «noto‘g‘ri ma’lumot» uchun jarimaga tortdi

Wikimedia fondi Rossiya armiyasining Ukrainadagi harakatlari haqidagi maqolalarni olib tashlamaganlikda aybdor deb topildi. Avvalroq, «Vikipediya» Rossiya armiyasi haqida «feyk»lar uchun 3 million rubl jarimaga tortilgandi.

Foto: point.md

Moskvaning Taganskiy sud okrugi sudyasi Wikimedia fondini onlayn «Vikipediya» ensiklopediyasidan Ukrainadagi urushda Rossiya qurolli kuchlarining harakatlari haqidagi maqolalarni olib tashlamagani uchun 2 million rubl miqdorida jarimaga tortdi. Bu haqda Moskva sudlari matbuot xizmati 28 fevral, seshanba kuni xabar berib, resurs Rossiya Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 13.41-moddasi 2-qismi bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlikda aybdor deb topilganini bildirdi.

Xususan, gap «Vikipediya»dan 74-gvardiya motoo‘qchilar brigadasi, 138-alohida motoo‘qchilar brigadasi, 92-raketa brigadasi haqidagi maqolalarni olib tashlamaslik, shuningdek, RF Qurolli Kuchlarining urush paytida Xarkiv, Lisichansk va Mariupoldagi harakatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish haqida bormoqda.

Bu kompaniyaga ushbu modda bo‘yicha qo‘llangan to‘rtinchi jarimadir. Avvalroq «Vikipediya» rossiyalik harbiylarning Ukrainadagi harakatlari haqidagi «feyk»lari uchun 3 million rubl, Ukrainadagi urush haqidagi maqolalarni olib tashlashdan bosh tortgani uchun 2 million rubl, porox qanday ishlab chiqarilgani haqidagi ma’lumotlarni joylashtirgani uchun 2 million rubl miqdorida jarimaga tortilgan edi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top