18:17 / 03.03.2023
39388

“Yandeks taksi”ni monopoliyaga qarshi tartibga solish nega qiyin bo‘lyapti?

“Yandeks taksi” haydovchilari kartadan to‘lov qabul qilishni xohlamasligi, buyurtmani bekor qilishni so‘rashi va umuman bu xizmat monopoliyaga qarshi tartibga solinmayotgani e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, bunga sabab – xizmat ko‘rsatuvchining O‘zbekistonda emas, xorijda ro‘yxatdan o‘tganidir.

Rossiyaning “Yandeks” kompaniyasiga qarashli “Yandeks. Taksi” xizmati 2018 yilda O‘zbekistonga kirib kelganidan beri tez ommalashdi. Avval Toshkentda, keyin mamlakatning boshqa shaharlarida ham xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ydi.

2021 yildan u Toshkent shahri hududida to‘lov uchun bank kartalarini qabul qilishni boshladi. Lekin bu orada haydovchilar naqdsiz to‘lov asosida buyurtmalarni qabul qilishni rad etishi kabi holatlar kuzatila boshladi.

Taksi buyurtma qilgan mijoz “Yandex Go” ilovasi orqali yo‘lkira naqd yoki naqdsiz shaklda bo‘lishini tanlay oladi. Haydovchi mijozni olishga yetib kelgach, buyurtmani naqdsizdan (kartadan) naqdga o‘zgartirishning imkoniyati yo‘q. Shuning uchun haydovchilar ko‘pincha mijozga telefon qilib, buyurtmani naqd pulga o‘tkazish yoki bekor qilishni so‘raydi.

Haydovchilar buyurtma naqdsiz shaklda ekanini ko‘rgach, hech qanday ogohlantirishsiz, mijozni manzildan olmasdan ketib qolgan holatlar ko‘p bo‘lgan. Shunda mijoz buyurtmani bekor qilishga majbur bo‘ladi, lekin “Yandex Go” xizmati taksi yetib kelgach, buyurtmani bekor qilgani yoki taksi biroz masofani bosib o‘tgani uchun mijozdan 3000-4000 so‘m atrofida pul yechib oladi. Agar bu haqda qo‘llab-quvvatlash xizmatiga ma’lum qilinsa, pul yechib olish bekor qilinadi.

Ba’zan haydovchilar naqd bo‘lmagan to‘lovlarni yechib olish vaqt talab qilishidan shikoyat qiladi.

Ayrim haydovchilar Kun.uz bilan suhbatda naqdsiz to‘lovlar “Yandeks. Taksi” komissiyasini qoplab borishini, shu tufayli bu juda qulayligini aytadi. Komissiya miqdori har bir buyurtma uchun hisoblangan yo‘l haqining 5 foizidan 13 foizigacha. Biroq ba’zan haydovchilar hisobida keragidan ortiq pul to‘planib qoladi, ortiqcha mablag‘ni olishga zarurat tug‘iladi.

E’tirozlar va savollar

Shu kunlarda bu masala ijtimoiy tarmoqlarda bahslarga sabab bo‘lmoqda. Bloger Shahnoza Soatova Twitter'dagi sahifasida “Yandeks. Taksi” haydovchisi bilan kartadan to‘lov borasida muammo yuzaga kelgani haqida yozdi. Haydovchi undan naqdsiz to‘lov asosidagi buyurtmani bekor qilishni co‘ragan.

Jurnalist Aziza Qurbonovaning fikricha, haydovchilar naqdsiz to‘lovni xohlamasligining sababi – kartadan to‘lov ularning kartalariga bog‘lanmaganidir.

“Virtual koshelyokka yig‘ilgan pulni o‘z kartalariga ko‘chirish uchun ular taksi firmasiga ariza yozishi va kartasiga tushirib berishini kutishi kerak. 3–4 kun deganda pulini tushirib, naqdlashtirib olishi mumkin. Kimgayam yoqadi buncha kutish?! Juda mantiqsiz va ahmoqona tizim. Ikki o‘rtada mijoz ham, haydovchi ham ovora”, – deb yozdi u.

Shundan keyin faollarda bu taksi agregatori O‘zbekistonda qaysi huquqiy asoslarga ko‘ra ishlayotgani, kompaniya O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tganmi, agar o‘tgan bo‘lsa qayerda, qanaqa va qancha soliq to‘layapti kabi savollar tug‘ildi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning ochiq ma’lumotlarga tayanib yozishicha, Toshkent shahrida agregatorning taksi xizmatlari ko‘rsatishdan olayotgan va O‘zbekistonda soliqqa tortishdan chetda qolayotgan komissiyasi hisoblangan yo‘l haqining 13 foizgacha qismini tashkil etadi.

“Yandeks.Taksi” O‘zbekistondagi partnyorlari (ular soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishgan) oladigan komissiya hisoblangan yo‘l haqidan o‘rtacha 5 foiz. Ular bu daromadlardan soliq to‘lashadi”, – deydi Bakirov.

Iqtisodchi nega “Yandex Go” ustun mavqega ega sub’yektlar ro‘yxatida yo‘qligiga ham e’tibor qaratdi.

“Hatto allaqachon monopol mavqeyini yo‘qotgan “Uzpaynet” MChJ ro‘yxatda bor. Lekin Yandex Go yo‘q”.

Ustun mavqega ega sub’yektlar reyestri

O‘zbekiston qonunchiliga muvofiq, tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni (bozorning 35-50 foizidan yuqori ulushini) egallab turgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar davlat reyestri yuritiladi.

Reyestrdan maqsad – monopolistlar faoliyati monitoringi va nazoratini amalga oshirish, ularning ustun mavqeyini suiiste’mol qilishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. 2023 yil 1 yanvar holatiga reyestrga 83ta xo‘jalik yurituvchi sub’yekt kiritilgan.

2019 yilda “Yandeks. Taksi” xizmati 10 mingdan ortiq avtomobilni qamrab olgan bo‘lsa-da, amalda poytaxtdagi lisenzion taksilar soni 5 mingta atrofida ekani aytilgandi. O‘shanda Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mubin Mirzayev “Yandeks. Taksi” deyarli soliq to‘lamasligiga urg‘u bergandi.

Antimonopoliya va soliq organlari nima deydi?

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “Yandeks. Taksi” atrofidagi bahslarga munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, qo‘mita taksi agregatorlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar bozorida to‘laqonli tahlil o‘tkazishni 2022 yil oktyabr oyida boshlagan, mutasaddi vazirlik va tashkilotlarga so‘rov yuborilgan.

“Tahlillar jarayonida 2022-yil noyabr oyida Yandex kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi va unda Yandex kompaniyasi tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar narxlarining shakllantirish usullari va “Yandeks” ilovasi foydalanuvchilarining murojaatlari va shikoyatlarini ko‘rib chiqish, haydovchilar bilan o‘rnatiladigan munosabatlar yuzasidan tushuntirish va ma’lumot berdi.

Shu bilan birga, qo‘mita tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Raqobat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchiligi talablari haqida hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini yanada oshirish bo‘yicha kompaniya vakillariga tegishli tavsiyalar berildi. Aholi fikrini atroflicha o‘rganish maqsadida, Qo‘mitaning saytiga so‘rovnoma ham joylashtirildi”, – deyiladi raqobatga mas’ul organ axborotida.

Qo‘mitaning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, so‘rovnoma natijalari tez orada e’lon qilinadi.

Ta’kidlanishicha, taksi agregatorini monopoliyaga qarshi tartibga solish qiyinligi – amaldagi qonunchilik va Yandex Go'ning operatori xorijda ro‘yxatdan o‘tganiga borib taqaladi.

Yandeks” kompaniyasi mamlakatimizda yuridik shaxsni tashkil etmagani masalasi qo‘mita vakolatiga kirmaydi. Ammo ushbu masalada O‘zbekiston Respublikasi vakolatli organlarining kelishilgan izchil harakatlariga ehtiyoj mavjud. Shu bilan birga, bugungi kunda deyarli barcha global raqamli platformalar mamlakatimizda alohida yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tmaganiga qaramasdan mahalliy iste’molchilarga o‘z xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.

Ushbu holat ularning faoliyatini monopoliyaga qarshi tartibga solishda ma’lum qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda, shu jumladan, tahlil qilish nuqtayi nazaridan ham”, – deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, bozorda ustun mavqeni egallab turgan subektlar reyestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, qo‘mita 2023 yil fevral oyida Yandex Go xizmati ta’sischilari Yandex N.V. (Schiphol Boulevard 1651118 BG, Schiphol, The Netherlands), Yandex Europe AG (Werftestrasse 4, CityBay Business Center, CH – 6005 Lucerne, Switzerland), Ridetech International B.V. (Schiphol Boulevard 165, 1118 BH, Schiphol, Netherlands) kompaniyalariga so‘rovlar jo‘natgan.

Bunda, ushbu kompaniyalardan Yandex Go xizmatiga doir haydovchi (biznes foydalanuvchi) va mijoz (oxirgi foydalanuvchi) sifatida dastur foydalanuvchilarining soni, tranzaksiyalar va yo‘lovchi tashishlarining umumiy soni, Yandex Go servisining yo‘lovchi tashish xizmatlari bo‘yicha yalpi tushum (Gross merchandise volume) hamda Yandex Go xizmati va taksi parklari tomonidan olinadigan komissiya miqdorlari va taqsimoti bo‘yicha 2022 yilga doir ma’lumotlar so‘ralgan. Tahlil natidalari OAVda e’lon qilinishi aytildi.

Raqobat qo‘mitasining qo‘shimcha qilishicha, raqamli platformalar faoliyatini tartibga solish masalalari o‘ziga xosligini inobatga olib, ishlab chiqilgan “Raqobat to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasida raqamli platformalarga doir maxsus normalar aks ettirilgan.

2 mart kuni Senatning 37-yalpi majlisida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Demak, qo‘mita bayonotidan tushunish mumkinki, “Yandeks. Taksi”ni ustun mavqega ega sub’yektlar ro‘yxatiga kiritish yoki kiritmaslik masalasi yangi qonun asosida ko‘rib chiqilishi mumkin.

Davlat soliq qo‘mitasiga ko‘ra esa, “Yandex Europe AG” korxonasiga tegishli “Yandex Go” mobil ilovasi yordamida taksi faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar bu ilovaga Toshkent shahar Yunusobod tumanidan ro‘yxatdan o‘tgan “Yandex UB” mas’uliyati cheklangan jamiyati orqali a’zo bo‘lyapti.

“Ushbu korxona tomonidan o‘tgan 2022 yil yakunlari bo‘yicha budjetga 138,3 mln so‘m hamda 2023 yilning o‘tgan oylarida 54,3 mln so‘m soliqlar to‘langan”, – deyiladi soliq organi axborotida.

“Kompaniya ro‘yxatdan o‘tgan joyida soliq to‘layapti”

Ma’lum bo‘lishicha, “Yandeks. Taksi” xizmatlari O‘zbekiston hududida Ridetech International B.V. tomonidan taqdim etiladi. Bu yuridik shaxs Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan. O‘zbekiston va Niderlandiya o‘rtasida esa ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olishga doir kelishuv bor.

Kun.uz bog‘langan “Yandeks. Taksi” rasmiylari platforma O‘zbekistonda amaldagi qonunchilikka muvofiq ishlayotganini bildirdi.

“Platforma respublikadan tashqaridagi hamkorlarga masofaviy xizmatlarni taqdim etadi. Bunday xizmatlarni ko‘rsatadigan kompaniya o‘zi ro‘yxatdan o‘tgan joyda amaldagi qonunchilikka muvofiq soliq to‘laydi. Shu bilan birga, bizning hamkorlarimiz – “Yandex Go” platformasi orqali pul ishlayotgan taksi kompaniyalari va ularning haydovchilari O‘zbekistonda ko‘rsatilayotgan transport xizmatlariga nisbatan soliq va yig‘imlarni to‘lash uchun javobgardirlar.

O‘zbekiston biz uchun muhim bozor ekanini alohida ta’kidlaymiz. Biz mamlakatda xizmatni faol rivojlantirmoqdamiz: geografiyani kengaytirmoqdamiz, yangi xavfsizlik texnologiyalarini yaratmoqdamiz va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarga sarmoya kiritmoqdamiz, xayriya jamg‘armalari va notijorat tashabbuslar bilan hamkorlik qilamiz”, – deyiladi xabarda.

Shuningdek, vakillar 2022 yilda kompaniya Toshkentdagi IT-Park rezidenti bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

Kun.uz “Yandeks. Taksi”ning soliq to‘lovchi sifatidagi statusi, kompaniya Niderlandiyada soliq to‘layotgani borasidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasiga so‘rov yubordi.

Madina Ochilova,
Kun.uz

Mavzuga oid
Top