23:37 / 09.03.2023
18895

AQSh Xitoy kompaniyalariga qarshi sanksiyalar kiritdi 

Pekin Eron va Rossiyaga harbiy yordam berganlikda ayblandi.

Foto: Reuters

AQSh Eronga «Shohid» harbiy dronlarini ishlab chiqarishda yordam berayotgan bir qancha Xitoy kompaniyalariga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda AQSh Moliya vazirligi xabar berdi. 

Jumladan, beshta kompaniya va bir jismoniy shaxs Amerika cheklovlari ostida qoldi. Kompaniyalar Xitoyda joylashgan, ammo Eronga samolyotlar, jumladan, dronlar uchun butlovchi qismlar yetkazib bergan. 

Qayd etilishicha, Xitoy kompaniyalari «Shohid-136» kamikadze dronlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Eron aviatsiya sanoat kompaniyasi uchun butlovchi qismlarni yetkazgan. 

Joriy qilingan sanksiyalar oqibatida ro‘yxatga kiritilganlarning Qo‘shma Shtatlardagi barcha aktivlari muzlatiladi. AQSh rezidentlariga bu kompaniyalar va ularning shu’ba korxonalari bilan har qanday operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi. 

Bundan tashqari, har qanday moliya tashkiloti sanksiyalar ro‘yxatidagi kompaniyalarga o‘z xizmatini taqdim etsa, sanksiyalarga duchor bo‘lishi mumkin. Bu butun dunyodagi moliya tashkilotlariga taalluqli. 

Qayd qilish joizki, Rossiya o‘tgan yilning kuzidan beri Ukraina fuqarolik infratuzilmasiga zarba berish uchun Erondan sotib olingan «Shohid-136» kamikadze dronlari va shunga o‘xshash modellardan foydalanmoqda. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top