07:42 / 09.03.2023
10516

Tbilisida politsiya va namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi

Gurjiston poytaxtida «chet el agentlari» haqidagi qonun loyihasiga qarshi namoyishlar davom etmoqda. Xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni tarqatish uchun yana suv purkagichlari va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi, namoyishchilar ko‘chalarda barrikadalar o‘rnatdilar.

Foto: Getty Images

Gurjiston poytaxtida 9 mart, payshanbaga o‘tar kechasi «chet el agentlari» haqidagi qonunga qarshi namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashdi. Namoyishchilarni tarqatish uchun xavfsizlik kuchlari bir kun oldin bo‘lgani kabi suv purkagichlar, ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqin granatalaridan foydalangan. Namoyishchilar ko‘chalarni barrikadalar bilan to‘sib qo‘yishga harakat qilishdi, ularning ba’zilari Gurjiston maxsus kuchlariga qarata turli buyumlar uloqtirishdi.

Tbilisidagi ommaviy norozilik namoyishlari 7 mart kuni, parlament «xorijiy ta’sir» to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilganidan keyin boshlandi. 8 mart oqshomida xuddi oldingi kundagi kabi, poytaxt markaziga yig‘ilgan minglab muxolifat tarafdorlari hokimiyatning bahsli qonun loyihasini qabul qilish niyatidan norozilik bildirdi. Namoyishchilar birinchi o‘qishda qabul qilingan hujjatni parlamentdan chaqirib olishni, bir kun oldin hibsga olingan namoyishchilarni qo‘yib yuborishni talab qilishdi.

Namoyishchilarning bir qismi parlament binosi hovlisi darvozasini buzib kirishga uringan. Politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalangan holda olomonni parlamentdan va uning oldidagi maydondan chetlatdi. Biroz vaqt o‘tgach, odamlar yana bino tomon yo‘l olishdi va maxsus kuchlar yana namoyishchilarni tarqatib, hibsga olishni boshladilar. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Tbilisi markazida qarama-qarshilik davom etmoqda.

Namoyish paytida huquq-tartibot idoralari tomonidan 76 kishi hibsga olingan, ularning barchasi mayda bezorilik va politsiyaga bo‘ysunmaslik ma’muriy moddalari bo‘yicha ayblanmoqda. Yana bir kishi politsiya xodimlariga hujum qilganlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Namoyishchilar bilan to‘qnashuvda 50 ga yaqin politsiyachi yaralangani aytilmoqda. Gurjiston Ichki ishlar vazirligi yaralangan namoyishchilarning aniq sonini aytmadi.

Bahsli qonun loyihalari Gurjiston parlamentiga «Xalq kuchi» jamoat harakati tomonidan kiritilgan. U mamlakatda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan ko‘p o‘tmay paydo bo‘ldi va maqsadlaridan biri sifatida «liberal mafkura targ‘iboti» va «G‘arbning Gurjistonni urushga tortish istagi»ga qarshi kurashni belgiladi. Qonun loyihalarini «Xalq kuchi» bilan birgalikda parlamentdagi mutlaq ko‘pchilik o‘rinlarga ega bo‘lgan hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi qo‘llab-quvvatladi.

Mavzuga oid
Top