Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniyada politsiya xodimlariga hujumlar bo‘yicha tezkor sudlar o‘tkazish talab qilindi
Germaniyada yangi yil kechasida favqulodda xizmat xodimlariga qilingan hujumlardan so‘ng XDI va politsiya kasaba uyushmasi vakillari bunday ishlar bo‘yicha sud qarorlarini tezlashtirishga chaqirdi.
Yangi yil kechasida Germaniyaning favqulodda xizmat xodimlariga qilingan hujumlardan keyin Germaniyadagi hukmron koalitsiya tarkibiga kiruvchi Xristian-demokratik ittifoq (XDI) vakillari, shuningdek politsiya kasaba uyushmasi bunday voqealar sabab kelib chiqqan ishlar bo‘yicha sud jarayonlarini tezlashtirishga chaqirdi. Bu haqda 1 yanvar, payshanba kuni Bild gazetasi xabar berdi. XDI bosh kotibi Karsten Linneman fikricha, bunday jinoyatlarda ayblanuvchilarga nisbatan hukmlar bir necha kun ichida chiqarilishi kerak. Bu nuqtai nazarni Germaniya politsiya kasaba uyushmasi rahbari Andreas Rosskopf ham qo‘llab-quvvatlaydi.
“Bu holatlarda biz keyingi jazolar bilan birga tezkor sud muhokamalarini kutamiz. Buni hayotini xavf ostiga qo‘yayotgan hamkasblarimiz kutmoqda. Gap endi faqat pirotexnikani taqiqlash haqida emas, balki huquq ustuvorligimizga qarshi jiddiy tajovuzlar haqida ketyapti”, — deb izoh berdi Rosskopf. Uning aytishicha, hozir bunday ishlarni ko‘rib chiqish ko‘pincha oylab cho‘zilib ketadi va juda yumshoq hukmlar bilan yakunlanadi. Masalan, 2025 yil noyabr oxiriga kelib Berlinda o‘tgan yilgi yangi yil bayrami ortidan qo‘zg‘atilgan taxminan 230 ta ish hali ham ko‘rib chiqilmay qolgan.
Yangi yil kechasida favqulodda xizmat xodimlariga qarshi hujumlar Germaniyaning bir qator yirik shaharlarida qayd etildi. Berlinda politsiyachilar bir necha bor petardalar va pirotexnik raketalar bilan nishonga olingan, oqibatda politsiyaning 24 nafar xodimi jarohat olgan. Hamburgda 10 nafar politsiyachi yaralangan va ular xizmatni davom ettira olmagan. Leypsigda ham huquq-tartibot idoralari xodimlariga pirotexnika bilan hujum qilingan.
Bilefeldda esa yangi yil kechasida qo‘lbola feyyerverklar bilan bog‘liq voqealar natijasida 18 yoshli ikki o‘smir halok bo‘lgan. Pirotexnikani ehtiyotsiz ishlatish oqibatida Berlin, Leypsig va Rostok shaharlari aholisi ham jarohat olgan.
Mavzuga oid
18:47 / 14.06.2026
Germaniya prezidenti O‘zbekistonga keladi
10:00 / 10.06.2026
Germaniya Ukraina uchun yana 300 million yevro ajratadi
10:40 / 09.06.2026
Yevropaning yangi avlod jangovar samolyoti loyihasi to‘xtatildi
11:20 / 08.06.2026