22:16 / 11.03.2023
26728

SSV tizimida qator rahbar xodimlar ishdan olindi

SSV o‘z vazifasiga mas’uliyatsiz yondashgan bir qator rahbar xodimlar lavozimidan ozod etilgani haqida xabar berdi. Xususan, «O‘zmedimpeks» MChJ direktori, Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori, vazirlik investitsiya boshqarmasi boshlig‘i hamda boshqa qator mas’ullar ishdan ketgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Bugun, 11 mart kuni sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov rahbarligida vazirlikning navbatdan tashqari hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tanqidiy ruhda kechgan majlisda tizimdagi qator yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar chuqur tahlil etildi.

«Ta’kidlanganidek, yurtimizda aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish, bu orqali fuqarolarning tibbiyot tizimidan roziligini ta’minlashga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Biroq shunga qaramay, tizimda yechimini kutayotgan masalalar, hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar yo‘q emas.

Xususan, sohada byurokratik to‘siqlar, afsuski, hali ham uchrab turibdi. Ayniqsa, aholini sifatli dori-darmon vositalari, tibbiy buyum va jihozlar bilan ta’minlash, tizimda ijro intizomini nazorat qilish borasida qator muammolar mavjud.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash yo‘nalishida xalqaro investitsiyalar jalb qilinishini muvofiqlashtirish, bolalar tibbiyotida ilg‘or davolash usullarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ishlar ham yetarli darajada tashkil qilinmayapti.

Bu esa sog‘liqni saqlash sohasi boshqaruv tizimida hanuz zamon talablariga mos, yangicha fikrlovchi, tashabbuskor, muammoli masalalar yechimiga professional va kreativ yondashadigan kadrlar yetishmasligini ko‘rsatmoqda», deyiladi vazirlik xabarida.

Shundan kelib chiqib, berilgan topshiriq va vazifalar hamda qo‘yilgan talablarni o‘z vaqtida bajarmagani sababli «O‘zmedimpeks» MChJ direktori A.Nabiyev, Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi A.Sharipov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. 

Shuningdek, o‘z yo‘nalishida yetarli natija ko‘rsata olmagani bois vazirlikning Dori vositalari va tibbiy buyumlar va jihozlar muomalasini tartibga solish va muruvvat yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i X.G‘aniyeva hamda yana bir qator mas’ullar ham ishdan olingani ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda vazir A.Inoyatov tibbiyot tizimidagi har bir rahbar o‘z vazifasiga vijdonan yondashishi kerakligini alohida ta’kidlab, bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda soha oldida turgan dolzarb masalalarga to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan Investitsiya va grant loyihalarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajarib kelgan N.Rasulov o‘z lavozimidan ozod etildi.

Vazirlik hay’at yig‘ilishida N.Rasulov o‘tgan davr mobaynida davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarini jihozlash ishlariga investitsiya va grant mablag‘larini jalb etish hamda ularni o‘zlashtirish bilan bog‘liq o‘z lavozim majburiyatlarini lozim darajada bajarmay kelgani qayd etilgan.

«Bu holat esa davolash-profilaktika muassasalarini zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash va shu orqali aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha prezident topshiriqlari yetarli darajada ta’minlanmay qolishiga olib kelgan. Bundan tashqari, ushbu mas’ul xodim tomonidan ichki mehnat tartibi qoidalari ko‘p bor buzilish holatlari kuzatilgan», deydi Yuridik boshqarma boshlig‘i Ruslan Muhammadiyev.

Shundan kelib chiqib,  N.Rasulov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi  bekor qilindi.

Mavzuga oid
Top