11:39 / 11.03.2023
5980

Toshkentning qariyb 400 ta ko‘chasiga nom berildi

Poytaxtning Olmazor, Uchtepa va Yangihayot tumanlaridagi 264 ta nomsiz, 23 ta nomi takrorlangan, 15 ta nomi qonun hujjatlari talablariga zid bo‘lgan ko‘chalar nomlandi. 91 ta ko‘chaning nomi esa o‘zgartirilgan.

Foto: KUN.UZ

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining “Toshkent shahridagi ayrim geografik obektlarni nomlash va qayta nomlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hujjat bilan Olmazor, Uchtepa va Yangihayot tumanlaridagi nomsiz ko‘chalarga nom berilmoqda, ayrimlarining nomi esa o‘zgartirilmoqda.

Jumladan, Olmazor tumanidagi 184 ta, Uchtepa tumanidagi 11 ta hamda Yangihayot tumanidagi 69 ta nomsiz ko‘cha nomlanmoqda. Ularning aksariyati tor va berk ko‘chalar.

Shuningdek, Olmazor tumanidagi 19 ta, Uchtepa tumanidagi 3 ta va Yangihayot tumanidagi 1 ta ko‘cha nomi takrorlanganligi tufayli o‘zgartirilgan.

Olmazor tumanidagi nomi qonun hujjatlari talablariga zid bo‘lgan 15 ta ko‘chaning nomi qayta nomlangan. Masalan, “Penza” ko‘chasiga “Anhor”ga, “Talant” ko‘chasi “Iste’dodga”, “Jonon” ko‘chasi “Paxta”ga o‘zgartirilgan.

Bundan tashqari, aholi punktlari tarkibiy qismlarining geografik joylashuvi qayta ko‘rib chiqilishi natijasida nomi o‘zgarayotgan Olmazor tumanidagi 39 ta, Uchtepa tumanidagi 50 ta hamda Yangihayot tumanidagi 2 ta ko‘cha qayta nomlangan.  

Top