Agar siz Toshkentda yashayotgan bo‘lsangiz, shahar ko‘chalarini nomma-nom sanab bera olasizmi? Yoki qo‘lingizdagi gadjetlar xaritalarisiz O‘zbekiston shaharlarida istalgan manzilni topib borishga ko‘zingiz yetadimi? Katta ehtimol bilan bu savollarga ijobiy javob topish qiyin. Chunki oflayn toponimik axborot bo‘yicha mamlakatimiz shaharlaridagi ahvol anchagina chatoq.

Poytaxtning markaziy ko‘chalaridan biri bo‘lgan Alisher Navoiy ko‘chasidagi binolarning raqamlanishi holatlarini o‘rgandik. Avvaliga shunchaki raqamlangan va raqamlanmagan binolar bo‘yicha boshlangan o‘rganishimiz turli qiziq va paradoksal holatlarni yuzaga chiqardi.

4 kilometrlik shohko‘chada 40 dan ortiq bino va inshootlar ro‘yxatga olingan. Lekin ko‘chaning boshidan oxirigacha bo‘lgan obektlar devorlaridagi raqam va ko‘cha nomi yozilgan tablolar 50 foizni ham tashkil qilmaydi – 18 ta.

Devorlardagi tablolar shakli ham har yerda har xil. Aniq bir standart asosida yasalmagan. Binolarning istalgan (o‘ng, chap, o‘rta, yon, orqa) qismiga o‘rnatilgan tablolar klassik, innovatsion, zamonaviy, raqamli nomsiz, nomli raqamsiz va hatto devorga qo‘lda yozib qo‘yilgan ko‘rinishlarga ham ega.