18:14 / 14.05.2023
26244

Erdo‘g‘an davri: Turkiya uning hukmronligida o‘tgan 20 yilda qanday o‘zgardi?

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 20 yildan buyon Turkiyani boshqarmoqda. Bu yillar ichida u islohotchi bosh vazirdan avtokrat prezidentga aylandi, yo‘l-yo‘lakay Yevropa chetidagi u qadar boy bo‘lmagan dunyoviy demokratiyani badavlat mintaqaviy islomiy davlatga aylantira oldi.

Turkiya Erdo‘g‘an davrida boy va dindor bo‘ldi. Foto: AFP

Zamonaviy respublika asoschisi Mustafo Kamol Otaturk davridan buyon Turkiya bu qadar keskin o‘zgarishlarga uchramagan edi.

Bu o‘zgarishlarning aksariyati ommaga yoqadigan va ortga qaytmas bo‘ldi. Yangi Turkiya 14 mayda o‘tadigan saylovlarda Erdo‘g‘an yutqazgan taqdirda ham uning davrida erishgan shakl shamoyilda uzoq vaqt qolaveradi.

Xo‘sh, Turkiya Erdo‘g‘an hokimiyat tepasiga kelgan 2003 yildan buyon nechog‘lik o‘zgardi? BBC bu haqda tahliliy maqola tayyorladi.

Demokratiyadan avtokratiyaga

Erdo‘g‘an 2003 yilda bosh vazir etib saylandi va darhol parlament respublikasidan prezidentlik respublikasiga o‘tish uchun asos tayyorlay boshladi.

2010 yilga kelib u prezidentni parlament emas, xalq saylashiga erishdi va uchinchi bosh vazirlik muddati tugagach, 2014 yilda bu me’yordan foydalanib, prezidentlikka saylandi.

Avvaliga lavozim dekorativ ko‘rinishga ega edi, biroq bu Erdo‘g‘anni o‘z maslakdoshlari boshqaruvidagi hukumat ishlariga aralashishdan to‘xtata olmadi. 2017 yilda u biroz ustunlik bilan yangi referendumda g‘olib chiqdi.

Bosh vazir lavozimi tugatildi, prezidentlik vakolatlari esa maksimal ravishda kengaytirildi. Bir yildan so‘ng Erdo‘g‘an yana saylandi va Turkiyaning yakka humdoriga aylanib oldi.

Parlament demokratiyasining tiyib turuvchi va posangi bo‘luvchi tizimi tugatildi. Turkiya avtokratiyaga aylandi. Prezidentga hukumat, saylov komissiyasi, sudlar, politsiya va armiya bo‘ysundirildi.

Prezidentning vakolatlari oshib borar ekan, fuqarolarning erkinliklari kamaya bordi. Foto: AFP

Hokimiyat jilovini bir joyga jamlash Turkiyani kurdlar va kiprliklar bilan sulhga erishish umididan mahrum qildi, shundoq ham uzoq bo‘lgan Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish istiqbollari esa tumandek tarqab ketdi.

2003 yilda Turkiyada davlat rahbari — bosh vazir parlamentdagi omonatgina koalitsiya tayinlovi edi, uning hokimiyati chegaralangan, tarafdorlar va muxolifat bilan murosa ustiga qurilgan, istalgan daqiqada lavozimdan mahrum bo‘lish xavfi mavjud edi.

2023 yilga kelib esa davlat rahbari — prezident xalq nomidan o‘zi istagancha ish ko‘rmoqda. Ma’muriy resurs unga sudlar va matbuotga e’tibor bermasdan, parlament va yirik shaharlar merlari saylovlari natijalariga ham ta’sir o‘tkazish imkonini beradi.

Garchi Erdo‘g‘an har doim ham buning uddasidan chiqa olmayotgan bo‘lsa-da, unda Turkiyada yakkahukmronlik o‘rnatish uchun barcha vositalar bor. Bu esa mamlakat so‘nggi 20 yil ichida duchor bo‘lgan eng birinchi va eng katta o‘zgarishdir.

Dunyoviy davlatdan islomiy davlatga

Erdo‘g‘an Otaturk chizg‘ichlari bilan bichilgan dunyoviy Turkiyani qabul qilib oldi. O‘z hukmronligining yigirmanchi yiliga kelib u Turkiyani islomiy davlatga aylantirdi.

Uning davrida maktab va ishxonalarda ro‘mol va hijobga joriy etilgan taqiq bekor qilindi. Istanbuldagi Vizantiya davrida yaratilgan mashhur sobor yana muzeydan Ayo Sofiya jomesiga aylantirildi. Davlat va din ishlarini aralashtirishga bo‘lgan taqiq sekin-asta yo‘qqa chiqarildi.

Erdo‘g‘an yana qayta jome masjidiga aylantirilishidan avval Ayo Sofiya muzeyida. 2020 yil. Foto: Getty Images

Erdo‘g‘anning muqaddasliklari jamiyat va siyosiy hayotning bir qismiga aylandi. Prezidentning ko‘z qarashlari har doim ham qonunan rasmiylashtirilmagan, biroq yo‘nalish aniq olingan.

U feministkalarga tamg‘a urdi, gender tenglikni rad etdi, er-xotinning xiyonati uchun jinoiy javobgarlik joriy qilishni taklif etdi va barcha musulmonlarni oilani rejalashtirishdan voz kechishga chaqirdi.

Tarqoq jamiyatdan bo‘lingan jamiyatga

Erdo‘g‘anning shaxsi va siyosati uning tarafdorlarini birlashtirdi, lekin millatni emas. 20 yil muqaddam ko‘p ovozli tarqoq jamiyat qaynagan joy ikki katta guruhga — prezident va uning Turkiyaga qarashlariga qarshilar va tarafdorlarga bo‘linib ketdi.

Borgan sayin uning partiyasi o‘ta o‘ng islomchilar va millatchilar bilan yaqinlasha bordi. Qolgan boshqalar — kurdlar, alaviylar, dunyoviy davlat tarafdorlari alal oqibatda Erdo‘g‘anning murosasiz ichki dushmanlariga aylanib qolishdi, chunki ular kunlar o‘tib nafaqat manfaatlari, balki hayoti ham xavf ostida qoladigan islomiy sultonlikda uyg‘onishni istashmasdi.

Erdo‘g‘anning keskinligi va qat’iyligi, uning madaniy urushlar ochishga tayyorligi, bo‘lib tashlab hukmronlik qilishga intilishlari nafaqat liberallarni, konservatorlar lageridagi sobiq maslakdoshlarini ham undan uzoqlashtirdi.

Bo‘linish bo‘y ko‘rsata boshlagach, Erdo‘g‘an 2000-yillar oxirlarida unga qarshi insonlardan dastlabki tozalashni o‘tkazdi. Ikkinchi tozalash 2016 yilgi to‘ntarishga urinishdan so‘ng ro‘y berdi. Natijada, davlat boshqaruvida birorta unga qarshi odam qolmadi — faqat sadoqatlilar va uning irodasini savol bermasdan amalga oshiradiganlar qoldi.

Erdo‘g‘an hamma yerda hozir-u nozir. U mamlakatning barcha siyosatini belgilab beradi — mudofaadan tortib, kredit stavkalarigacha.

Erdo‘g‘anning tarafdorlariga qattiq qo‘l va hokimiyat vertikali juda yoqadi. Ular davlatni shu tariqa boshqarish avvalgi omonat koalitsiyalar davridagidan ko‘ra yaxshiroq, deyishadi.

Raqiblari esa bunday siyosat jamiyat institutlarini bichib qo‘ygani va fuqarolarga Erdo‘g‘anning to‘g‘ridan to‘g‘ri topshirig‘isiz xizmat qilish qobiliyatidan ayirganini ta’kidlashadi. Bu esa fevralda ro‘y bergan vayronkor zilzilalar chog‘ida yaqqol namoyon bo‘ldi. Erdo‘g‘an esa doimo band, hamma narsani ham boshdan oyoq tushunmaydi, uning global maqsadlari ko‘pincha oddiy odamlar ehtiyojlariga mos tushmaydi.

Raqiblar esa bor hokimiyat vertikalini Erdo‘g‘an o‘zi uchun yaratgani, u hokimiyat tepasida qanchalik uzoq qolsa, xalq irodasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, undan voz kechishi og‘ir bo‘laverishini aytishmoqda.

Yashash yaxshilandi... keyin yomonlashdi

Erdo‘g‘anning 20 yillik boshqaruvi davrida Turkiya va turkiyaliklarning farovonligi keskin oshdi.

Dastlabki o‘n yillik iqtisodiyotning yiliga muhtasham 8 foizlik o‘sishlari bilan nishonlandi, aholi jon boshiga milliy boylik qariyb uch baroabarga oshdi — 2003 yildagi 4,7 ming dollardan, 2013 yildagi 12,5 ming dollargacha.

Bularning barchasiga liberal iqtisodiy siyosat va Yevrointegratsiya istiqboli tufayli erishildi. Xorijliklar jon-jon deb Turkiyaga sarmoya tika boshlashdi, Erdo‘g‘an esa keng miqyosdagi infratuzilma loyihalariga davlat pulini ayamadi.

“Erdo‘g‘an vertolyotda gigant loyihani ko‘zdan kechirmoqda” — prezident fotosuratchisining sevimli syujyeti. Bu yerda Erdo‘g‘an Abdülhamid Han burg‘ilovchi kemasini O‘rta Yer dengiziga chiqishidan oldin kuzatmoqda. Foto: Getty Images

Ikkinchi o‘n yillikka kelib o‘sish sur’ati ikki barobarga pasaydi, aholi jon boshiga YaIM ham oshmay qo‘ydi, qaytaga qisqardi, narxlar esa 2001 yildan buyon kuzatilmagan sur’atlarda osha boshladi — yiliga 60 foiz. Milliy valuta — lira bir necha devalvatsiyalarni boshdan kechirdi.

Xalq Erdo‘g‘anning dadil iqtisodiy tajribasi oqibatlarini tanasida his qila boshladi. O‘ziga barcha institutlarni bo‘ysundirgan prezident Markaziy bankning kredit siyosatiga ham aralasha boshladi. Oraliq natija — surunkali inqiroz va turmush darajasi pasayishi bo‘ldi. Erdo‘g‘an butun dunyo iqtisodchilaridan aqlli ekanini isbotlay olishi va bunga ulgurishi hozircha ochiq masala.

Nima bo‘lganda ham, Turkiyaning Erdo‘g‘an davridagi 20 yillik iqtisodiy rivojlanishi natijalari baribir yorqin tarzda ijobiy. Xalq yaxshi va boyroq yashay boshladi, iqtisodiyotning bosh sohalari — energetika, turizm, transport, sanoat — yo barqaror, yo shiddat bilan rivojlandi.

Iqtisodiyotni bosh saylovlar oldidan chayqatmasdan bir maromda ushlab turishi uchun Erdo‘g‘anga uning bosh yutug‘i — Turkiyaning mintaqaviy barqudrat davlatga, jahon sahnasida sezilarli o‘yinchiga aylantirgani yordam berdi.

Jahondagi ta’sirning kuchayishi

Yigirma yil muqaddam Turkiya bir osuda go‘sha edi, mintaqadagi asosiy o‘yinchi AQSh bo‘lib, 2003 yil martida Erdo‘g‘an bosh vazir bo‘lganidan ikki hafta o‘tib Amerika Iroqqa bostirib kirgandi.

Ichida arab bahori, Suriyadagi urushlarni qamrab olgan yigirma yildan so‘ng AQSh amalda Yaqin Sharqni tark etdi, Erdo‘g‘an esa vaziyatdan foydalanib, Eron, Rossiya va Fors ko‘rfazi davlatlari bilan bir qatorda Turkiyani mintaqadagi yetakchi o‘yinchilardan biriga aylantirdi.

Turkiya bu holda NATO a’zosiligicha qolavermoqda, bu Erdo‘g‘anga mudofaa alyansining g‘ildiragiga cho‘p tiqishda xalaqit bermayapti. Qandaydir bir vaziyatda Erdo‘g‘an hattoki AQShga musht o‘qtaldi, biroq bu mojaro Turkiyada keng miqyosli valuta inqirozi bilan yakun topdi.

Islom olamidagi ta’sir doirasi oshib borishi bilan bir qatorda Erdo‘g‘an Turkiyani Yevropaning almashtirib bo‘lmas hamkoriga aylantira oldi — u Suriyadan qochqinlar oqimining Yevropa Ittifoqiga yo‘l olishining oldini oldi, YeIdan olingan millardlab yevro evaziga millionlab suriyaliklarga Turkiyadan boshpana berdi. O‘tgan yili Ukraina va unga hujum qilgan Rossiya o‘rtasidagi g‘alla bitimida asosiy vositachi bo‘ldi.

Turkiya hamma bilan savdo qiladi. Rossiyadan yonilg‘i sotib olib, Ukrainaga dronlar sotadi. Erdo‘g‘an va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Lviv shahrida. 2022 yilning avgusti. Foto: Getty Images

Ikki stulda o‘tira olish qobiliyati gigant savdo va investitsiyalar defitsitiga qaramasdan Erdo‘g‘anga iqtisodiyotni nisbatan barqaror ushlash imkonini beradi — o‘tgan yili mamlakatga kirib kelgan valutadan ko‘ra chiqib ketgani 50 mlrd dollarga ko‘proq bo‘lgan. Bunday sharoitlarda zaxira to‘plash imkonsiz, agar 2018 yildagi — AQSh bilan mojarodan keyin bo‘lgani kabi kayfiyat o‘zgarmasa, investorlar qochib ketadi va lira yana qulashda davom etadi.

Biroq, agar 20 yil muqaddam Turkiya asosan G‘arb davlatlarining pullari sharofati bilan ravnaq topgan bo‘lsa, endi Erdo‘g‘an faqat G‘arbning xayrixohligidan umidvor emas.

Bu yilgi hal qiluvchi saylovlar oldidan Yaqin Sharq davlatlari va Rossiya kapitallari yordamga keldi, bu esa navbatdagi devalvatsiyaga yo‘l qo‘ymasdan, inflatsiyani biroz jilovlash imkonini berdi. Birgina Vladimir Putin bilan Rossiya gazi uchun to‘lovlarni kechiktirish bo‘yicha tuzilgan bitim kelgusi yilgacha yuzlab million dollarlik xarajatlarni surib turish uchun imkon yaratdi.

Endi nima bo‘ladi?

Keyingi o‘n yillik qanday bo‘ladi? U Erdo‘g‘an bilan o‘tadimi yoki usiz?

Erdo‘g‘anning dastlabki o‘n yili Turkiyani boy qildi, keyingisi esa — erkinliklarni cheklash, davlat institutlarini zaiflashtirish, iqtisodiy muammolarga qaramasdan nufuzli o‘yinchiga aylantirdi. Foto: Getty Images

Erdo‘g‘anning raqiblari agar u saylovda yutsa yoki mag‘lubiyatini tan olmasa, hokimiyat tepasida umrining oxirigacha qolishga harakat qiladi, deb hisoblashmoqda.

Buning uchun gaykalarni qotirishga to‘g‘ri keladi: qatag‘on va jangovarlikni kuchaytirish, islomga chuqurlashish va bozor iqtisodiyotidan tobora uzoqlashish. Bunday ssenariy Turkiyaga uzoq muddatga vaqti vaqti bilan ro‘y beradigan inqirozlarga yo‘g‘rilgan turg‘unlikni va’da qiladi.

Hattoki Erdo‘g‘an yutqazgan taqdirda ham, muxolifat u qurgan vertikalni buzib, mamlakatni avvalgi liberal modelga qaytara boshlasa ham endi Turkiya toabad o‘zgarganicha qolaveradi.

Erdo‘g‘an tomonidan amalga oshirilgan Turkiya Respublikasini qayta qurishni ortga qaytarib bo‘lmaydi, lekin uning natijasi hozircha noma’lum. U islomiy demokratiya bilan ham yakun topishi mumkin. Yoki Turkiyani sultonlikka ham aylantirishi mumkin.

Mavzu
Turkiya-2023
14 may kuni Turkiyada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Asosiy kurash mamlakatni 20 yildan buyon boshqarib kelayotgan Rajab Erdo‘g‘an va muxolifatchilar nomzodi Kamol Qilichdoro‘g‘li o‘rtasida kechadi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top