15:05 / 07.01.2017
30303

Toshkentda bir yilda mingdan ortiq oila ajralishining oldi olindi

Toshkent shahar hokimiyati huquq idoralari va jamoat tashkilotlarining oilasidan ajralgach, o‘z majburiyatini bajarmay, alimentni vaqtida to‘lamaydiganlarga qarshi amaliy chora ishlab chiqdi. Shu maqsadda, 2016 yilning 21 dekabrida “Toshkent shahrida ota-ona hamda bolalarning mulkiy huquq va majburiyatlari bo‘yicha davlat organlari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorligini yanada kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1137-sonli qo‘shma qaror qabul qilindi. Bu haqda, shahar hokimiyati matbuot xizmati xabar qilmoqda

Qayd etilishicha, Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga kelib tushgan jami 1 524 ta murojaatdan 688 tasini (45,1%) davriy aliment qarzdorliklar bilan bog‘liq masalalar tashkil qilgan. 2016 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra, sud ijrochilari bo‘limlari ish yurituvida 21.904 ta aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjati borligi ta'kidlangan. Qarorni qabul qilishda, shuningdek, 2015-2016 yillar davomida jami 9.307 ta yangi ijro hujjati kelib tushganligi inobatga olingan. 

Mazkur qaror keng jamoatchilikni tashvishga solayotgan oilaviy ajralishlar  oqibatida jabr chekayotgan farzandlarning manfaatlarini ta'minlashga xizmat qiladi. Xususan, yuqorida qayd etilgan masalalarning amalda qanday hal etilishi, uning ishlash mexanizmi, bunda hamkorlarning vazifalari, ulardan ko‘zlangan maqsad va natijalar haqida ham alohida so‘z boradi.

Bugungi kunda oilaviy ajralishlar sonini kamaytirish maqsadida mer'yoriy-huquqiy hujjatlar tayyorlanmoqda. Jumladan, Oila kodeksi ajralish uchun davlat bojini bir necha marotaba oshirishni ko‘zda tutuvchi tuzatishlar kiritish ustida ish olib borilmoqda. 

Bundan tashqari, Toshkentdagi 505ta mahalla qo‘mitasi huzurida tashkil etilgan yarashtirish komissiyalarining faoliyati kuchaytirilgan. Ular ko‘rgan choralar natijasida 1000 dan ortiq oila saqlab qolingan, tirik ota-onalari bo‘lgani holda 1300 dan ortiq farzand yetim bo‘lib qolmagan. 

Shuni alohida ta'kidlash zarurki, statistik ma'lumotlarga Toshkent shahri, hozircha, oilalar ajrimi ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston mintaqalari orasida birinchi o‘rinni egallab turibdi. 

Top