20:40 / 07.02.2017
29025

O‘zbekistonda limonchilik: uch kilogrammlisidan tortib «Toshkent» navigacha

O‘zbekistonlik birinchi kosmonavt Vladimir Jonibekov koinotda barcha ekipaj a'zolari vaznsizlik holatiga o‘tish jarayonini osonlik bilan yengib o‘tishida shifobaxsh Toshkent limonlari foyda berganini ta'kidlagani, shisha idishchada «uchayotgan» limon novdasi va parchalari namoyish qilingan videolavha o‘z davrida ko‘plab yurtdoshlarimizning hayratiga sazovor bo‘lgandi.

 – O‘zbekistonda limon yetishtirishning iloji yo‘q, degan fikrlarni 1967 yilda otam yaratgan limonning «Toshkent» navi chippakka chiqardi, – deydi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Muhammadaziz Faxriddinov. – Uning vazni 450 gramm bo‘lib, tarkibida limon kislotasi to‘rt foizdan oshgan. Fazo sharoitida sinovdan o‘tgan ham aynan ana shu limon navi edi. Oradan uch yil o‘tib, limonning chatishtirilgan «Yubileyniy» gibridi yaratildi. Buni qarangki, undan yiliga to‘rt marta hosil olish mumkin. Qalin po‘sti tarkibida kislota miqdori 12 foiz bo‘lib, efir moyiga boyligi bilan oddiy limondan uch baravar ko‘p yuqori ko‘rsatkichga ega. 

Hozirgi kunga kelib, o‘zbek seleksioner olimi yaratgan limonning o‘nga yaqin turi, apelsinning «O‘zbekiston», mandarinning «Toshkent» navlari nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlarda ham yetishtirilmoqda.  Masalan, Ufada 2 gektar maydonda F-1 «Toshkent» va F-2 «Yubileyniy» navlaridan barpo etilgan limonzorlardan mo‘l hosil olinmoqda. Ko‘chatlari ko‘paytirilib, aholiga yetkazib berilmoqda. Bu haqda O‘zA ma'lum qilgan. 

Olimning sovuqqa chidamli, ertapishar limon yetishtirish borasidagi orzusini o‘g‘li Muhammadaziz amalga oshirdi. Limonlar naq kosadek keladi. Mevalarining rangi va shakli deyarli bir xil. Hajmi taxminan uch kilogramm keladi.

– O‘zbekiston tuprog‘i unumdor, – deydi Muhammadaziz aka. – Har bir qarich yerdan ham unumli foydalanib, yaxshi hosil olish mumkin. Hozir Qashqadaryo, Sirdaryo, Xorazm, Navoiy, Jizzax, Buxoro viloyatlaridagi fermer va shaxsiy tomorqa egalariga limon ko‘chatlari yetkazib berayotirmiz. Ayniqsa, Toshkent viloyatida «Toshkent» mahalliy naviga talab yuqori. Qibray tumanining Chingeldi qishlog‘ida limonning  har tupidan 200 kilogramm hosil olinmoqda. Mulkdorlar har yili xorijga katta miqdorda limon eksport qilmoqda. 

Mutaxassislarning  ma'lum qilishlaricha, uy sharoitida limon, xususan, «Toshkent» navi tuvakda yetishtirish uchun juda qulay. Uning ildizlari oziqlanish maydoni kichik bo‘lib, besh yilgacha kichik tuvakda o‘sib, yiliga 120-150 dona hosil berishi mumkin. Bu nav kasalliklarga chidamli, nam va yorug‘likni yoqtiradi. Shu bois barglarini doim namlab, suv purkab turish kerak.

 – Limon ko‘chatini turgan joyidan qimirlatib, aylantiravermaslik kerak, – deydi Toshkent davlat agrar universitetining mevachilik va uzumchilik kafedrasi dotsenti, «Nuriddin agro» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Nuriddin Faxriddinov. – Ular havo haroratining keskin o‘zgarishiga bardosh bera olmaydi. Yorug‘likni yoqtirsa-da, quyosh nurining to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Pech, issiqlik batareyalari bor xonalarga ularning namligini orttirish uchun idishlarga suv solib qo‘ygan ma'qul. Agarda ularga noto‘g‘ri munosabatda bo‘linsa, qishda gullaydi-yu, meva tugmaydi. Meva olish uchun  limon gulini sun'iy ravishda changlantirish kerak. Ular xona va hovlilarga ko‘rk beribgina qolmasdan, havoni tozalovchi muhim vosita hamdir. Nafis gullari asabni tinchlantirish, ko‘ngil aynishining oldini olish bilan birga inson kayfiyatini ko‘taradi.

Top