Jamiyat | 14:55 / 27.07.2017
41296
4 daqiqa o‘qiladi

Sohibqiron Amir Temur haqidagi kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 26 iyulida Toshkent shahridagi “Kitob olami” savdo majmuasida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimidagi “O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, yosh avlodning kitobga bo‘lgan qiziqishini yuksaltirish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi targ‘ibotiga bag‘ishlab so‘nggi yillarda nashriyot-matbaa ijodiy uyida nashr etilgan yozuvchi Muhammad Ali va To‘lqin Hayit qalamiga mansub  Sohibqiron Amir Temurning sharafli hayot yo‘li jonlantirilgan “Amir Temur qalbida chaqnagan nur”, taniqli olim Jumaboy Rahimovning “Adolat va qudrat timsoli” kitob-albomi hamda To‘lqin Hayit muallifligidagi “Buyuk salohiyat sohibi” kitoblarining targ‘ibotiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi Farmoyishida belgilab berilgan vazifa va topshiriqlar yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, ta'lim muassasalarini badiiy, ma'rifiy, ilmiy-ommabop va tarbiyaviy adabiyotlar bilan ta'minlashni yanada kuchaytirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim qadam bo‘layotganligi ta'kidlab o‘tildi.

Shuningdek, taqdimoti o‘tkazilayotgan yozuvchi Muhammad Ali va To‘lqin Hayit qalamiga mansub “Amir Temur qalbida chaqnagan nur” asari “Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojini o‘rganish va targ‘ib qilishning umumbashariy ahamiyati” mavzuida tayyorlangan bo‘lib, mazkur kitob dialog, ya'ni dilkash suhbat tarzida yozilgan va Sohibqiron Amir Temur shaxsi, faoliyati, adabiyot, xilma-xil taqdirlar, istiqlol ne'mati hamda istiqlol yillarida Sohibqiron siymosiga ko‘rsatilgan ehtirom haqida qiziqarli fikr-mulohazalarni o‘z ichiga oladi.

Taniqli olim, pedagog va publitsist Jumaboy Rahimovning “Adolat va qudrat timsoli” kitob-albomi buyuk davlat arbobi va ulug‘ sarkarda Amir Temurning butun hayot yo‘lini yoritishga bag‘ishlangan.

Asarda Vatan ozodligi, mustaqilligi uchun aql bovar qilmas jangu jadal maydonida so‘nggi nafasigacha kurashgan, jumladan, Sharq xalqlarini yovuz dushmandan himoya qilgan, nomi tarixda haqli ravishda mangu qolgan buyuk sarkarda, Sohibqiron Amir Temurning tarixiy haqiqat ruhidagi siymosi keng yoritilgan.

Kitob buyuk ajdodimiz to‘g‘risidagi o‘sha davr yozma manbalari, keyingi zamonlarda yaratilgan tarixiy solnomalar, zamonaviy tadqiqotlar, badiiy-publitsistik nashrlar asosida yaratilgan bo‘lsa-da, uni sof ilmiy tadqiqot emas, balki barcha sevib o‘qiydigan ommabop asar deyish mumkin. Bu zalvorli ish ustida muallif ko‘p yillar davomida mashaqqatli izlanishlar olib borgan. Asar xronologik tadrijda joylashtirilgan bo‘lib, matn ravon usulda yozilgan va yengil o‘qiladi.

To‘lqin Hayit qalamiga mansub “Buyuk salohiyat sohibi” asarida buyuk bobokalonimiz Amir Temurning serqirra faoliyati, harbiy ishlari, adolat o‘rnatish bobidagi davlatchilik islohotlari, ilm-fan, me'morchilik, adabiyot, san'at, tarix va boshqa yana o‘nlab sohalarda amalga oshirgan unutilmas ishlari ochib beriladi.

Mavzuga oid