19:10 / 30.10.2017
11086

Buxoro shahridagi oilaviy poliklinikalar «Elektron poliklinika» tizimiga ulandi

Joriy yilning 18 oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar tahliliga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda ham birlamchi tizim faoliyatiga alohida urg‘u berildi. Xususan, vrach faoliyatini samarali tashkil qilish va qabulga masofadan turib yozilish imkonini beruvchi elektron tizimni bosqichma-bosqich joriy qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Birlamchi tizimni takomillashtirish bo‘yicha prezident qarori va davlat rahbarining topshiriqlari ijrosiga doirasida Buxoro viloyatidagi 11 ta birlamchi tibbiyot muassasasi “Elektron poliklinika” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga ulandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash  vazirligi axborot  xizmati xabar bermoqda.

«UZMeDINFO» elektron sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish markazi tomonidan ishlab chiqilgan  ushbu tizimga Buxoro shahar tibbiyot birlashmasi hamda Buxoro shahridagi 10 ta oilaviy poliklinika ulangan. 

— Bugun zamonaviy tibbiyot elektron navbat tizimiga o‘tmoqda va bu tajriba mamlakatimizda ham o‘zini oqlayotir, — deydi «UZMeDINFO» elektron sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish markazi direktori Dilshod USMONOV.  — Shu maqsadda Buxoro shahridagi poliklinikalarda ham shifokor qabuliga elektron yozilish tizimi joriy etildi. Ushbu tizimning qulayligi shundaki, bunda bemor va shifokor vaqti tejaladi, ish samaradorligi ortib, rejali faoliyat tashkil etiladi. Ayniqsa, ushbu qulaylik yosh bolali onalar, homilador ayollar uchun katta qulaylik bo‘ldi.

“Elektron poliklinika” tizimiga ulangan barcha poliklinikalar zamonaviy axborot texnologiyalari, texnik uskunalar bilan ta'minlandi. Poliklinika qabulxonasi va shifokorlar xonasiga yangi kompyuterlar yetkazib berildi. 

Ayni vaqtda ushbu tajribani mamlakatimizdagi barcha oilaviy poliklinikalarga tatbiq etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.   

Top