8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

17:00 / 02.11.2017 61479

Ikki xil standart. Nyu-York terakti Tramp uchun ayni muddaomi?

Foto: Evan Vucci / AP

Nyu-Yorkdagi teraktni nega o‘zbekistonlik shaxs amalga oshirdi?

​1 noyabr kuni uyqudan uyg‘onishim bilan yaqin kunlarda eshitganlarim ichida eng xunuk yangilikni tomosha qildim. Ekranda Nyu-York shahri politsiyasi vakillari ko‘chani to‘ldirib turardi. Xabar ostida esa tinmasdan o‘zbekistonlik shaxsning 8 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgani yozilib turibdi. Buning ustiga, gumondor Sayfulla Soipov «grin-karta» orqali AQShga ko‘chib ketgani bot-bot takrorlandi. 

Xayolim ming ko‘chaga kirib chiqa boshladi: nahot, o‘zbek millatiga mansub kishi bu jirkanch ishga qo‘l urdi? AQShdagi mahalliy nashrlar bergan ma'lumotga ko‘ra, terakt sodir etilgan mashinadan haydovchining IShIDga aloqadorligini tasdiqlovchi qog‘oz parchasi topilgan. Bu o‘rinda nafaqat millat va yurt nomi, balki dinning nomi ham «qora»​ bo‘larkan, deya o‘ylay boshladim. 

Kun oxiriga borib Soipov o‘zbekistonlik ekani tasdiqlandi. Toshkent Moliya institutini tamomlagan Sayfulla Soipov haqida qo‘shnilari iliq fikrlar bildirishdi. Ammo...

Manhettendagi terakt ijrochisi Sayfullo Soipov Nyu-York sudidagi dastlabki eshituvda o‘zini garov evaziga ozod etishni so‘ramagan. Associated Press agentligi tarqatgan xabarga ko‘ra, ushbu shaxs o‘z qilmishidan afsusda emas.​ Prezident Donald Tramp esa harakat ijrochisiga oliy jazo tayinlashga chaqirdi. 

«Nyu-York terakti ijrochisi IShID bayrog‘ini palatasiga osishlaridan xursand bo‘lardi. U 8 kishini o‘ldirib, 12 kishini jarohatladi. Uni qatl qilish kerak», deya yozgan Oq uy rahbari tvitterida.

Endilikda O‘zbekiston fuqarolari AQShga kirishi taqiqlangan mamlakatlar qatoriga kirishi mumkin. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati rahbari Sara Sanders jurnalistlarning savollariga javob qaytarish asnosida aytib o‘tgan.

«Biz ayni vaqtda bunga chaqirmayapmiz, ammo buni istisno ham etmaymiz», — degan u matbuot anjumani vaqtida.

Voqealarning bunday avj olishi sal qolsa, odamni esankiratib qo‘yayozdi. Endi masalaga faqat mantiq bilan yondashib tahlil qilamiz. Bu nega yuz berdi va nima uchun o‘zbekistonlik shaxsning qo‘li bilan sodir etilgan? Yuqoridagi holatni to‘liq tushinish uchun joriy yilning avgust oyida AQShda yuz bergan Sharlotsvill namoyishlarini eslab o‘tamiz.

O‘shanda Sharlotsvilldagi namoyishchilar ustiga mashina bilan bostirib borgan Jyeyms Aleks Filds Kichkinaning harakatiga nisbatan mamlakat rahbari jiddiy munosabatda bo‘lmagani masalani chigallashtirib yuborgandi.

«Barchamiz birdam bo‘lishimiz va nafrat ortida turgan barcha narsani qoralashimiz lozim. Amerikada bunday zo‘ravonlikka joy yo‘q», deya fikr bildirgandi mamlakat rahbari. «Barcha narsani qoralashimiz lozim» so‘zlari ostidan panoh topgan «Ku-Kluks-klan» a'zolari, oq tanli irqchilar jamoasi o‘tgan kuzda bo‘lib o‘tgan saylovda adashmaganlaridan xursand bo‘lishdi. O‘z nomi bilan atalmagan jinoyatni oqlashga urinish prezident Donald Trampning Oq uydagi obro‘siga ta'sir qilib, afroamerikan fuqarolar oldida «hurmatsiz​» kishiga aylantirib qo‘yishi mumkin edi.

Uning qizi Ivanka Tramp, mamlakat vitse-prezidenti Maykl Pensning sa'y-harakatlari bo‘lmaganida, prezident tug‘ilib o‘sgan Kuin tumani ahli ham uning sha'niga nomaqbul so‘zlarni aytishni boshlagan edi.

O‘tgan oyda, 1 oktabr kuni Las-Vegas shahridagi musiqa festivali ishtirokchilarini Stiven Paddok o‘qqa tutgan, ushbu xunrezlik oqibatida 50 kishi halok bo‘lib, 200dan ortiq kishi jarohatlangandi.​

Ikkinchi holatda OAV «yakka bo‘ri»​ yoxud «mergan»​ deb qayd etgan qotil terror ijrochisi, deya e'lon qilinmadi. Yuqoridagi har ikki jinoyatni sodir etganlar na immigrant, na musulmon edi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Nyu-Yorkdagi teraktdan keyin «grin-karta»ni qoraladi va lotereyalarini bekor qilish bo‘yicha kongress bilan ishlashini aytdi.

«Men bugun viza diversifikatsiyasi dasturini (grin-karta) bekor qilish jarayonini boshlayman. Men buni anchadan beri qilmoqchi edim va biz kongressdan bu ustida zudlik bilan ish boshlashni so‘raymiz. Biz bu lotereya dasturidan iloji boricha tezroq qutulishimiz kerak»​, deb aytgan Tramp jurnalistlarga.

Nyu-Yorkda yuz bergan mudhish voqea ortidan Tramp o‘zining azaliy niyatini ro‘yobga chiqarishga urinayotgani kishida shubha uyg‘otadi. Mo‘'tadil islom dini rivojlangan mamlakatlar fuqarolarini AQShga kirishini taqiqlash uchun «yaxshi»​ dastak paydo bo‘ldi, axir.

Xulosa o‘rnida, AQShning Toshkentdagi elchixonasida faoliyat yuritgan diplomat Mark Askino fikrini havola etmoqchiman. «2001 yil 11 sentabr fojiasi yuz berganida men Toshkentda edim. O‘shanda o‘zbekistonliklarning yurtimizda bo‘lib o‘tgan fojia ketidan bizga ko‘rsatgan hamdardlik va mehr-oqibatini hech esdan chiqarmayman. Hujum uyushtirilganidan bir necha soat o‘tmasidan, [Toshkentdagi] Amerika elchixonasi gullar-u, hamdardlik maktublariga to‘lib ketgandi. O‘zbekistonliklar men va turmush o‘rtog‘im bilan ko‘rishgan paytlari [AQShda] bo‘lib o‘tgan mudhish voqea yuzasidan afsusda ekanliklarini bildirishgan. Qurbon bo‘lganlar ichida o‘zbeklar ham bor edi. AQSh «grin-karta» lotereyasi ko‘plab o‘zbekistonliklarning bu yerga ko‘chib kelishiga imkon yaratadi. Ular juda mehnatkash, vatanparvar odamlar, bundaylar bizning ko‘p millatli jamiyatimizni yanada boyitishadi.

Bir ahmoq qilgan ishlarni u kelib chiqqan butun bir millat bilan bog‘lash noto‘g‘ri. Shuningdek, bu fojiadan foydalanib, «grin-karta» lotereyasiga tahdid solish uyat»​, dedi u.

 

Alisher Ro‘zioxunov

Top