18:00 / 08.12.2017
54209

Sayfullo Soipovning AQSh va O‘zbekistondagi aktivlari musodara etilishi mumkin

Foto: Reuters

Amerika sudi o‘zbekistonlik Sayfullo Soipovning AQSh va boshqa davlatlar hududlaridagi mol-mulkini musodara etish haqida qaror chiqardi. Uning ota-onasi uydan, o‘zi esa – ikkita firmadan ayrilishi mumkin.

Layf nashriga Nyu-York sudining Sayfullo Soipovga nisbatan qarori kelib tushgan, u Nyu-Yorkda oktabr oyi oxirida odamlarning ustiga yuk mashinasini haydab borgan. Janubiy okrug sudi barcha mulklarni, jumladan, o‘zbekistonlik 29 yoshli shaxs teraktga tayyorgarlik ko‘rishda qo‘llagan bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsalarni xatlovga olishni talab qildi. AQShda Soipovning rafiqasi va farzandlari yashaydi, shuning uchun ular ham uyidan ayrilishi mumkin. Uning ota-onasiga tegishli ko‘chmas mulk ham tahdid ostida qolgan: agarda O‘zbekiston hukumati AQSh talablarini bajarsa, ularning uyi Amerika byudjyeti daromadiga o‘tkazilishi mumkin.

Hellouin kuni, taxminan soat 15.00larda, Manhettenning janubiy qismida oq pikap-yuk mashinasi paydo bo‘lgan. U velosipedchilar yo‘lagiga chiqqan va odamlarni bosib ketishga uringan. Pikap bir necha o‘n metr yurib, maktab avtobusiga kelib urilgan. Haydovchi - Sayfullo Soipov – kabinadan tushgan. U to‘pponchalarni ko‘tarib olgandi. Politsiyachilar unga qarata o‘t ochishdi, og‘ir jarohatlashdi va bir necha daqiqadan so‘ng qo‘lga olishning uddasidan chiqishdi. Soipov sakkiz kishining umriga zomin bo‘ldi va yana 15 insonni jarohatladi. 

Yuk mashinasida yozuv topilgan, unda Soipov IShID terrorchilik guruhiga sodiqlik keltirgani aytilgan. Uni shifoxonaga, o‘q orqali yaralanganidan tuzalgach – sudga olib ketishdi. Layf ayblov akti matniga egaligini iddao etdi. Soipovni 22 band bo‘yicha ayblashmoqda: qotillik, sog‘liqqa zarar yetkazish va hattoki terrorizmni moliyalashtirish. Ma'lum bo‘lishicha, u har oyda IShIDlik radikallarga ma'lum bir summalarni yuborib turgan. Bundan tashqari, hujjatlarda mol-mulkni butunlay musodara etish haqida so‘z yuritiladi.

- Soipov o‘z qilmishi, avtomobilni odamlarga atayin haydab borish bilan inson hayotiga beparvo munosabatda ekanini ko‘rsatib berdi, - deya yozadi Amerika sudi. – Javobgar Qo‘shma Shtatlarga o‘z mol-mulki va aktivlariga, ham mahalliy, ham xorijdagisiga egalik qilish bo‘yicha barcha huquqlarni topshirishi kerak. Bu talab barcha mol-mulkni baholovchi pul miqdori berishni ham o‘z ichiga oladi.

Soipov qonli aksiyaga bir yil muqaddam tayyorgarlik boshlagani aytiladi. Uning telefonida IShIDga qarshi kurashchilarning qatli aks etgan o‘nlab videolar topildi. AQShda u FQB kuzatuvida bo‘lgan shaxslar bilan uchrashgan. Uning pikapida esa pichoqlar va elektrshoker bo‘lgan sumka topilgan.

Soipovning rafiqasi Nozimaning bildirishicha, turmush o‘rtog‘ining rejalari haqida hech narsa bilmagan. Hozirda u tergov bilan faol hamkorlik qilmoqda. O‘lim jazosiga mahkum etilishi mumkin bo‘lan Soipovning uch farzandi bor.

Endilikda oiladan uning boshlig‘i tomonidan ishlab topilgan mol-mulklarni tortib olishlari mumkin. So‘nggi yillarda ular Nyu-York yaqinidagi Nyu-Jyersi shtatida joylashgan g‘ishtli uyda istiqomat qilib kelishgan. Kuch mahkamasi xodimlari u yerdan turli qog‘ozlar, Soipovning shaxsiy buyumlarini olib ketishdi. Soipov AQShga 2010 yilda kelganidan beri ikkita transport kompaniyasiga asos solgan – bittasi yuk tashuvlari bilan, ikkinchisi – xususiy tashuvlar bilan shug‘ullangan. Ularning moliyalari va mol-mulki ham davlat hisobiga o‘tkaziladi.

FQB Soipovlar oilasining O‘zbekistondagi aktivlariga ham ko‘z tikkani aytildi. Agarda O‘zbekiston AQSh talablarini qanoatlantirsa, Soipovning ota-onasi o‘z uyidan ayrilishi mumkin. Uning otasi uzoq yillar davomida bozordagi savdo nuqtasiga egalik qilgan va Toshkent chetidagi katta uyga ega. 

Shu bilan birga, Soipov, aftidan, o‘z oilasini o‘ta og‘ir ahvolga solib qo‘ygani, ota-onasiga esa ko‘p tashvish keltirgani bilan ishi yo‘q shekilli, deyiladi nashr maqolasida. U aybini tan olishdan bosh tortmoqda va hattoki shifoxonadagi xonasiga IShID bayrog‘ini olib kelishlarini talab qilgan. Sud maslahatchilarining keyingi yig‘ilishi yanvar oyi oxiriga belgilangan.

Mavzuga oid
Top