12:20 / 31.12.2017
26978

2018 yilda eng og‘ir gumanitar inqiroz ro‘y berishi kutilmoqda

© AP Photo / Jerome Delay

2018 yilda Ikkinchi Jahon urushi davridan buyon eng yomon insonparvarlik inqiroz holati yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda Buyuk Britaniyaning xalqaro taraqqiyot bo‘yicha Davlat kotibi Penni Mordauntning bayonotiga asoslangan holda The Telegraph xabar bermoqda.

Bundan avvalroq BMT 2017 yilda Ikkinchi Jahon urushi davridan buyon eng yirik gumanitar inqiroz yuz bergani haqida bayonot bergandi. Tashkilot xabariga ko‘ra, bir necha davlatlarda 20 milliondan ziyod kishi och va insonparvarlik yordamiga muhtoj holatda qolmoqda.

«2017 yil eng qo‘rqinchli gumanitar inqirozlar yili bo‘lgan bo‘lsada, 2018 yil yanada yomon kelishi mumkin», — deya ta'kidlagan Mordaunt.

Nashrning qayd etishicha, Buyuk Britaniya Xalqaro taraqqiyot vazirligi gumanitar inqiroz oqibatlarini bartaraf etish uchun BMT jamg‘armasiga qo‘shimcha 21 million dollar ajratishini qayd etib o‘tgan. Bu mablag‘lar 13 million kishining sanitar ahvolini yaxshilash va ularni suv bilan ta'minlashga sarflanadi, yana 9 million kishi Britaniya vazirligining qo‘shimcha yordami tufayli oziq-ovqatlar bilan ta'minlanishi mumkin bo‘ladi.

Buyuk Britaniya Xalqaro taraqqiyot vazirligi BMTning favqulodda holatlar oqibatlariga qarshi kurash uchun tashkil etgan jamg‘armasiga o‘tkazadigan yillik yordami hajmi 55 million dollarni tashkil etadi.

Mordaunt xonim Buyuk Britaniya bundan keyin ham butun dunyodagi muhtojlarga yordam ko‘rsatishni davom etishini ta'kidlab o‘tgan.

Mavzuga oid
Top