Dehli shahri jome masjidi bosh imomi Said Ahmad Buxoriy boshchiligidagi delegatsiya Buxoro shahriga tashrif buyurdi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.

Yuqori martabali mehmon, uning oilasi va ularga hamrohlik qilayotgan Uttarakand shtatining shariat ishlari bo‘yicha maslahatchisi Mavlono Zohid Raza Rizviy va islomshunos olim Xvaja Iftixor Ahmadlar Buxoro temir yo‘l vokzalida viloyat hokimining o‘rinbosari B.Shaxriyorov, Turizmni rivojlantirish departamenti direktori F.Xo‘jayev va O‘zbekiston Musulmonlar idorasi viloyat bosh imom xatibi M.Nurullayevlar tomonidan kutib olindi.


O‘tmishda boburiylar bilan birgalikda Hindistonga yo‘l olgan imom Burxon Buxoriyning 13-avlodi hisoblangan Said Ahmad Buxoriy rahbarlik qilayotgan delegatsiya kunning ikkinchi yarmida Buxorodagi ulug‘ qadamjolar Abu Hafs Kabir Buxoriy ziyoratgohi, Chor Bakr majmuasi va Mir Arab madrasasida bo‘lishdi.





Hindistonlik mehmonlar sharafiga Buxoro shahridagi «Budriddin» restoranida tushlik va «Labi Hovuz» restoranida kechki ovqat dasturxoni yozildi.
Dehlidan kelgan mehmonlarning Buxoroga sayohati davom etmoqda.