05:20 / 27.05.2018
86683
O‘zbekistonda ilk bor 3 pog‘onali ko‘prik qurilishi boshlandi
Foto: KUN.UZ

Toshkent shahrida Yashnobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlari tutashgan hududda O‘zbekiston tarixida ilk marta 3 pog‘onali ko‘prik qurilishi boshlandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Nodirjon Maksumov Kun.uz'ga xabar qildi.

Ma'lum qilinishicha, Toshkent shahrida Maxtumquli, Temur Malik, Parkent ko‘chalari va Ohangaron shossesi kesishgan nuqtada 3 pog‘onali ko‘prik quriladi. Uning ostida - Ohangaron shosse yo‘nalishi bo‘yicha yo‘l o‘tkazuvchi tunnel, o‘rtasida - chorraha kesishmasini aylana yo‘l tarziga aylantirish, ustida - ko‘prik qurilishi rejalashtirilmoqda.

«Yana bitta ko‘prik bo‘ladi. Bu Toshkent mexanika zavodida ishlab chiqarilgan samolyotlarni olib chiqishga mo‘ljallangan», deydi ko‘prik qurilishi bilan shug‘ullanayotgan firma vakili.

Qurilish ishlari allaqachon boshlangan. Ayni paytda, qurilish yakuniga qadar foydalanish uchun yordamchi yo‘llar hozirlanmoqda. Nodirjon Maksumovning aytishicha, ko‘prik qurilishining birinchi bosqichi tunnelni qazish bilan boshlanadi, bir vaqtning o‘zida, tunnel o‘tkazilishi nazarda tutilgan yo‘l ostidagi kommunikatsiyalar chetga suriladi.

«​Bu holatda yo‘l chetidagi 21ta uy majburiy buzilishi talab etiladi. Bu masala ham tez orada o‘z yechimini topadi»​, deb ta'kidlaydi hokim o‘rinbosari.

Qurilish loyihasi va ishlarining barchasi mahalliy mutaxassislar tomonidan tayyorlanmoqda. Toshkent shahridagi 3 pog‘onali ko‘prik 2019 yil foydalanishga topshirilishi kutilyapti.

Top