13:48 / 04.08.2018
12114

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini moliyalashtirish haqida petitsiya e'lon qilindi

Foto: UzA

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini moliyalashtirish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Ta'kidlanishicha, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 27-moddasida “mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyatining moliyaviy asosi o‘z mablag‘laridan, mahalliy byudjyetlar mablag‘laridan, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalaridan, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan va boshqa mablag‘lardan tashkil topiladi” deb e'tirof etilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Byudjyet kodeksining 72-moddasiga muvofiq, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini saqlab turish xarajatlarini amalga oshirish belgilangan. Biroq, amaliyotda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida bugungi kunda moddiy-texnika bazasini takomillashtirish va moliyalashtirish masalalari bo‘yicha hanuzgacha o‘z yechimini topmagan bir qator muammolar mavjudligi va kundalik ishda ishlatiladigan yozuv qog‘ozi, kantselyariya buyumlari yetishmasligi, nusxa ko‘chiruvchi texnikalar, kompyuterlarning tanqisligi, shuningdek turli gazeta va jurnallarga obuna bo‘lish va kommunal (elektr energiyasi, suv va gaz) xizmatlarning to‘lovlarini ham amalga oshirish lozimligi holatlari ko‘zga tashlanadi. Shuni ta'kidlash joizki, bugungi kunda jismoniy va yuridik shaxslardan tushayotgan homiylik xayriyalari miqdori va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa mablag‘lar mahalla fuqarolar yig‘inining moddiy-texnika bazasini yetarlicha moliyalashtirish imkoniyatini bermayapti, deyiladi petitsiyada.

Bildirilishicha, agar Davlat byudjyetidan moliyalashtirilmasa, xayriya fondi faqatgina oylik maosh va mukofotlarga sarflansa, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari yuqorida qayd etilgan xarajatlarni qaysi manbalardan qoplab kelishyapti ekan va mahalla hududidan ajratilgan yer uchastkalarda qurilgan majmualardan (sartaroshxona, novvoyxona va boshqalardan) mahalla xayriya fondiga o‘tkazmalar bormikan va qayd etilgan xarajatlarini qoplayaptimi degan savollar tug‘iladi.

“Shu sababdan, 2019 yildagi mahalliy byudjyetlar xarajat qismiga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini saqlab turish xarajatlarini o‘z vaqtida moliyalashtirishni kiritish mahalla fuqarolar yig‘inlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirishga va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga zamin yaratadi”, - deyiladi murojaatda.

Top