10:01 / 14.03.2019
9450
Narkobaron Loera Meksikaning sobiq prezidentini sudga berdi
Foto: AP Photo / Rebecca Blackwell

“Pakana” laqabli meksikalik narkobaron Xoakin Gusman Loera Meksika bosh prokuraturasiga uning AQShga topshirilishi bilan bog‘liq protsessual qonunbuzarliklar bo‘yicha mamlakatning sobiq prezidenti Enrike Pene Neto ustidan sudga shikoyat qildi. Bu haqda Loeraning advokati Xose Luis Mesa ma'lum qildi. 

Loera 2016 yil boshida Penya Neto prezidentligi vaqtida qo‘lga olingan, bir yildan keyin esa AQShga topshirilgan. Bu yerda unga bir nechta shtat tomonidan AQShga kokain yetkazish, qurolga noqonuniy egalik qilish va qotilliklarni tashkillashtirish bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. Yaqinda Nyu-York sudi Loerani unga qo‘yilgan barcha 10 ta ayblov bo‘yicha aybdor deb topgan. Unga bu ayblovlar bo‘yicha umrbod qamoq jazosi berilishi mumkin.

Loera advokatining aytishicha, narkobaron Meksika bilan chegaradosh bo‘lgan Kaliforniya yoki Texasga yetkazilishi kerak edi, biroq u Nyu-Yorkka yetkazilgan. Bu esa Meksika va AQSh o‘rtasidagi ekstraditsiya haqidagi kelishuvga zid hisoblanadi. Bundan tashqari, ekstraditsiya oldidan Loerani 8 ta jinoyat bo‘yicha Meksika sudlari tomonidan sudlanishi kerakligi haqidagi bandga amal qilinmagan.

Mesa Meksikaning amaldagi prezidenti Andres Manuel Lopes Obradorga Loeraning oilasiga ko‘rsatishga va'da qilgan ko‘magi uchun minnatdorlik bildirgan. Lopes Obrador fevral oxirida narkobaronning yaqinlariga u bilan ko‘rishish uchun AQShga gumanitar vizalar olishda yordam berishga va'da bergan. 

“Pakana” birinchi marta 1993 yilda Gvatemalada ushlanib, Meksikaga topshirilgan hamda 20 yillik qamoq jazosiga tortilgan. Biroq u 2001 yilda qat'iy tartibdagi turmadan qochishga muvaffaq bo‘lgan. Shundan keyin u Interpol bo‘yicha qidiruvga berilgan. Jumladan, AQSh uning “boshi”ga 5 mln dollar va'da qilgan. Narkobaron 2014 yilda yana qo‘lga olingan, biroq bir yil o‘tgach qamoqdan 1,5 kmlik tunnel qazib qochishga muvaffaq bo‘lgan. Jinoyatchi uchinchi marta 2016 yilda qo‘lga olinib, bir yildan keyin AQShga topshirilgan. 

Top