11:48 / 26.03.2019
10220
Shukurovning oyog‘i gips qilindi, uning boldir suyagi singan
Foto: Weibo

O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Otabek Shukurov 25 mart kuni Xitoyga qarshi o‘yinda (1:0) jarohat olib, maydonni erta tark etdi. Jamoa shifokori Abror Pirriyevning so‘zlariga ko‘ra, Otabekning boldir suyagi singan, uning tiklanishi uchun taxminan 2 oy vaqt kerak bo‘ladi.

«Biz maydonning o‘zida Otabekka birinchi yordamni ko‘rsatdik. Keyin uni mahalliy shifoxonaga olib bordik. Tekshiruvlar natijasida Otabekning boldir suyagi pastidan singani aniq bo‘ldi. Ammo suyak joydan siljimagan. Bu juda muhim. Qolaversa, sinish ko‘ndalang emas. Bunday hollarda futbolchining jarohatdan tiklanishi osonroq bo‘ladi. Tekshiruvlar natijasidan keyin shunday xulosaga keldik: bunday holatda futbolchi yo operatsiya qilinishi kerak yoki oyoqning singan joyi fiksatsiya, ya'ni gips qilinib, davolanishi zarur. Operatsiya qilingan taqdirda, jarohatning bitishi tezroq bo‘ladi.

Ammo Otabek Shukurov «Sharja» klubi a'zosi bo‘lganligi sababli bu holda klub shifokorlari bilan maslahatlashish talab etilardi. Biz BAA klubi bilan aloqaga chiqdik. Ular Otabekning oyog‘ini gips qilgan holda, Dubayga olib borishni maslahat berishdi. Klub shifokorlari Dubayda futbolchini yana bir bor tekshiruvdan o‘tkazishadi. Keyin davolanish bo‘yicha eng ma'qul variantni o‘zlari futbolchi bilan kelishgan holda amalga oshirishadi. Shu sababli Shukurovning oyog‘i gips qilindi.

Foto: Weibo

Bunday jarohatlar odatda ikki oy ichida tiklanadi. Otabek Shukurovga tezroq sog‘ayib ketishini tilab qolamiz», - degan Abror Pirriyevning so‘zlarini keltirdi O‘FA matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, 22 yoshli xavbek bir necha kun oldin «China Cup» musobaqasi yarim finalidagi Urugvayga qarshi bahsda (0:3) to‘liq vaqt davomida o‘ynagan edi. U uchinchi o‘rin uchun Xitoy bilan uchrashuvda ham asosiy tarkibda tushgan, 37-daqiqada mezbonlar hujumchisi Vei Shixaoning qo‘polligi natijasida shikastlangandi. 40-daqiqadan uning o‘rnida Odil Ahmedov o‘yinni davom ettirdi.

Ma'lumot uchun, Shukurov «Al-Sharja» tarkibida bu mavsum BAA chempionatining 17 o‘yinida qatnashib, ularning barchasida asosiy tarkibda maydonga tushgan va ikkita gol muallifi bo‘lgan.

Top