20:00 / 27.03.2019
65322

Bosh prokuratura Murod Xonto‘rayev bo‘yicha oxirgi xabarlar yuzasidan oydinlik kiritdi

Aralash yakkakurashlar jangchisi, o‘zbekistonlik Murod Xonto‘rayev o‘zining pichoqlangani haqidagi xabarlarni rad etgan bo‘lsa-da, u 15 mart kuni «kesib-sanchilgan jarohatlar» bilan kasalxonaga yotqizilgani ma'lum bo‘ldi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 15 martga o‘tar kechasi soat 1:55da Murod Muxamadusmonovich Xonto‘rayev Toshkent tibbiyot akademiyasi 3-klinikasiga xirurgiya bo‘limiga «kesib-sanchilgan jarohatlari» bilan murojaat qilgan.

Murod Xonto‘rayev klinikaga yetib kelgan militsiya xodimlariga o‘z uyi oldida ehtiyotsizlik natijasida yiqilib tan jarohati olganini, hech kim bilan urishmaganini ma'lum qilgan.

Oradan to‘rt kun o‘tib, 19 mart kuni mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Lekin jinoyat ishi kimga nisbatan qo‘zg‘atilganiga oydinlik kiritilmagan.

Bugun, 27 mart kuni GoSport nashri «Murod Xonto‘rayev yana pichoqlandi» sarlavhali xabar tarqatgandi. Ko‘p o‘tmasdan Murod Xonto‘rayev Instagramida bu xabarni rad etdi. 

Eslatib o‘tamiz, Xonto‘rayev 2018 yil davomida ham ikki marta pichoqlangan edi. U 2018 yil 21 iyunga o‘tar kechasi bir qator shaxslar bilan birgalikda Yunusoboddagi tungi klublardan birida «jamoat joyida yurish-turish qoidalarini buzgan, tartibsizlik qilgani» haqida xabar berilgandi. O‘shanda uning o‘zi tan jarohati (ko‘kragiga pichoq bilan zarba berilgan) bilan Yunusoboddagi 7-kasalxona (sobiq 17-shahar kasalxonasi)ga yotqizilgan, keyingi kuni militsiya tomonidan olib ketilgandi.

 2018 yilning 26 noyabr kuni Toshkent shahridagi «Toshkent savdo markazi» (sobiq Turkuaz) hududida yakkakurash sport turining aralash turi bo‘yicha jahon chempioni Murod Xonto‘rayev pichoqlab ketilgani xabar berilgandi.

Keyinchalik, internetda MMA jangchisi Murod Xonto‘rayevning ofisiga uyushtirilgan hujumga oid videolar tarqaldi.

Top