19:33 / 27.04.2019
5869

Superliga. «Lokomotiv» qatorasiga 5-marta g‘alaba qozondi

Bugun, 27 aprel kuni Superligada 6-tur doirasidagi navbatdagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.

Amaldagi chempion «Lokomotiv» bu turda «Qizilqum»ni qabul qilib, 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. 

Mezbonlar 3-daqiqadayoq hisobni ochishdi. Husniddin G‘ofurov qanotdan uzatgan to‘pini Jamshid Iskanderov to‘xtatmasdan darvozaga aniq yo‘lladi. 31-daqiqada Islom To‘xtaxo‘jayev kuchli zarba bilan hisobdagi farqni oshirdi va birinchi bo‘lim 2:0 hisobida yakun topdi.

62-daqiqada «temiryo‘lchilar» hujumchisi Temurxo‘ja Abduxoliqov penaltidan foydalana olmadi: uning zarbasini Artyom Makosin qaytarib qoldi. Bundan ruhlangan mehmonlar ko‘p o‘tmay hisobdagi farqni qisqartirishdi: Elguja Grigalashvilining zarbasidan keyin to‘p rikoshet holatida Yovan Jokichga tegib, darvozadan o‘rin oldi. Ammo oradan bir daqiqa ham o‘tmay, Abduxoliqov baribir gol urishga erishdi va tablodagi ana shu 3:1 hisobi o‘yin oxirigacha o‘zgarmay qoldi.

Endilikda «Lokomotiv» ochkolari sonini 15taga yetkazib, 6-tur o‘yinini hali o‘tkazmagan «Paxtakor»dan 2 ochkoga ilgarilab ketdi. Andrey Fyodorov jamoasi birinchi turda «sherlar»ga yutqazganidan keyingi 5ta o‘yinda ketma-ket g‘alaba qozonib kelmoqda. Bir durang natijadan keyingi oxirgi uchta o‘yinda yutqazgan «Qizilqum» esa 13-o‘rinda bormoqda.

Superliga, 6-tur
27 aprel. Toshkent, «Lokomotiv» stadioni. 867 tomoshabin
Lokomotiv – Qizilqum – 3:1 (2:0)
Gollar
: J.Iskanderov (3), I.To‘xtaxo‘jayev (31), T.Abduholiqov (71) – Y.Jokich (71 avtogol)
Amalga oshirilmagan penalti: T.Abduxoliqov (62, darvozabon)

Top