O‘zbekiston | 15:05 / 08.05.2019
11903
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston jahon bozoriga yangi mahsulot – quritilgan qovunni olib chiqishi mumkin

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston jahon bozoriga yangi mahsulot olib chiqishi kutilmoqda. Shu vaqtgacha O‘zbekiston dunyo mamlakatlariga ko‘p miqdorda qovun eksport qilgan. Endilikda tadbirkorlar quritilgan qovunni ham dunyo bozorlarida sotishlari mumkin.

Agar Jyenevada bo‘lib o‘tadigan BMTning Yevropa Iqtisodiyoti Komissiyasining navbatdagi yig‘ilishlarida mazkur loyiha ma'qullansa, nufuzli YeEK OON standarti bo‘yicha quritilgan qovun xalqaro bozorga chiqadi. Bu haqda «O‘zstandart» agentligi Standartlashtirish va davlat nazoratini muvofiqlashtirish boshqarmasi ma'lum qildi.

YeEK OON standartlari xalqaro tashkilotlar tomonidan tan olingan bo‘lib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan yangi uzilgan, quritilgan va quruq meva-sabzavotlar, urug‘li kartoshka, go‘sht, tuxum kabilarini o‘z ichiga olgan. Mazkur standart yuqori sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarish, xalqaro savdoni rivojlantirishga yo‘naltirilgan hamda ishlab chiqaruvchilar, savdo tashkilotlari, importyor va eksportyor korxonalar tomonidan qo‘llaniladi. 

Agentlik rasmiy saytida ma'lum qilinishicha, o‘tgan oyda Birlashgan Millatlar tashkiloti Yevropa Iqtisodiyot Komissiyasining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun tijorat standartlarini (YeEK OON) tadbiq qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan quritilgan qovunga xalqaro standart olish loyihasi va ushbu standartga izohli ma'lumotlar namoyish etilgan.

Mavzuga oid