8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

16:51 / 29.06.2019 10462

Alisher Qodirov: biz ta'lim va matbuot ikki xil yozuvda bo‘lgan tizimda yashab kelmoqdamiz

Kecha, 28 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosida 30 – iyun «Yoshlar kuni» munosabati bilan O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi bir guruh yoshlar hamda OAV vakillari  ishtirokida ochiq muloqot tashkil qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Unda siyosiy partiyaning yangi saylangan rahbari Alisher Qodirov yoshlar va jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob berdi. 

Tadbir davomida Kun.uz muxbiri tomonidan O‘zbekistonda bir muddat avval 2021 yildan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tishni ta'minlash bo‘yicha reja tasdiqlangani, ammo bu borada hamon sezilarli biror ish amalga oshirilmayotgani, jumladan, Milliy tiklanish partiyasi nashri hisoblangan “Milliy tiklanish” gazetasi hamon kirill yozuvida nashr qilinayotgani masalasida savol berildi.

«Tan olishimiz kerak, biz uzoq vaqt ta'lim va matbuot ikki xil yozuvda bo‘lgan tizimda yashab kelmoqdamiz. Menimcha, bunday sharmandali holat boshqa biror joyda bo‘lmasa kerak.

To‘g‘ri, buncha uzoq muddatdan keyin lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish bo‘yicha ishlar birdaniga bo‘lib qolmaydi. Bu borada katta yoshli insonlar, tashkilot xodimlaridan qarshiliklar bo‘lishi tabiiy. Ammo bu vaziyatda men doim yoshlar tarafida bo‘lganman», deydi partiyaning yangi saylangan rahbari.

Qodirovning aytishicha, partiya bu boradagi amaliy harakatni o‘zidan boshlamoqchi. 
«Jumladan, tez orada partiyamiz nashri «Milliy tiklanish» gazetasi to‘liq lotin yozuvida nashr etila boshlaydi. Nafaqat lotin yozuvida nashr etiladi, balki yangiliklarni o‘quvchiga yetkazish, format va boshqa masalalarda ham jiddiy o‘zgarishlarni rejalashtiryapmiz», deydi u.

Top