15:16 / 10.07.2019
46875
Surxondaryoda profilaktika inspektori va unga yordamchi posbon yuk mashina haydovchisini kaltaklashdi

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanining «Gazarak» mahallasida «To‘palang MG Holding» MChJga qarashli «MAN» rusumli yuk tashish mashinasi haydovchisi Abdusalom Nurovni «Chilonzor» mahallasining uchastka profilaktika inspektori Quvondiq Eshmirzayev va posbon Tursun Rahmatov kaltaklashgan. Bu haqda A.Nurovning o‘zi Kun.uz tahririyatiga murojaatida ma'lum qilgan.

Kun.uz tahririyati ixtiyoriga voqea ro‘y bergan vaqtda yozib olingan audioyozuv kelib tushdi. Unda kimdir A.Nurovni haqoratlab urgani, Nurovning yalinib rahm so‘ragani ovozlari tasvirlangan. Etika qoidalariga ko‘ra, uni e'lon qila olmaymiz.

Abdusalom Nurovning o‘zi Kun.uz muxbiriga bo‘lib o‘tgan voqeani quyidagicha hikoya qilib berdi:

«Men 24 iyun kuni soat 23:20larda tungi smenada, barcha hujjatlarga ega bo‘lib turib, «Gazarak» mahallasidagi stadion qurilishi uchun shag‘al olib borayotganimda yuqoridan oq tusli «Matiz» rusumli mashina uzoqni yorituvchi chiroqlarini yoqib tushib kela boshladi. Men ikki-uch marta chiroqni pasaytirishga o‘z avtomashinamni chirog‘i bilan ishora qildim. Biroq, «Matiz» haydovchisi ko‘zni qamashtiruvchi chiroqni pasaytirmadi. Shundan keyin «Matiz» yonimdan o‘tayotganida norozilik tariqasida signal chalib o‘tib ketdim.

Shundan so‘ng yukni to‘kayotgan chog‘imda «Matiz»dagi haydovchilar o‘sha yerga yetib borib, meni mashinadan tushirib, haqorat qilib ayovsiz kaltaklashdi. Ularning har ikkisi formada edi, ikkisi ham spirtli ichimlik ichib olishgandi, keyinchalik bilsam bazmdan qaytishayotgan ekan.

Qo‘shnilar chiqib ajrata olmadi. Bir soatlardan so‘ng boshlig‘imni chaqirtirib kelishdi. Boshlig‘im Salimov meni ularning changalidan ajratib oldi.

Men davlatning formasini kiyib olgan mushtumzo‘r zo‘ravonlarga qonunchiligimizda belgilangan jazo berilishini talab qilaman. Bundan ortiq da'vom yo‘q», —dedi A.Nurov.

O‘zining hikoya qilib berishicha, o‘sha kuni A.Nurov uyiga borib yotgan. Avvaliga bo‘lib o‘tgan voqea haqida hech kimga bildirmaslikka qaror qilgan. 25 iyun kuni ertalab o‘rnidan tura olmagach, bolalari «tez yordam» chaqirib, Sariosiyo tuman tibbiyot birlashmasiga olib borishgan. Bemorning so‘zlariga ko‘ra, uni bu yerda ekspertiza qilishdan bosh tortishgan, avvaliga hech qanday hujjat to‘ldirishmagan. Sariosiyo tuman IIB mazkur hodisani bosti-bosti qilishga uringan. Faqat A.Nurovning o‘zi va yaqinlari tomonidan prokuraturaga murojaat qilinganidan so‘nggina, 26 iyun kuni A.Nurov Denov tumanida ekspertizadan o‘tkazilgan, xususiy «Denov kardio Shifo» klinikasida bosh qismidan jarohat olgani, Denov tuman tibbiyot birlashmasida esa sakkizinchi qovurg‘aning yopiq sinishi tashxisi qo‘yilgan.

Biz jabrlanuvchi A.Nurov bilan 6 iyul kuni gaplashganimizda, shifoxonaga yotqizilganiga 10 kun bo‘lsa-da, hanuz hech kim holidan xabar olmayotgani, birorta tergov surishtiruv ishlari olib borilmayotganini ma'lum qilgan edi.

Sariosiyo tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Nuriddin Qodirovning Kun.uz muxbiriga bildirishicha, 1966 yilda tug‘ilgan, «Toqchiyon» MFY «Marjona» mahallasida istiqomat qiluvchi A.Nurov 2019 yil 25 iyun kuni soat 14:00da tuman tibbiyot birlashmasiga keltirilgan va qayddan o‘tkazilgan. Tegishli tarzda tibbiyot bayonnomasi tuzilib, shifoxonaga yotqizilgan. Barcha tekshiruvlardan o‘tkazilgan. Rentgenga tushirilgach, chap tomonlama 8-qovurg‘aning sinib siljishi — yopiq sinishi tashxisi qo‘yilgan. Miya chayqalishi tashxislanmagan. Yetkazilgan jarohat o‘rtacha og‘irlikdagi hisoblanadi. N.Qodirovning aytishicha, bunday holatlarda shoshilinch xabarnoma beriladi va bu holatda ham shunday xabarnoma IIBga berilgan. So‘ngra bemor Denov tuman tibbiyot birlashmasida ekspertizadan o‘tkazilgan.

«Bemor ikki kun shoshilinch tez yordam bo‘limida yotganidan so‘ng, keyin umumiy jarrohlik bo‘limiga o‘tkazilgan va davolanish kursini o‘tashda davom etmoqda. Barcha tahlillar olingan, boshqa ichki kasalliklari ham aniqlanib, qo‘shimcha kasalliklaridan ham forig‘ etish ustida ishlayapmiz», — dedi N.Qodirov.

Biz mazkur masala yuzasidan Surxondaryo viloyati IIB matbuot xizmatiga murojaat qilganimizda mazkur voqea haydovchi tomonidan tasvirlanganidan biroz boshqacha bo‘lgani ta'kidlanib, hozir ish bilan prokuratura shug‘ullanayotgani ma'lum qilindi, xolos. Ish bo‘yicha boshqa birorta aniqlashtiruvchi tafsilot taqdim etilmadi.

Voqea ishtirokchilaridan narigi tarafning versiyasini tinglash uchun Quvondiq Eshmirzayevga qo‘ng‘iroq qilib bog‘lana olmadik.

Ayni paytda bizga ma'lum bo‘lishicha, Sariosiyo tuman prokuraturasi mazkur ish yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib bormoqda, voqea ishtirokchilari va guvohlar so‘roqqa tutilgan, voqea yuz bergan joy borib o‘rganilgan.

Mazkur voqea nima bilan tugashi, aybdorlar aniqlanishi va ularga qanday jazo qo‘llangani haqida kelgusida qo‘shimcha ma'lumotlar taqdim etamiz.

Shuhrat ShOKIRJONOV,

Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top