12:30 / 25.07.2019
29662

Vazirga e'tiroz: «Ona tili va yozuvni texnologiyaga emas, texnologiyani til va milliy yozuvga moslashtirish shart!»

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov biroz oldinroq jurnalist Kirill Altmanga bergan intervyusida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini isloh qilish masalasida fikr bildirib, bu islohotga qarshi ekani haqida gapirgandi.

«To‘g‘risini aytganda, men bunga qarshiman. Lotin alifbosini isloh qilishning keragi yo‘q. Bizning lotin yozuviga to‘liq o‘tmaganligimiz uning mukammal emasligidanmas. Agar istasak shundoq ham o‘tishimiz mumkin edi. Hattoki qandaydir ekspertlar taklif qilayotgan bir nechta belgini qabul qilgan taqdirimizda ham lotin alifbosiga to‘liq o‘tishimizga kafolat yo‘q. Ammo mana shu bir nechta belgini qabul qilish barcha darsliklarni boshqatdan nashr qilishga olib keladi. Bu — milliardlar degani. Va biz yana bir necha avlodni yo‘qotamiz. Men «aytichi» (IT) sifatida ortiqcha harflarga qarshiman. Ya'ni, standart inglizcha klaviatura bor. Mana shu klaviatura doirasida ishlash kerak. Agar juda sodda qilib aytadigan bo‘lsak. Tamom. Bizda esa albatta turkcha belgilar, yana nimadir qo‘shishadi. Buning nima keragi bor?», - degandi vazir.

Xalq ta'limi vazirining «Lotin alifbosini isloh qilishning keragi yo‘q» degan fikriga qat'iy e'tiroz bildiramiz. Butun bir xalqning ta'limi va tarbiyasi boshida turgan rahbar nahotki islohotlarda millat kelajagini, yozuvning ona tili tabiatiga mos bo‘lishini emas, faqat «milliardlar»ni ko‘radi? Agar bu tamoyilga tayanadigan bo‘lsak, bugun qilinayotgan juda ko‘plab islohotlarga qo‘l urmasligimiz kerak bo‘lar edi. Aytaylik, butun mamlakatimiz bo‘ylab qurilgan ko‘p sonli kasb-hunar kollejlari o‘zini oqlamagach, ularning juda katta qismidan voz kechildi. Holbuki, ularning binolarini qurishga, moddiy-texnik bazasini shakllantirishga, darsliklarini chop etishga va boshqa tashkiliy-ma'rifiy ishlari uchun ozmuncha mablag‘ sarflanganmidi?!

Mamlakatimizda bugungi islohotlar uzoq kelajakni o‘ylab amalga oshirilayotganini yaxshi bilamiz. Qabul qilinayotgan qarorlar, rasmiy hujjatlardan ko‘zlangan maqsad – sohalardagi mavjud kamchiliklarni imkon qadar tezroq tugatish istagidir. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov hamda Prezident maslahatchisi X.Sultonov tomonidan 2018 yil 15 mayda imzolangan «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish va yanada takomillashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasi» ham shu maqsadga xizmat qiladi. Uning birinchi bandida «O‘zbekiston Respublikasining «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida» qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi 1995 yil 6 maydagi qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida»gi 1995 yil 24 avgustdagi qarorini takomillashtirish topshirig‘i belgilangan. Yuqoridagi suhbatda tilga olingan «qandaydir ekspertlar» ham aynan shu nufuzli hujjat asosida ish olib borishyapti – o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib, shunchaki ishlayotganlari yo‘q.

Harakatlar rejasida muhim masalalar, ularning ijro mexanizmi va mas'ullari belgilangan. Jumladan, uning 8ta bandida Xalq ta'limi vazirligi zimmasiga ham jiddiy vazifalar yuklatilgan. Demak, yozuv va imlo islohoti jarayonida vazifalarning salmoqli qismi Xalq ta'limi vazirligi zimmasiga tushadi. Xo‘sh, vazirlik ushbu Harakatlar rejasida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash bo‘yicha qanday ishlarni amalga oshirmoqda?

«Alifbo o‘zgarsa, chop etilgan darsliklar nima bo‘ladi?» deb tashvishlanishga hojat yo‘q. Sababi, alifboni butunlay emas, bor-yo‘g‘i undagi to‘rtta harfni isloh qilish haqida gap ketmoqda. Qolaversa, maktab darsliklari shusiz ham har uch yilda yangidan nashr etiladi. Va agarda alifbo o‘zgargan taqdirda ham, darsliklar nashrini bosqichma-bosqich amalga oshirish mumkin.   

Yozuv kelajak avlodning bilimi, tafakkuri, millatning tiynati, ma'naviyatiga o‘ta jiddiy ta'sir ko‘rsatadi. Alifboning takomili, qulayligi, tilda mavjud tovushlarni imkon qadar qamrab olishi, millat tilining barcha xususiyatlariga mos bo‘lishi oldida boshqa masalalar ikkilamchidir. Agar amaldagi alifbo qulay va mukammal bo‘lganida, keng jamoatchilikning, jumladan, soha mutaxassislarining, ilg‘or va malakali, jonkuyar o‘qituvchilarning qat'iy va jiddiy e'tiroziga sabab bo‘lmasdi.

Xalq ta'limi vaziri «Men «aytichi» (IT) sifatida ortiqcha harflarga qarshiman» demoqda. Holbuki, til va yozuvni texnologiyaga emas, texnologiyani ona tili va yozuviga moslashtirish – oddiy mantiq talabi. O‘zini, ona tilini hurmat qiladigan barcha millatlar shu tamoyilga amal qilishadi. Bo‘lmasa, lotin yozuvidan foydalanadigan dunyodagi ko‘p sonli millatlar ovora bo‘lib milliy alifbolariga turli qo‘shimcha belgili harflarni kiritmagan bo‘lardi. O‘zlarining «aytichi» mutaxassislari fikriga quloq solib, yozuvlarini ingliz alifbosiga moslashtirib olgan bo‘lishardi, vassalom. Umuman olganda, ona tili va yozuvi haqida gap ketganida, «aytichi» bo‘lish hal qiluvchi so‘zni aytishga vakolat bermaydi. Chinakam axborot texnologiyalari mutaxassisining vazifasi – ona tili tabiatiga mos alifboni joriy etishga texnik jihatdan taklif berishdir.

Alifbo islohiga qarshi bo‘lganlar uning o‘qish va yozishga qulay yoki noqulay bo‘lishi borasida emas, islohot tufayli o‘zlariga ortiqcha tashvish tug‘ilishi haqida o‘ylayaptilar, nazarimizda. Holbuki, har qanday islohot jonkuyarlikni, o‘zingning ustingda ishlashni talab etadi.

Yana bir gap: vazir ta'kidlaganiday, ekspertlar tomonidan taklif qilingan ikkita harf (Ç, Ş) hech ham «turkcha belgilar» emas. Ular bizning millatparvar, ma'rifatparvar jadidlarimiz yuz yil oldin turkiy alifboga kiritgan belgilardir. Buni bilish uchun turkiy xalqlarning yozuv tarixi bilan yaqindan tanishish kifoya. Ma'lumki, sobiq sho‘ro ittifoqi tarkibidagi turkiy xalqlarning Yanalif deb nomlangan lotin alifbosiga o‘tishi masalasi haqidagi jiddiy qaror 1926 yilda Boku shahrida bo‘lib o‘tgan turkologlarning 1-s'yezdida ma'qullangan edi. O‘sha alifbodan bugun ekspertlarimiz taklif etayotgan belgilar ham o‘rin olgan. Markaziy Osiyo xalqlari orasida birinchilardan bo‘lib lotin alifbosining qulayligi, dunyo bilan bo‘ylashish uchun zarurligini anglagan ziyolilarimiz sa'y-harakati bilan 1929 yilda Turkiston o‘lkasi uchun yangi milliy alifbo qabul qilingandi. Yuqoridagi ikki belgi ana shu alifbo tarkibidan olingan.

Isloh qilinishi taklif etilayotgan yana ikkita harf (O‘ va G‘) tufayli yurtimizdagi barcha yozuvlar g‘ij-g‘ij xatoga to‘lib ketdi. Chunki ularni to‘g‘ri yozish shu qadar mushkulki (O‘ va G‘ harflari yoniga qo‘yiladigan ‘ belgisi klaviaturadagi ALT+0145 tugmalarini bosish evaziga yoziladi), bu muammolar aynan standart ingliz tili klaviaturasidan foydalanib qo‘ya qolish istagidan yuzaga kelgan. Ko‘pchilik O‘ va G‘ harflaridagi belgilar bilan tutuq belgisini farqlay olmay, boshqa belgilar qo‘yib yozadilar. Hatto yaxshi mazmundagi kitoblarni nashr etadigan ayrim nashriyotlarda ham shu ahvol.

Alifbo muammosining og‘rig‘ini kundalik amaliyotda o‘zbekcha matnlarni lotin yozuvida qog‘ozga tushiradigan yoki kompyuterda teradigan kishigina o‘z tanasida his qila oladi. Xulosa shuki, biz o‘z xalqimizning savodxon bo‘lishini, yozuvimiz o‘qish va yozishga, eng muhimi, ona tilimiz tabiatiga mos bo‘lishini istasak, amaldagi alifboni Harakatlar rejasida belgilangan muddat, ya'ni shu yildan kechiktirmasdan isloh qilishimiz shart!

Odamga ta'sir qiladigan jihat shuki, bundan salkam yuz yil oldin – 1922 yilda ma'rifatparvar pedagog Shokirjon Rahimiy tomonidan aytilgan quyidagi gaplar bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q: «Har qaysi ulus adabiyotining tugallashmasi shu ulusning til va yozuvining tartiblik va yo‘sunlik bo‘lishiga bog‘liqdir. Tartibsiz va qoidasiz til, yozuv bo‘yicha tuzilgan adabiyotning bir kun emas bir kun bitishiga hech gumon yo‘qdir. Til jon bo‘lsa, yozuv uning badanidir. Sog‘ bo‘lmag‘on bir tanda jonning yashamog‘i qiyindir. Bizning yozuvimiz kasal. Buning ilojiga tezdan kirishilmasa, ish xavflidir».

Onasi kasal farzand borini sotib bo‘lsa ham uni tuzatishga, davolashga harakat qiladi. Kerakli dorini qimmat ekan deb jim qarab o‘tirmaydi. Tilimiz ham, ko‘p bora ta'kidlangani kabi, bizga onamiz qadar muqaddas... Qolaversa, mablag‘ iqtisodi haqida gap ketganda bitta faktni qistirib o‘taylik: agar bizga muammo tug‘dirayotgan, juft belgilardan tarkib topgan O‘, G‘, Sh va Ch harflarini isloh qilib, ularning o‘rniga yaxlit harflarni qabul qilsak, millionlab adadda chop etilayotgan kitob, qo‘llanma, darslik, gazeta-jurnal va boshqa vositalardagi matnlar ham hajman keskin qisqarib, kelajakda milliardlab mablag‘larning tejalishiga zamin yaratgan bo‘lamiz.

Aslida islohdan bosh maqsad – faqat tejamkorlikni o‘ylash emas, balki o‘zbek tiliga Davlat tili degan yuksak maqom berilganiga 30 yil to‘lgan ushbu muborak pallada ona tilimizning libosi bo‘lgan yozuvimizni uning ruhiga mos qilib olishdir. Bunday qutlug‘ masalada biryoqlama xulosa, hukm chiqarib bo‘lmaydi.

Taqdim etilgan alifboga yana zarur o‘zgartirishlar kiritish, Ts harfining kirishi va NG harf-birikmasining chiqarilishi, unlilar ifodasi kabilarni qayta ko‘rib chiqib alifbomiz masalasini hal qilish shart.

Alifboning kechikishi chala-chulpa va ko‘p nomutanosibliklar bilan qabul qilingan imlo qoidalarimizni tuzatishni ham kechiktirmoqda. Bizda imlo qoidalari ham, albatta isloh qilinishi shart. Bu – ko‘plab mutaxassislar, tilshunos olimlarning fikri.

P.S.: Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini isloh qilish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh yangilangan alifbo variantini keng jamoatchilikka taqdim etdi. Xo‘sh, bu alifbo loyihasi qachon, qayerda va qay tarzda ko‘rib chiqiladi? Ona tilimiz va yozuvimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimiz, ziyolilar ushbu savollarga javob kutyapti. O‘ylaymizki, bu savollarga tez orada mas'ul idora va vakolatli shaxslar o‘z amaliy harakatlari bilan javob beradilar.

Ma'mura Zohidova,

Filolog, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi

Mavzu
Lotin va kirill imlosi

O‘zbekiston lotin alifbosida qolgani yaxshimi yoki kirill alifbosiga qaytish kerakmi? Ayni vaqtda o‘zbekistonliklar shu mavzuni keng muhokama qilmoqda.

Barchasi
Top