17:10 / 06.08.2019
32287
Toshkent hokimi o‘rinbosari: «SSRdan meros – kim qayerga nima xohlasa qurib tashlayvergan»
Foto: KUN.UZ

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, mazkur partiya vakili Elbek Shukurov o‘zboshimchalik bilan qurib olingan obektlar hamda qonunga xilof ravishda qurilgan binolar xususida fikr bildirib o‘tdi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar bermoqda.

“Sobiq Sovet ittifoqidan meros – kim qayerga nima xohlasa qurib tashlayvergan. Men oddiy misol sifatida aytaman, “zapravka”dan 500 metr atrofda aholi yashash joyi, ovqatlanadigan joy bo‘lishi mumkin emas. Lekin qayerda shu narsaga amal qilinganini ko‘rgansizlar shaharda (Toshkent shahri - tahr.)? “Zapravka”ning oldida xonadon ham bor, boshqa tadbirkorlik sub'yektlari ham bor. Qonunda mumkin emas. Boshida tadbirkor shu joyga ruxsat olishga borganida hokimiyat yoki davlatning tegishli organi “yo‘q” degan bo‘lsa kerak. Keyin yana uning baribir ruxsatini olish uchun tanish-bilish “surib” yoki pulini berib maqsadiga erishadi. Mana endi qonuniylikka rioya qilinib, endi buzamiz deb kelgan paytda tadbirkorlar hamma yerga jar solish holati ham bor. “Snos”lar o‘zi nimadan boshlandi? Suvning bo‘yida norma bo‘yicha, qonunchilik asosida, 50 metr masofada uy ham tadbirkorlik sub'yekti ham bo‘lishi kerak emas. Lekin bizda hamma joyga qurib tashlangan. Uni agar buzamiz desak yana o‘sha “snos” masalasi ko‘tariladi”, - dedi u.

Shuningdek, Elbek Shukurov ayrim insonlar tomonidan o‘zlari yashagan yoki faoliyat yuritgan hududga yuqori baho so‘ralganini ham ta'kidlab o‘tdi.

“Butun aholi yalinyapti, shu tadbirkorga yoki xonadonga, “uyimiz eskirib ketgan, hammamizni rozi qildi, iltimos sen ham rozi bo‘lgin” deyapti. “Yo‘q, 4 sotix yerimga 1 mln. dollar xohlayman” deydi. Bunaqa holatlar ham bor. Bizda hozirda eng katta bo‘layotgan xato, to‘g‘ri tushuninglar, tuman hokimiyati darajasida ham bizlarga o‘xshab qonunchilikni yaxshi tushunadigan, ertalabdan har bir qarorni o‘qib qo‘yadigan mutaxassislar yo‘q. “Kompetentnyy” bo‘lmasligi mumkin.  Shu holatlarda hurmatli deputatlar, tuman kengashlarining asosiy vazifasi qilayotgan xatti-harakatini mas'ulga tushuntirish. Shu nuqtai-nazardan har bir harakatda uni umumiy “snos” shaklida emas. Har bir holatni alohida-alohida baholash nuqtai nazaridan ko‘rishimiz kerak. Men hokimiyatlarni umuman oqlayotganim yo‘q. Partiyamizning pozitsiyasi qat'iy bo‘lishi kerak. Lekin ba'zi boshqa hamkasblarimiz nuqtai-nazaridan faqat piarga ham o‘tib olishimiz kerak emas”, - dedi E. Shukurov.

Shu bilan birga, hokim o‘rinbosari Elbek Shukurov nimani nazarda tutgani bir qadar tushunarsiz.

Birinchidan, SSR vaqtida barcha avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari davlat tomonidan qurilgan. Xuddi hozirda bo‘lgani kabi, yoqilg‘i, gaz va elektr energiyasi sotuvi qattiq nazorat ostida bo‘lgan. Resurslarning butun bozori davlat monopoliyasida edi. SSRda xususiy sektor faoliyati qattiq nazorat hamda taqiqda bo‘lgan.

Ikkinchidan, tadbirkorlar O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarini qura boshlashgan, ya'ni 1991 yildan. Aynan 90-yillardan so‘ng poytaxtda AYoQSh soni ham ortgan.

Top